O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Tadbirkorlik sohasidagi qonun ijodkorligi yoʻnalishida hamkorlikni faollashtirishga kelishib olindi
2019-02-12 | Jamiyat
Oliy Majlis Qonunchilik palatasida Indoneziya parlamentining Byudjet, soliq, moliya, bank ishi, mikro,kichik va oʻrta korxonalar, statistika va investitsiyalar qoʻmitasi raisi oʻrinbosari Ayi Xambali boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Suhbat avvalida mehmonlarga Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, undagi siyosiy partiyalar fraksiyalari hamda qoʻmitalari xususan Byudjet va iqtisodiy islohotlar qoʻmitasi faoliyati xususida batafsil maʼlumot berildi. Shuningdek, mamlakatda harakatlar strategiyasi asosida amalga oshirilayotgan, jumladan iqtisodiy yoʻnalishda olib borilayotgan islohotlarga alohida toʻxtalib oʻtildi. Binobarin, mehmonlarning qiziqishlari Oʻzbekiston Respublikasining kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohasidagi qonunchiligini oʻrganishdan iborat boʻldi.
Xambali samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, mazkur uchrashuv ikki mamlakat parlamentlari oʻrtasidagi hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlashga xizmat qilishini aytib oʻtdi. Indoneziya delegatsiyasi rahbarining soʻzlariga koʻra, Oʻzbekistonda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishga katta eʼtibor qaratilmoqda. Bunda ushbu tarmoqning qoʻllab-quvvatlanishi, iqtisodiyotning barcha sohalarida uning rolini oshirishga berilayotgan eʼtibor shubhasiz mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan rivojlantirishning kafolati boʻladi.
Muloqot yakunida tomonlar ikki mamlakat parlamentlari oʻrtasida hamkorlikni, xususan qonun ijodkorligi yoʻnalishida oʻzaro tajriba almashishni faollashtirishga kelishib oldilar.