Oʻzbekiston Respublikasi transport vazirligi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 1 fevraldagi “Transport sohasida davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF–5647-son Farmoniga muvofiq va Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi faoliyatini samarali tashkil etishni taʼminlash maqsadida:
1. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligining tashkiliy tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq;
Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligining boshqaruv xodimlari cheklangan soni 152 nafardan iborat boʻlgan markaziy apparati tuzilmasi 2-ilovaga muvofiq;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Transport vazirligi tuzilmasi, viloyatlar va Toshkent shahar transport boshqarmalarining namunaviy tuzilmasi 3 va 3a-ilovalarga muvofiq;
Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi hududiy boʻlinmalari va davlat boshqaruvi organlari xodimlarining cheklangan soni 4 va 5-ilovalarga muvofiq;
Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi boshqaruv xodimlarining cheklangan soni 68 nafardan iborat tuzilmasi 6-ilovaga muvofiq;
Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi hududiy boshqarmalarining namunaviy tuzilmasi 7-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi transport vaziriga:
Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi (keyingi oʻrinlarda – Vazirlik) markaziy apparati va hududiy boʻlinmalari, shuningdek, Vazirlik huzuridagi Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi tuzilmasiga zarur hollarda boshqaruv xodimlarining belgilangan cheklangan umumiy soni doirasida oʻzgartirishlar kiritish;
davlat organlari va boshqa tashkilotlar, yetakchi loyiha institutlari, ilmiy va taʼlim muassasalari yuqori malakali mutaxassislarini, shuningdek, xalqaro tashkilotlar, xorijiy kompaniyalar va ekspertlarni konsultantlar sifatida jalb etish;
malakali xorijiy mutaxassislarni ishga qabul qilish va ularga ish haqi miqdori hamda boshqa toʻlovlarni chet el valyutasida belgilash huquqi berilsin.
3. Belgilansinki:
Oʻzbekiston Respublikasi transport vaziri Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri taqdimiga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tasdiqlanadi va lavozimdan ozod etiladi;
Oʻzbekiston Respublikasi transport vaziri oʻrinbosarlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi;
Vazirlik huzuridagi Fuqaro aviatsiyasi agentligi direktori, Temir yoʻllarda yuk va yoʻlovchilar tashish xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasi hamda Yoʻl-qurilish ishlari sifatini nazorat qilish inspeksiyasi boshliqlari Oʻzbekiston Respublikasi transport vaziri taqdimiga koʻra Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi;
Vazirlik huzuridagi Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi raisining, Fuqaro aviatsiyasi agentligi direktorining, Temir yoʻllarda yuk va yoʻlovchilar tashish xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasi hamda Yoʻl-qurilish ishlari sifatini nazorat qilish inspeksiyasi boshliqlarining oʻrinbosarlari ularning rahbarlari taqdimiga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi transport vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi transport vaziri va uning oʻrinbosari – Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi transport vaziri bilan kelishilgan holda lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi;
viloyatlar va Toshkent shahar transport boshqarmalari boshliqlari va ularning oʻrinbosarlari – viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi transport vaziri bilan kelishilgan holda lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi;
Vazirlik va uning hududiy boʻlinmalari shtat birliklarini shakllantirish Oʻzbekiston avtomobil transporti agentligi shtat birliklari, Vazirlik huzuridagi Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi, Fuqaro aviatsiyasi agentligi, Temir yoʻllarda yuk va yoʻlovchilar tashish xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasi, shuningdek, Vazirlikka oʻtkazilayotgan ilmiy-tadqiqot institutlari, taʼlim muassasalari va boshqa tashkilotlarning vakolatlari va shtat birligini optimallashtirish hisobidan amalga oshiriladi;
Vazirlik hududiy boʻlinmalari xodimlariga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 9 yanvardagi PQ–2722-son “Davlat boshqaruvi hududiy organlari faoliyatini yanada takomillashtirish va xodimlarini moddiy ragʻbatlantirishni kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorining 1-bandida nazarda tutilgan mehnatga haq toʻlash shartlari tatbiq etiladi;
Vazirlik, uning hududiy boʻlinmalari va idoraviy boʻysunuvidagi davlat boshqaruvi organlarining taʼminoti xarajatlarini moliyalashtirish Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablagʻlari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
4. Oʻzbekiston avtomobil transporti agentligining Avtomobil transportini rivojlantirish jamgʻarmasi negizida, mablagʻlarining shakllantirish manbalari saqlangan holda, yuridik shaxs tashkil etmasdan Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Transport va logistikani rivojlantirish jamgʻarmasi tashkil etilsin.
