O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Baxodir Kurbanov va Jozef Votel ikki mamlakat hamkorlik masalalarining istiqbollarini muhokama qildi
2019-02-21 | Siyosat
20-fevral kuni Oʻzbekiston Mudofaa vazirligida general-mayor Baxodir Kurbanov va Amerika Qoʻshma Shtatlari Qurolli Kuchlari Markaziy qoʻmondonlik qoʻmondoni general Jozef Votel muzokaralar oʻtkazdi.
Uchrashuvda mudofaa sohasidagi ikki tomonlama hamkorlikning bugungi holati muhokama qilinib, harbiy taʼlim va mudofaa sohalarida istiqboldagi rejalar belgilab olindi. Oʻzaro manfaatli hamkorliklarni kuchaytirish borasida fikrlar almashildi. Suhbatda mamlakatlarimiz oʻrtasida harbiy sohada hamkorlik yoʻnalishlarida oʻsish surʼatlari ortib borayotgani alohida taʼkidlandi.
AQSH tomoni harbiy va harbiy-texnika sohasida, shuningdek, mintaqada xavfsizlikni taʼminlash borasidagi dolzarb masalalariga va Oʻzbekiston—Amerika mudofaa idoralari oʻrtasidagi kelishuvlarga Oʻzbekiston alohida eʼtibor qaratayotganini eʼtirof etdi.
General Jozef Votel general-mayor Baxodir Kurbanovni mudofaa vaziri lavozimiga tayinlangani bilan chin yurakdan tabrikladi. Suhbatda u, mazkur tashrif Toshkentga toʻrtinchisi boʻlganini aytib oʻtdi. Shuningdek, general Votel oʻtgan tashrifidan qolgan taassurotlaridan eng yorqini – Samarqand shahriga sayohati va tarixiy obidalar bilan tanishuvi ekanini mamnuniyat bilan bildirdi.
Uchrashuv davomida Afgʻonistondagi vaziyatni oʻnglash, xalqaro terrorizmga barham berish hamda mintaqada tinchlikni barqaror ushlab turish boʻyicha fikrlar almashildi.
Taʼkidlash kerakki, Oʻzbekiston mintaqaning barqarorligi va rivojlanishiga sezilarli darajada taʼsir koʻrsatadigan qoʻshni Afgʻoniston davlatida tinchlik va xavfsizlik yoʻlidagi barcha harakatlarni qoʻllab-quvvatlaydi.
2018-yilning mart oyida Toshkent shahrida Afgʻoniston masalalari boʻyicha “Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik” xalqaro anjumanining oʻtkazilgani, shuningdek, uning yakunida “Toshkent deklaratsiyasi” qabul qilinganining oʻzi Oʻzbekiston terrorizmning boshqa mamlakatlarda tarqalmasligi tarafdori ekanligini koʻrsatadi.
Eslatib oʻtamiz, oʻtgan yilning may oyida Oʻzbekiston mudofaa vaziri Jozef Votel boshchiligidagi delegatsiyani kutib olgan edi. Shu yilning yanvar oyida esa Oʻzbekiston Mudofaa vazirligi delegatsiyasi AQSHda boʻlib, mamlakatimiz maxsus boʻlinma harbiy xizmatchilari ishtirokida Kemp-Shelbi harbiy bazasida oʻtkazilgan “Janubiy zarba” hamkorlikdagi mashgʻulotlarni kuzatdi hamda CENTCOM qoʻmondonligi bilan ikki tomonlama harbiy hamkorlik masalalarini muhokama qilgan edi.