O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Tadbirkorlarga koʻmak va maslahat berilmoqda
2019-02-25 | Iqtisodiyot
Samarqand viloyati hokimligi va boshqa hamkor tashkilotlar ishtirokida tuzilgan ishchi guruhlar tomonidan soliq islohotlarini amalga oshirish jarayonida tadbirkorlik subyektlari tomonidan soliq qonunchiligiga rioya etilishini profilaktika qilish maqsadida yalpi pasportlashtirish (koʻzdan kechirish hamda soʻrov oʻtkazish) tadbirlari oʻtkazilmoqda.
Ishchi guruhlar tomonidan “Samarqand Siyob savdo” majmuasi hududida hamda Samarqand-Buxoro va Samarqand-Toshkent yoʻnalishlaridagi avtobekatlarda oʻtkazilgan pasportlashtirish jarayonida xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan 463 ta kamchiliklarga yoʻl qoʻyilib kelinayotganligi aniqlandi. Jumladan, 26 ta holatda hujjatsiz faoliyat yuritish, 9 ta holatda faoliyat turi guvohnomaga mos kelmasligi, 8 ta holatda nazorat kassa mashinalari oʻrnatilmaganligi, 10 ta holatda xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan bankda oʻz hisob raqamini ochmaganligi, 33 ta holatda toʻlov terminallari oʻrnatilmaganligi, 175 ta holatda ijara shartnomasi tuzmasdan faoliyat yuritib kelinayotganligi, 21 ta holatda kadastr hujjatlari rasmiylashtirilmaganligi va 181 ta holatda tadbirkorlar tomonidan norasmiy yollanma ishchilarni ishlatayotganlik kabi holatlar aniqlandi.
Ushbu tadbirlar xoʻjalik subyektlarini tekshirish bilan umuman bogʻliq emas. Asosiy maqsad tadbirkorlarga soliq qonunchiligiga rioya etishlariga koʻmak va maslahat berishdir.
Mazkur tadbirlar chogʻida ishbilarmonlik subyektlariga nisbatan hech qanday maʼmuriy hamda moliyaviy jarimalar qoʻllanilmadi. Joriy yilning 23 fevraliga qadar 263 ta holatda xoʻjalik yurituvchi subyektlarning kamchiliklari hamkorlikda bartaraf etilishi taʼminlandi.