O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Xorijiy ekspertlar ishtirokida mehmonxona biznesini rivojlantirish boʻyicha seminar tashkil etildi
2019-02-26 | Turizm
Samarqand shahridagi yoshlar ittifoqi binosida viloyat hokimligi turizmni rivojlantirish departamenti va AQSHning Amerika mehmonxona instituti (American Hotel & Lodging Educational Institute) bilan hamkorlikda seminar oʻtkazildi.
Seminarni “American Hotel & Lodging Educational Institute”ning xalqaro aloqalar boʻyicha vitse-prezidenti Castli Ahmad boshchiligidagi moderatorlar olib borishdi. Mehmonxona ishini rivojlantirishga qaratilgan mazkur seminarda mehmonxona rahbarlari, menedjer va boshqa soha mutaxassislari ishtirok etishdi. Seminar ishida Amerika mehmonxona xoʻjaligi assotsiatsiyasining faoliyat yoʻnalishlari, mehmonxona biznesini toʻgʻri yuritishga qaratilgan qator masalalar muhokama qilindi. Seminar ishtirokchilariga taqdimot slaydlari va videolavhalar orqali mehmonxona biznesidagi asosiy jarayonlar koʻrsatib berildi.
Shuningdek, kelgusida viloyat hokimligi turizmni rivojlantirish departamenti bilan hamkorlikda Samarqand turizm va xizmat koʻrsatish kolleji, “Ipak yoʻli” xalqaro turizm universiteti va Samarqand iqtisodiyot va servis instituti kabi taʼlim muassasalarimiz bilan hamkorlik qilish, shuningdek, xalqaro sertifikat olish uchun talabalar oʻrtasida maxsus kurslarni oʻtkazish rejalashtirildi.