O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Orolboʻyi xalqaro innovatsiya markazi mutaxassislari Dubay tajribasini oʻrganadi
2019-02-22 | Innovatsiya
20-fevral kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Orolboʻyi xalqaro innovatsiya markazining 6 nafar mutaxassisi Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida joylashgan Shoʻrlanish sharoitida biodehqonchilik xalqaro markazining (ICBA) bosh ofisiga ilmiy amaliyot oʻtash uchun safarga joʻnab ketdi.
Bir kun avval Innovatsion rivojlanish vazirligida Xalqaro innovatsiya markazining xorijga safarbar qilingan qishloq xoʻjaligi va oʻrmon xoʻjaligi, irrigatsiya, oʻsimliklar fiziologiyasi yoʻnalishlarida faoliyat yuritayotgan mutaxassislari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Yosh mutaxassislarning stajirovkasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan tashkil etilgan boʻlib,vazirlik qoshidagi Innovatsion rivojlanish va novatorlik gʻoyalarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mutaxassislarning yoʻl xarajatlari, xorijda yashash va kundalik ehtiyojlari uchun sarf-xarajatlarining barchasini qoplaydi. ICBA Xalqaro markazi esa ilmiy-texnikaviy hamkor sifatida Xalqaro innovatsiya markazi xodimlariga viza berilishi, ularning Dubay shahrida joylashishi va ilmiy stajirovkani tashkil qilish tadbirlarini qoʻllab-quvvatlamoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Orolboʻyi xalqaro innovatsiya markazining Tadqiqotlar va innovatsiyalar boʻlimi mudiri Aydos Nurumbetov, Korporativ va xalqaro aloqalar boʻlimi boshligʻi Xamra Tajibayev, Melioratsiya va suv xoʻjaligi boʻlimi mudiri Aybek Abdirov, Oʻsimliklar biotexnologiyasi va fiziologiyasi laboratoriyasi mudiri Alыm Asamatdinov, Oʻrmon xoʻjaligi va dala tadqiqotlari boʻlimi mutaxassisi Jolmыrza Jaksыmuratov, Ekinlar diversifikatsiyasi laboratoriyasi laboranti Kamalatdin Idirisov oʻz sohalari boʻyicha zarur bilimlar olishlari, BAA da qoʻllanayotgan innovatsion texnologiyalarni oʻrganib, olgan tajribalarini Orolboʻyi hududlarini tiklashga qaratilgan kompleks ishlarni amalga oshirishda qoʻllaydilar.
Mutaxassislar bir yarim oylik safar davomida Birlashgan Arab Amirliklarining Abu-Dabi shahridagi Masdar Siti ekoshahri bilan tanishadilar, agrobiznes uchun muvaffaqiyatli inkubatorlarni tashkil qilish, suv va tuproq unumdorligini oshirish boʻyicha innovatsion texnologiyalarni joriy etish va boshqa yoʻnalishlarda oʻquv-amaliyot kurslarini oʻtaydilar.