O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Yoʻl harakati xavfsizligi deputatlik korpusi nazoratida

2019-02-22 | Jamiyat

Joriy yilning 22-fevral kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasining 2018 — 2022-yillarda Oʻzbekiston Respublikasida yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash konsepsiyasi ijrosiga bagʻishlangan yigʻilishi oʻtkazildi. Unda Ichki ishlar vazirligi, Davlat yoʻl harakati xavfsizligi xizmati, Markaziy bank, Sogʻliqni saqlash vazirligi, “Oʻzstandart” agentligi, “Uzavtoyoʻlbelgi” davlat unitar korxonasi, siyosiy partiyalar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi.

Tadbirda oʻtgan davr mobaynida 2018 — 2022-yillarda Oʻzbekiston Respublikasida yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash konsepsiyasi va uni 2018-2019-yillarda amalga oshirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” ijrosi boʻyicha Ichki ishlar vazirligi Yoʻl harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi boshligʻining axboroti eshitildi.

Tadbirda qayd etilganidek, qisqa davr ichida mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Harakatlar strategiyasi asosida yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash sohasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirildi.

Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 11-iyuldagi PQ-3127-son qaroriga muvofiq yoʻl harakati xavfsizligini ishonchli taʼminlash sohasida kompleks tashkiliy-amaliy chora-tadbirlar belgilandi.

Yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash, yoʻl-transport hodisalari profilaktikasi tizimini takomillashtirish, nazoratning yuqori samaradorligini, huquqbuzarliklarni oʻz vaqtida aniqlash va ularga barham berishni taʼminlaydigan yoʻl harakatini avtomatlashtirilgan tartibga solish tizimini kengaytirish boʻyicha ichki ishlar organlari ishini tashkil etishning sifat jihatidan yangi tartibi joriy qilindi.

Ushbu islohotlar oʻzining natijalarini bermoqda. Jumladan oʻtgan 
2018-yilda yoʻl transport hodisalarining soni 2017-yilga nisbatan 10,5 % kamayishiga, bunda oʻlim bilan bogʻliq holatlar 8,5%, tan jarohati bilan bogʻliq holatlar esa 12,2% kamayishiga erishildi.

Biroq, koʻrilayotgan chora-tadbirlarga qaramasdan, oʻlimga olib kelgan huquqbuzarliklar soni hali ham yuqoriligicha qolmoqda — oʻrtacha 100 ming kishiga 8,3 holat saqlanmoqda.

Bugungi kunda yoʻl harakati qatnashchilari tomonidan yoʻl harakati qoidalariga rioya etilishini toʻliq taʼminlash, yoʻl transport hodisalarini sonini kamaytirish, fuqarolarda, ayniqsa avtotransport vositalari haydovchilari va piyodalarda yoʻllarda harakatlanish madaniyatini shakllantirish zarurati ichki ishlar organlari oldiga yangi vazifalarni qoʻymoqda.

Ichki ishlar vazirligi Yoʻl harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi boshligʻining axboroti deputatlar tomonidan qizgʻin muhokama qilindi, savol-javoblarga boy boʻldi.

Tadbirda Qonunchilik palatasi Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi tomonidan yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash boʻyicha Andijon, Namangan, Samarqand, Fargʻona viloyatlari va Toshkent shahridagi ishlarni oʻrganish natijalari ham muhokama.

Muhokamalar jarayonida deputatlar Davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan ustuvor vazifalarni amalga oshirishda parlament aʼzolarining roli, shu jumladan islohotlarning mustahkam huquqiy asoslarini yaratish, deputatlarning yoʻl harakati xavfsizligi xizmati xodimlari bilan muntazam muloqotini yoʻlga qoʻyish, fuqarolarda yoʻl harakati qoidalariga toʻliq rioya etilishida deputatlik korpusi imkoniyatlaridan keng foydalanish masalalariga alohida eʼtibor qaratishdi.

Oʻrganish jarayonida aniqlangan kamchilik va muammolarni bartaraf etish, transport vositalarini texnik koʻrikdan oʻtkazish tartibini yanada takomillashtirish, avtotransport vositalariga davlat raqamlarini berish tizimini qayta koʻrib chiqish va shaffofligini oshirish, yoʻl patrul xizmati xodimlarini qayta tayyorlash, ularning bilim darajasini kuchaytirish, spirtli ichimlik istyemol qilishda gumonlanayotgan shaxslarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish tartibini takomillashtirish, koʻchalarni yoritish, yoʻl belgilarini qaytadan xatlovdan oʻtkazish boʻyicha aniq vazifalar belgilab olindi.

2018 — 2022-yillarda Oʻzbekiston Respublikasida yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash konsepsiyasi va uni 2018-2019-yillarda amalga oshirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” hamda boshqa normativ-huquqiy hujjatlarning samarali ijrosini taʼminlash yuzasidan parlament nazoratini kuchaytirish zarurati qayd etilib, bu borada bir qator tadbirlar oʻtkazishga kelishib olindi.

Yigʻilishda koʻrib chiqilgan masalalar yuzasidan Qonunchilik palatasi Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasining tegishli qarori qabul qilindi.

Поделиться