O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
XTV maktablarda zoʻravonlikni oldini olish maqsadida loyihalar amalga oshirmoqda
2019-02-25 | Ta’lim
2019-yildan boshlab Xalq taʼlimi vazirligi umumiy oʻrta taʼlim maktablarida zoʻravonlikni oldini olish maqsadida loyihalarni amalga oshirishni boshladi.
Jumladan, “Maktablarda zoʻravonlikni oldini olish va ijobiy psixologiyani oʻqitish metodikasi” loyihasi oʻtkazilishi rejaga kiritildi.
Mazkur besh oylik loyihani amalga oshirishda AQSHlik professor Lori Vulf ishtirok etadi. Professor AQSHda ijobiy psixologiya sohasi mutaxassisi, bir qator ilmiy nashrlar va professional taqdimotlar muallifi. Vulf xonim bolalar va oʻqituvchilar oʻrtasida stressni boshqarish, shuningdek, bolalarda stress holatini aniqlashga ixtisoslashgan ekspert. Lori Vulf AQSHning turli taʼlim muassasalarida faoliyat yuritgan.
Loyiha maktablarda oʻquvchilarning emotsional holatini aniqlash va ijobiy psixologiya metodini oʻqitish orqali bullingni oldini olish va unga qarshilikni oshirishga qaratilgan.
2019-yilning iyul oyiga qadar pozitiv psixologiya metodi Toshkent shahridagi toʻrtta maktabda hamda Nukus, Buxoro, Samarqand va Namangandagi Xalq taʼlimi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazlarida sinovdan oʻtkaziladi.
Asosiy eʼtibor yurtimizdagi maktablarda ruhiy tushkunlikka tushgan bolalarni aniqlash, shuningdek, oʻqituvchi va psixologlar uchun tashkil etilgan trening va mashgʻulotlar orqali stressni yengib oʻtishiga koʻmak berishga qaratiladi. Shu bilan birga, loyiha oʻqituvchilarga ham stress va ishdan “sovish” holatlarini oldini olishda yordam beradi.
Mazkur loyiha doirasida ishtirokchilar imtihon paytida va hayotlarida stressni yengib oʻtishga qaratilgan trening, seminar va turli mashgʻulotlarda ishtirok etadilar.
Loyiha muvaffaqiyatli amalga oshirilsa ijobiy psixologiya metodi Xalq taʼlimi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazlarining oʻqituvchilar va psixologlarini oʻqitish dasturlariga joriy etish rejalashtirilgan.
Yanvar oyida Vazirlik YUNЕSKO bilan hamkorlikda umumiy oʻrta maktablarda zoʻravonlikni oldini olish loyihasini amalga oshirishni boshladi. Loyiha 2019-2020-yillarda amalga oshiriladi va zoʻravonlikni oldini olishga bagʻishlangan oʻquv materillarini Oʻzbekiston sharoitiga va qonunchiligiga moslashtiriladi. Loyihada yevropalik mutaxassislar ishtirok etishi rejalashtirilgan.
Shu bilan birga, XTV @xtvabbot botini ishga tushirgan boʻlib, bot yordamida zoʻravonlik va agressiyaga oid ota-onalar, oʻqituvchi va oʻquvchilar savollariga javob berilmoqda.