O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Oʻzbek-tojik chegarasida yana bir oʻtkazish punkti ochildi
2019-03-04 | Jamiyat
Soʻnggi ikki yil davomida Oʻzbekiston – Tojikiston munosabatlarining rivoji jadal surʼat kasb etib, strategik sheriklik darajasigacha koʻtarildi.
Bunda, eng avvalo, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Tojikiston Respublikasiga 2018-yil mart oyida amalga oshirgan tarixiy davlat tashriflari muhim rol oʻynadi.
Ayni shu tashrif arafasida 2018-yilning 1-martidan boshlab, mamlakatlarimiz oʻrtasida oʻzaro vizasiz tartib joriy etildi, davlat chegarasidagi 9 ta oʻtish punktlarining faoliyati qayta tiklandi. Chegaradosh hududlar oʻrtasida muntazam almashinuvlar yoʻlga qoʻyildi.
Oʻzbekiston va Tojikiston xalqlari farovonligiga qaratilgan koʻp asrlik doʻstlik va yaxshi qoʻshnichilik munosabatlarini bundan buyon ham kengaytirishga va mustahkamlashga qaratilgan chora-tadbirlar muntazam davom ettirilmoqda.
Bugun Surxondaryo viloyati Uzun tumani “Bogʻdara” qishlogʻida oʻzbek-tojik xalqlarini bogʻlovchi yana bir oʻtkazish punkti - “Bobotogʻ” chegara bojxona punktining tantanali ochilishi ham yuqoridagi fikrimiz tasdigʻidir.
Bu yerda istiqomat qiluvchi aholi qoʻshni davlat boʻlsa-da, shundoqqina yonginasida, chaqirsa ovozi yetgudek masofada yashayotgan qavmu-qarindoshlarining holidan xabar olish uchun 110 .km. olisdagi “Sariosiyo” chegara-bojxona postiga borishar, Tojikiston boʻylab esa yana 40-50 km. yoʻl bosishar edi.
“Bobotogʻ” chegara-bojxona punktiga tutash hududda Tojikistonning “Hisor” chegara-bojxona postining ochilgani qoʻshni davlatning “Hisor” va “Roʻdakiy” tumanlarida istiqomat qiluvchi aholining ham quvonchiga sabab boʻlmoqda. Chunki, bu hududlarda istiqomat qilib kelayotgan ikkala xalqlar azaldan etu tirnoq, bir tanu bir jon boʻlib yashab kelishmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 28-avgustdagi “Oʻzbekiston Respublikasi hamda Tojikiston Respublikasi oʻrtasidagi ikki tomonlama strategik hamkorlikni yanada kengaytirish va mustahkamlash choralari toʻgʻrisida” PQ-3923 son qarori ijrosi doirasida “Bobotogʻ” chegara bojxona postini bunyod etish borasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirildi.
Postda jismoniy shaxslar, tovar va transport vositalarining qisqa muddatda va samarali ravishda bojxona nazoratidan oʻtkazish uchun barcha sharoitlar muhayyo qilingan. Bu borada 300 mln. soʻmlik bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Postga eltuvchi yoʻllarga asfalt yotqizilib, yoritqichlar oʻrnatildi, yon- atrof koʻkalamzorlashtirildi.
Shuningdek, bu yerda chegarachilar, oʻsimliklar karantini, sanitariya epidemiologiya, veterinariya nazorati mutaxassislari, sugʻurta xizmatlarini koʻrsatish uchun ham yetarli sharoitlar muhayyo qilindi.
Bir soʻz bilan aytganda “Bobotogʻ” chegara bojxona posti Muhtaram Prezidentimiz tomonidan tashqi siyosatda xalqimiz manfaatlarini koʻzlab yuritilayotgan doʻstona islohotlarning navbatdagi amaliy ramzi boʻlib xizmat qiladi.