O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Iqtidorli maktab bitiruvchilarini oltin va kumush medallar bilan taqdirlash tartibi toʻgʻrisida nizom tasdiqlandi
2019-02-22 | Ta’lim
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Umumiy oʻrta taʼlim muassasalari va akademik litseylarning iqtidorli bitiruvchilarini oltin va kumush medallar bilan taqdirlash tartibi toʻgʻrisida nizom”ni tasdiqladi.
Nizom umumiy oʻrta taʼlim muassasalari, shu jumladan, ixtisoslashtirilgan maktablar, ixtisoslashtirilgan sanʼat va madaniyat maktab-internatlar, sport yoʻnalishidagi ixtisoslashtirilgan maktab-internatlar hamda akademik litseylarning iqtidorli bitiruvchilarini (keyingi oʻrinlarda bitiruvchilar deb ataladi) oltin va kumush medallar bilan taqdirlash tartibini belgilaydi.
Oltin medal umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining 9-sinfini bitirganlik toʻgʻrisidagi aʼlo darajali shahodatnomasi mavjud boʻlgan, umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining 10- va 11-sinflarida barcha fanlar boʻyicha yakuniy nazoratlar, chorak va yillik baholari aʼlo boʻlgan yoki akademik litseylarning barcha kurslarida barcha fanlar boʻyicha yakuniy nazoratlar, yarim yillik va yillik baholari aʼlo boʻlgan, namunali xulq-atvorli va jamoat ishlarida faollik koʻrsatgan bitiruvchilarga beriladi.
Kumush medal umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining 9-sinfini bitirganlik toʻgʻrisidagi aʼlo darajali shahodatnomasi mavjud boʻlgan, umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining 10- va 11-sinflarida yoki akademik litseylarning barcha kurslarida barcha fanlar boʻyicha yillik baholari aʼlo boʻlgan, namunali xulq-atvorli va jamoat ishlarida faollik koʻrsatgan bitiruvchilarga beriladi.
Namunali xulq-atvoriga ega hamda jamoat ishlarida faol bitiruvchilar roʻyxati taʼlim muassasasining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha direktor oʻrinbosari va amaliyotchi psixologi tomonidan tegishli oʻquv yilining yakunida taʼlim muassasasining Pedagogik kengashiga kiritiladi.
Bitiruvchilarning namunali xulq-atvori ularning maktabning ichki tartib va odob-axloq qoidalariga doim rioya etishi, maktab formasiga rioya etishi, kattalarga hurmatda, kichiklarga izzatda boʻlishi bilan asoslanadi.
Bitiruvchilarning jamoatchilik ishlarida faol ishtirok etishi ularning taʼlim muassasasi manfaati, uning shaʼni va nufuzi toʻgʻrisida qaygʻurganligi, taʼlim muassasasi rivoji uchun jonkuyarlik qilganligi, turli yoʻnalishdagi tashkiliy tadbir va koʻrik-tanlovlarda faol ishtirok etishi bilan asoslanadi.
Taʼlim muassasasi direktorining oʻquv ishlari boʻyicha oʻrinbosari har yili 10 iyunga qadar:
Pedagogik kengash ushbu Nizomning 3- va 4-bandlarida belgilangan talablar asosida har yili 14 iyunga qadar bitiruvchilarni oltin yoki kumush medallar bilan taqdirlash toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
Bitiruvchilarga oltin va kumush medallar mahalliy davlat hokimiyati organlari va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organi vakillari, bitiruvchilarning ota-onalari yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar va boshqa jamoat tashkilotlari vakillari ishtirokida taʼlim muassasasi direktori tomonidan har yili 15 iyunga qadar tantanali ravishda topshiriladi.
Nizom oltin va kumush medallarni tayyorlash va muassasalarga yetkazib berish tartibini belgilab beradi.