Shahar, shahardan tashqari, shaharlararo va xalqaro yoʻnalishlarda avtomobil transportida yuk va yoʻlovchilar tashishni amalga oshirish uchun litsenziya berish va ularning amal qilish muddatini uzaytirishdan tushadigan davlat boji mablagʻlarining 40 foizi Oʻzbekiston Respublikasining respublika byudjetiga Vazirlik va uning hududiy boʻlinmalarini taʼminlash xarajatlarini moliyalashtirish uchun yoʻnaltirilishi belgilansin.
Vazirlik Moliya vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga quyidagilarni nazarda tutuvchi hukumat qarori loyihasini kiritsin:
Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Transport va logistikani rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni, uning mablagʻlarini shakllantirishning qoʻshimcha manbalarini belgilagan holda tasdiqlash;
Transport va logistikani rivojlantirish jamgʻarmasi hisobidan Vazirlik va uning idoraviy tashkilotlari xodimlarini mehnatga haq toʻlash fondining 200 foizgacha boʻlgan miqdorda qoʻshimcha moddiy ragʻbatlantirish tartibi.
5. Vazirlik Moliya vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi va Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bilan birgalikda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga:
bir oy muddatda mazkur qaror talablarini inobatga olgan holda, Vazirlik huzuridagi Fuqaro aviatsiyasi agentligi, Temir yoʻllarda yuk va yoʻlovchilar tashish xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasi hamda Yoʻl-qurilish ishlari sifatini nazorat qilish inspeksiyasi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisidagi hukumat qarori loyihasini;
ikki oy muddatda tartibga solish funksiyalarini istisno qilish, investitsiyalarni jalb etish, shuningdek, raqobat muhitini shakllantirish va temir yoʻl transportida yuk va yoʻlovchilar tashishda “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ va boshqa tadbirkorlik subyektlari – Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlari uchun teng sharoitlarni yaratish maqsadida “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ faoliyatini takomillashtirish boʻyicha takliflarni;
ikki oy muddatda transport va yoʻl xoʻjaligi sohasida taʼlim, xodimlarni qayta tayyorlash, malakasini oshirish tizimini va ilmiy-tadqiqot ishlarini takomillashtirish boʻyicha takliflarni;
ikki oy muddatda Vazirlik tizimiga kiruvchi tijorat tuzilmalarini Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga oʻtkazish toʻgʻrisidagi hukumat qarori loyihasini;
uch oy muddatda xorijiy mutaxassislarni jalb qilgan holda avtomobil yoʻllarini loyihalash, qurish, rekonstruksiya qilish, taʼmirlash va foydalanish tizimini takomillashtirish boʻyicha, shu jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yoʻllari qoʻmitasining davlat va tijorat funksiyalarini ajratishni nazarda tutuvchi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori loyihasini kiritsin.
6. Oʻzbekiston avtomobil transporti agentligi va uning hududiy boʻlinmalari tugatilayotganligi munosabati bilan boʻshayotgan bino va xonalarga Vazirlik va uning hududiy boʻlinmalari joylashtirilsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:
mazkur qaror talablaridan kelib chiqqan holda 2019 yilda Vazirlikning asoslangan hisob-kitoblari boʻyicha Vazirlikni taʼminlash xarajatlari uchun zarur boʻlgan byudjet mablagʻlari ajratilishini taʼminlasin, 2020 yildan boshlab esa har yili zarur byudjet mablagʻlarini Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti parametrlarida nazarda tutsin;
Vazirlik markaziy apparati va hududiy boʻlinmalarining jami 21 ta, shu jumladan, 19 ta shaxsiy biriktirilgan, shundan 14 tasi Vazirlikning hududiy boʻlinmalari uchun, xizmat avtomobillari taʼminoti uchun limit belgilansin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Vazirlikni telefon aloqasi, shu jumladan, hukumat aloqasi bilan belgilangan tartibda taʼminlasin.
9. Vazirlik:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasining statistika axborotlarini tarqatish majburiy boʻlgan tashkilotlar roʻyxatiga;
Vazirlar Mahkamasining 2016 yil 7 oktyabrdagi 336-son qarori bilan tasdiqlangan Rahbarlari xodimlarni Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiska qilish toʻgʻrisida iltimosnoma kiritishi mumkin boʻlgan davlat hokimiyati organlari, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, respublika ahamiyatiga molik boshqa davlat tashkilotlari roʻyxatiga kiritilsin.
10. Vazirlik Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga:
Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi toʻgʻrisidagi nizom loyihasini;
mazkur qaror qoidalaridan kelib chiqqan holda, davlat boshqaruvi organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlarining transport sohasidagi takrorlanuvchi vazifalari, funksiyalari, vakolatlari va tuzilmalarini tugatish boʻyicha takliflarni;
qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish
va qoʻshimchalar toʻgʻrisidagi takliflarni kiritsin.
11. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh.Nizomiddinov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi oʻrinbosari B.M.Mavlonov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri,
2019 yil 1 fevral