Transport sohasida davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni
Soʻnggi yillarda mamlakatimizda transport va transport kommunikatsiyalari sohasini rivojlantirish, tashishlarning yuqori darajadagi xavfsizligini taʼminlash, transport sohasidagi boshqaruv tizimini takomillashtirish, soha uchun malakali mutaxassislarni tayyorlashga yoʻnaltirilgan keng koʻlamli chora-tadbirlar amalga oshirildi.
Iqtisodiyotni rivojlantirishning zamonaviy tendensiyalari va amalga oshirilayotgan islohotlar respublikaning geografik joylashuvini inobatga olgan holda transport xizmatlarining sifatliligi va ommabopligini taʼminlashga yoʻnaltirilgan yagona transport siyosatini shakllantirish va amalga oshirish, sohani boshqarishning zamonaviy texnologiyalari va intellektual tizimlarini joriy etishda alohida ahamiyatga ega ekanligini koʻrsatmoqda.
Transport sohasidagi davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish, respublikaning investitsiyaviy jozibadorligi va eksport salohiyatini oshirish, transport kommunikatsiyalarini strategik rivojlantirish va barqaror faoliyat koʻrsatishini taʼminlash maqsadida, shuningdek, 2017-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarga muvofiq:
1. Oʻzbekiston avtomobil transporti agentligi negizida Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi (keyingi oʻrinlarda – Vazirlik) tashkil etilsin.
2. Belgilab qoʻyilsinki:
Vazirlik avtomobil, temir yoʻl, havo, daryo transportlari, metropoliten, shuningdek, yoʻl xoʻjaligini rivojlantirish sohasidagi yagona davlat siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirish boʻyicha davlat boshqaruvi organi hisoblanadi;
Vazirlik transport va yoʻl xoʻjaligi sohasidagi tashkilotlar faoliyatini normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilish, litsenziya va ruxsatnomalar berish, sertifikatlashtirish, samarali texnik va tarif siyosatini amalga oshirish yoʻli orqali davlat tomonidan tartibga solish vazifasini amalga oshiradi;
Vazirlik tomonidan oʻz vakolati doirasida qabul qilingan qarorlarning ijrosi davlat boshqaruvi organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlari, boshqa tashkilotlar va ularning mansabdor shaxslari, shuningdek, fuqarolar uchun majburiy hisoblanadi.
3. Quyidagilar Vazirlikning asosiy vazifalari etib belgilansin:
transportning barcha turlarini yagona transport tarmogʻiga integratsiyalashuvi va yangi samarali transport-logistika tizimlaridan foydalangan holda uygʻunlikda rivojlantirishga yoʻnaltirilgan yagona davlat transport siyosatini ishlab chiqish;
transport va logistika xizmatlari bozorini rivojlantirishni ragʻbatlantirish, ularning barcha toifadagi isteʼmolchilar uchun ommabopligini taʼminlash, shuningdek, sohaga investitsiyalarni jalb etishga yoʻnaltirilgan transport sohasidagi yagona tarif siyosatini amalga oshirish;
xalqaro transport koridorlarini rivojlantirish, logistika tizimini takomillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish va chora-tadbirlarni amalga oshirish, mamlakat transport salohiyatidan samarali foydalanish, tadbirkorlik subyektlarining transport-logistika xizmatlaridan foydalanishdagi sarf-xarajatlarini kamaytirish;
transport va yoʻl xoʻjaligi sohasida davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish va mamlakat investitsiyaviy jozibadorligini oshirish;
butun transport tizimini raqamlashtirish boʻyicha ilgʻor axborot texnologiyalarini joriy etish, Oʻzbekiston Respublikasi Transport tizimining bir-biriga bogʻlangan yagona tizimini istiqbolli rivojlantirish strategiyalarini ishlab chiqish va amalga oshirish;
avtomobil yoʻllari sohasida yagona texnika siyosatini amalga oshirish, foydalanuvchilar manfaatlarini hisobga olgan holda, avtomobil yoʻllari, aerodromlar va aeroportlar, vokzallar, temir yoʻllar va transport infratuzilmasining boshqa obyektlarini moliyalashtirish, loyihalash, qurish, taʼmirlash va foydalanish masalalarining kompleks yechimini taʼminlash;
transport sohasida nazoratni amalga oshirish, fuqaro aviatsiyasi va eksperimental havo kemalaridagi halokatlar va baxtsiz hodisalarni, shuningdek, temir yoʻl va daryo transportidagi avariya va halokatlar boʻyicha tekshiruvlarni tashkil etish va amalga oshirish;
transport va yoʻl xoʻjaligi sohasidagi xalqaro va hududiy hamkorlikni rivojlantirish hisobiga transport xizmatlari jahon bozorida Oʻzbekiston Respublikasining milliy manfaatlarini taʼminlash;
transport sohasidagi joriy va istiqbolli ehtiyojlarni inobatga olgan holda taʼlim, kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishning ilgʻor usullarini tizimli ravishda joriy etish.
4. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Avtomobil yoʻllari davlat qoʻmitasi, uni Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi etib qayta nomlagan holda;
Oʻzbekiston Respublikasi Parvozlar xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, uni Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Fuqaro aviatsiyasi agentligi etib qayta tashkil etgan holda;
Oʻzbekiston Respublikasi Temir yoʻllarda yuk va yoʻlovchilar tashish xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, uni Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Temir yoʻllarda yuk va yoʻlovchilar tashish xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasi etib qayta nomlagan holda;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yoʻl-qurilish ishlari sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, uni Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Yoʻl-qurilish ishlari sifatini nazorat qilish inspeksiyasi etib qayta nomlagan holda;
Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligining Oʻzbekiston kemachilik registri;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oʻzaeronavigatsiya” markazi;
ilovaga muvofiq ilmiy-tadqiqot va taʼlim muassasalari, boshqa tashkilotlar, faoliyatini moliyalashtirishning amaldagi tartibi saqlanib qolingan holda, Vazirlik ixtiyoriga oʻtkazilsin.
Toshkent shahar Transport va yoʻl-transport infratuzilmasini rivojlantirish departamenti tugatilsin.
5. Quyidagi vazifa, funksiya va vakolatlar Vazirlikka oʻtkazilsin:
a) Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligining quyidagi sohalardagi:
kemalarni roʻyxatga olish (qayta roʻyxatga olish), kemalarni qurish, foydalanish, qayta jihozlash va taʼmirlashga guvohnomalar berish;
kemalarga kema guvohnomasi va biletlari, tasniflash guvohnomalari, suzish uchun muvofiqlik guvohnomalari va kemasozlikni tartibga soluvchi qoidalarda nazarda tutilgan boshqa hujjatlarni berish;
b) “Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyatining quyidagi sohalardagi:
temir yoʻl transportini rivojlantirishning davlat dasturlarini ishlab chiqish, temir yoʻl transporti istiqbolli prognozlari, rivojlantirish va obyektlarni joylashtirish sxemalarini ishlab chiqish;
temir yoʻllarda yuk va yoʻlovchilar tashish sohasida tarif va tranzit siyosatni amalga oshirish, temir yoʻl transportining oʻtkazish va tashish qobiliyatini oshirish, temir yoʻl transporti xizmatlari bozorini rivojlantirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni qabul qilish;
sanoat korxonalari harakatdagi tarkiblarining umumiy foydalanishdagi temir yoʻllariga chiqishi uchun ruxsatnomalar berish;
temir yoʻl yoʻlaklari, shuningdek, vagon va konteynerlarni yuklash, tushirish va tozalashga moʻljallangan uskunalarni qurish va taʼmirlash loyihalarini kelishish.
6. Boshqaruv xodimlarining umumiy cheklangan soni 15 nafardan tashkil topgan, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjetidan moliyalashtiriladigan Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Transport va logistikani rivojlantirish muammolarini oʻrganish markazi tashkil etilsin.
7. Vazirlik Oʻzbekiston avtomobil transporti agentligining barcha huquqlari va majburiyatlari, shuningdek, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Avtomobil yoʻllari davlat qoʻmitasi, Parvozlar xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, Temir yoʻllarda yuk va yoʻlovchilar tashish xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yoʻl-qurilish ishlari sifatini nazorat qilish inspeksiyasining transport va yoʻl xoʻjaligi sohasidagi qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlari va Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan imzolangan xalqaro shartnomalari, shuningdek, mazkur Farmonga muvofiq oʻtkazilayotgan boshqa vakolatlari borasidagi huquq va majburiyatlari boʻyicha huquqiy vorisi hisoblanadi.
8. Vazirlik Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda 2019 yil 1 noyabrga qadar barcha turdagi transportlarning optimal va muvozanatlashgan oʻzaro aloqasini nazarda tutuvchi, umumqabul qilingan xalqaro huquq meʼyorlarini inobatga olgan holda “Transport toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni loyihasini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
bir hafta muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisidagi qarori loyihasini tasdiqlash uchun kiritsin;
bir oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Transport va logistikani rivojlantirish muammolarini oʻrganish markazi faoliyatini tashkil etish boʻyicha hukumat qarorini qabul qilsin;
uch oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasining logistika samaradorligi boʻyicha xalqaro reytinglardagi oʻrnini yaxshilash choralarini nazarda tutuvchi Oʻzbekiston Respublikasida 2025 yilgacha transportni rivojlantirish konsepsiyasini va uni amalga oshirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqsin.
10. Vazirlik Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
11. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh.Nizomiddinov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi oʻrinbosari B.M.Mavlonov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri,
2019 yil 1 fevral