Alisher Navoiyning bitmas-tuganmas, barhayot ijodi insoniyatga ibrat boʻlishga arzigulik merosdir. Shoir nomi bilan ataluvchi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetida tashkil etilgan “Alisher Navoiy va XXI asr“ mavzuidagi xalqaro konferensiyada bu jihatlar yana bir karra oʻzining yorqin ifodasini topdi.
Konferensiyada Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetining Alisher Navoiy asarlari toʻla faksimile nusxalari toʻplamini chop etish haqidagi gʻoyasiga javoban qator davlatlarning kutubxonalarida saqlanayotgan qoʻlyozmalarning raqamli nusxalari Buyuk Britaniya, Ozarbayjon, Turkiya, Tojikiston vakillari tomonidan universitetga taqdim etildi. Ushbu marosimda ishtirok etgan xorijiy davlatlarning mamlakatimizdagi elchilari Oʻzbekistonda maʼnaviy-maʼrifiy sohada olib borilayotgan ijobiy oʻzgarishlarni mamnuniyat bilan qayd etdi.
– Oʻzbek adabiyoti bilan anchadan buyon shugʻullanaman, – deydi Boku davlat universiteti professori Ramiz Asker. – Alisher Navoiy oʻzbek adabiyotining gultoji, daho shoiridir. Navoiyshunoslikka oid anjumanlar, seminarlar, navoiyxonlik kechalarining muntazam ishtirokchisiman. “Hayratul-abror“, “Farhod va Shirin“ kabi asarlarni toʻliq, “Layli va Majnun“ dostonini esa yarmigacha tarjima qildim. Bu boradagi ishlarni davom ettirib, “Sabʼai sayyor“, “Saddi Iskandariy“ asarlarini ham tarjima qilishni rejalashtirganman. Oʻzbekistonliklar gʻoyat bebaho, benazir, dunyoning hech yerida uchramaydigan ulkan meros egasi. Bunga hamma havas qilsa arziydi.
Asli millati oʻzbek boʻlgan Raʼno Sherzod Termiz shahrida tashkil etilgan Afgʻoniston fuqarolarini oʻqitish taʼlim markazida tahsil oladi. Alisher Navoiy ijodiga katta ehtirom bilan qaraydi.
– Men Oʻzbekistondek tinch, osoyishta, boy madaniy-maʼrifiy, ilmiy merosga ega diyorda tahsil olayotganimdan gʻoyat baxtiyorman, – deydi Raʼno Sherzod. – Bu tabarruk diyorda ulugʻ shoir Alisher Navoiyning tavallud ayyomi yuksak saviyada, koʻtarinki va bayramona ruhda oʻtkazilayotgani koʻngillarga hayajon bagʻishlaydi. Mutafakkirning tugʻilgan sanasi adabiyot, maʼnaviyat, sheʼriyat bayrami sifatida boshqa davlatlarda ham keng nishonlanmoqda. Navoiy Hirotda tavallud topgan. Ul zot mangu oromga ketgan zamin ham shu shahar. Shoir qoʻnim topgan maskanni ziyorat qilish uchun minglab odamlar keladi. Buning asl sababi shoir sheʼriyati, ijodining asl mazmun-mohiyati ezgulikka, insonparvarlikka, odamiylik, mehr-saxovatga yoʻgʻrilganida, deb bilamiz.
Buyuk Britaniya, Ozarbayjon, Turkiya, Rossiya, Afgʻoniston, Fransiya, Qozogʻiston, Hindiston, Tojikiston kabi davlatlardan kelgan professorlar Oʻzbekistondagi maʼnaviy tarbiya ustuvorligiga oid amaliy ishlar, natijador saʼy-harakatlar, bu boradagi ezgu va ibratli intilishlarni yuksak baholadi.
Nazokat Usmonova, OʻzA