O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Yaponiyadagi vatandoshlarimiz tomonidan Oʻzbekistonning turizm salohiyatini targʻib qiluvchi qator tadbirlar tashkil etildi
2019-03-04 | Turizm
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar bilan hamkorlik sohasida Oʻzbekiston Respublikasi davlat siyosatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosini taʼminlash maqsadida, Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi tomonidan xorijdagi vatandoshlar bilan hamkorlikda Oʻzbekistonning turizm salohiyatini keng targʻib qilish mexanizmi yoʻlga qoʻyildi.
Yaponiyada Oʻzbekistonga sayohat qilish istagida boʻlganlar sonini koʻpaytirish, yapon aholisini, ayniqsa yoshlarini mamlakatimiz va uning turizm imkoniyatlari bilan yaqindan tanishtirish maqsadida, vatandoshlarimiz tomonidan bir qator targʻibot tadbirlari oʻtkazilib kelinmoqda. Tadbirlar davomida Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi tomonidan taqdim etilayotgan Oʻzbekistonning turizm salohiyatini aks ettiruvchi targʻibot materiallari, jumladan videoroliklar, rasmlar va boshqa vositalardan foydalanishmoqda.
Yaponiyaning Nagoya shahrida istiqomat qiluvchi vatandoshimiz, Nagoya iqtisodiyot universiteti talabasi, “Earth Design” turizm kompaniyasi xodimi Mirjalol Mengboyev, Kiyosu shahrida dunyo madaniyati va taomlariga bagʻishlangan “13-Xalqaro bazm” festivalida Oʻzbekiston nomidan ishtirok etib, Hindiston, Indoneziya, Ekvador, Koreya, Xitoy, Tailand, Rossiya, Mongoliya kabi mamlakatlar vakillari qatnashgan tadbirda Oʻzbekistonning turizm salohiyatini namoyish etdi.
“Tadbir juda iliq va samimiy ruhda oʻtdi. Milliy toʻn va doʻppimizni koʻrgan tadbir ishtirokchilari mamlakatimizga katta qiziqish bildirishdi hamda suratga tushishni iltimos qilishdi. Milliy raqslarimiz, jumladan Andijon polkasiga raqsga tushganimiz esa barchaga birdek manzur boʻldi. Tadbirda ishtirok etgan ommaviy axborot vositalari xodimlari Oʻzbekistonga katta qiziqish bildirishib, Yaponiya televideniyelari muxbirlari oʻz telekanallari orqali Oʻzbekiston haqida koʻrsatuv namoyish qilishlarini maʼlum qilishdi” – deydi Mirjalol Mengboyev.
Yaponiyaning Fukuoka shahrida istiqomat qiluvchi vatandoshimiz, “Fukuoka xalqaro markazi” Xalqaro oʻqituvchilar jamoasining Oʻzbekiston boʻyicha vakili Maxbuba Kamolova tomonidan, Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi bilan hamkorlikda Fukuoka shahridagi Nakaminami maktabida hamda “Minnami Shogakkuni” taʼlim muassasasida talabalar va ularning ota-onalari uchun Oʻzbekistonning turizm salohiyatini targʻib qilishga qaratilgan tadbirlar tashkil etildi.
“Maxbuba Kamolova bizning maktabimizga kelib, Oʻzbekiston haqida juda ham qiziqarli dars oʻtib berdi. Shu kungacha maktab oʻquvchilari Oʻzbekiston qayerda joylashganligi, qanday yurt ekanligi haqida umuman tasavvurga ega emasdi. Oʻzbekiston madaniyati, milliy kiyimlari, taomlari, tarixiy shaharlari haqida maʼlumot berib, Yaponiyalik yoshlarga oʻzbek tilini ham oʻrgatdi. Yaponiya va Oʻzbekistonning bogʻliqlik tomonlarini aytib berdi, biz va yoshlar uchun juda qiziq boʻldi” – deydi maktab oʻqituvchisi Baba Aki.
“Oʻzbekiston xalqining boy urf-odat va anʼanalari, milliy liboslari, tarixiy shaharlari, milliy taomlari va betakror tabiati haqida koʻplab maʼlumotlarga ega boʻldik. Albatta imkon topib, Oʻzbekistonga tashrif buyuraman” – deydi Yaponiyalik oʻqituvchi Mori Omura.
Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi va Yaponiyadagi vatandoshlarimiz tomonidan 2019 yil davomida Oʻzbekistonning turizm salohiyatini yanada kengroq targʻib qilish boʻyicha qator tadbirlar tashkil etish rejalashtirilgan.
Shuni alohida taʼkidlash joizki, mamlakatimizning turizm salohiyatini oʻzlari istiqomat qilayotgan mamlakatlarda targʻib qilish borasida Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi bilan hamkorlik qilish istagini bildirayotgan xorijdagi hamyurtlarimiz soni toboro koʻpayib bormoqda.