Oliy Majlis Senati yalpi majlisida “Hukumatni shakllantirish tartibi demokratlashtirish va uning masʼuliyati kuchaytirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida“gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni maʼqullandi.
Qonun hukumat ishini tashkil etishni tubdan yaxshilash, ijro etuvchi hokimiyat organlarining bugungi kun talabiga javob beradigan, sifat jihatidan yangi tizimini shakllantirishga qaratilgan.
Unga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi aʼzolari nomzodi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi majlisida koʻrib chiqilib, maʼqullanganidan keyingina Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tasdiqlanish tartibi joriy etilmoqda.
Barcha darajadagi ijro etuvchi hokimiyat organlari va ular rahbarlari faoliyatini aniq koʻrsatkichlarga erishishga hamda iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha va boshqa sohalarni strategik rivojlantirishning yaqin, oʻrta va uzoq muddatli istiqbolga moʻljallangan dasturlari amalga oshirilishi sifati va samaradorligiga asoslangan holda baholash tizimi yaratiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisga Murojaatnomasidan kelib chiqadigan, tegishli yilga moʻljallangan davlat dasturi bajarilishi yuzasidan har chorak yakuni bilan hisobot taqdim etib borishlari toʻgʻrisidagi tartib joriy etilmoqda.
Soʻzga chiqqanlar qonunning qabul qilinishi hukumat faoliyati ustidan parlament nazoratini kuchaytirishga, Vazirlar Mahkamasini shakllantirishning demokratik tartib-taomillarini taʼminlashini taʼkidladi.
Abulaziz Musayev, OʻzA