O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Barcha maktablarda sport haftaligi oʻtkaziladi
2019-02-07 | Sport
Mamlakatimizda yoshlarning kuchli, irodali hamda jismonan sogʻlom boʻlib yetishishi uchun katta eʼtibor qaratib kelinmoqda. Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 20-sentabr kuni jismoniy tarbiya va sport sohasini rivojlantirish masalalariga bagʻishlangan yigʻilishda belgilab berilgan ustuvor vazifalar ijrosini taʼminlash yuzasidan joriy yilning I-IV choragida aholining barcha qatlamlari oʻrtasida oʻtkaziladigan sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining kalendar rejasining tasdiqlanishi ham ana shu eʼtiborning yaqqol namunalaridan biridir.
Alohida taʼkidlash joizki, 2018-yilda Xalq taʼlimi vazirligi tizimidagi umumiy oʻrta taʼlim maktab oʻquvchilari hamda aholining barcha qatlamlari oʻrtasida sport va ommaviy tadbirlar rejasiga asosan sport haftaliklari uyushqoqlik bilan oʻtkazilgan edi. Shuningdek, joriy yil yanvar oyining oxirgi haftasida “Taʼlim muassasalari haftaligi” doirasida kunlik ertalabki badantarbiya mashgʻulotlari hamda sportning badiiy gimnastika, gandbol, basketbol va stol tennis turlari boʻyicha festival hamda musobaqalar tashkil etildi. Musobaqalarda jami 807 ming nafar oʻquvchi-yoshlar faol ishtirok etdi.
Bundan tashqari har oyda respublikadagi barcha taʼlim muassasalarida anʼanaviy tarzda sport haftaligi oʻtkazib kelinadi.
Ayni paytda umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida sport turlari boʻyicha boʻlib oʻtadigan musobaqa va festivallarga oʻquvchilarni keng jalb etish ishlari amalga oshirilmoqda.