Koreya Respublikasining “Dongil Construction” kompaniyasi prezidenti Ko Jai Il boshchiligidagi ishbilarmonlar delegatsiyasi Namangan viloyatida boʻldi.
Viloyat hokimligida Koreyaning nufuzli qurilish-loyihalash kompaniyalari rahbar va mutaxassislaridan iborat delegatsiya aʼzolari bilan oʻtgan uchrashuvda mamlakatlarimiz oʻrtasida mustahkamlanib borayotgan savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar hamkorlik va ochilayotgan yangi imkoniyatlar haqida fikr almashildi.
– Mamlakatimizda xalq farovonligini oshirish yoʻlida ulkan ishlar qilinyapti, – dedi viloyat hokimi X.Bozorov. – Xususan, viloyatimizda aholini uy-joy bilan taʼminlash maqsadida qurilish koʻlami kengaydi. Namangan shahrining bosh rejasini qayta ishlab, shu asosda viloyat markazini tubdan qayta qurish, “Namangan sity” loyihasini amalga oshirish ustida izlanishlar olib borilmoqda. Bu borada biz, albatta, jahonning ilgʻor tajribalaridan foydalanamiz va yetakchi kompaniyalar bilan hamkorlik qilishga tayyormiz.
– Prezident Shavkat Mirziyoyevning ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarga katta eʼtibor qaratayotgani bizni Oʻzbekiston bilan hamkorlikka undamoqda, – dedi Ko Jai Il. – Biz oʻn toʻrt yildan buyon Qozogʻistonda katta loyihalarni amalga oshirib kelayapmiz va yurtingizdagi oʻzgarishlarni koʻrib, bu yerda ham hamkorlik qilishga qaror qildik. Nafaqat uy-joy, balki katta hajmdagi murakkab muhandislik inshootlarini qurish boʻyicha katta tajribaga egamiz. Oʻzaro kelishuvga erishsak, Namanganda shaharsozlikni rivojlantirishga oʻz hissamizni qoʻshishdan mamnun boʻlamiz.
Uchrashuvdan soʻng delegatsiya aʼzolari Namangan shahrida barpo etilayotgan “Afsonalar vodiysi” madaniyat va istirohat bogʻidagi bunyodkorlik ishlari, Yuksalish mahallasidagi koʻp qavatli uy-joylar qurilishi jarayoni, “Namangan sity” loyihasi bilan tanishdi.
Akromjon SATTOROV, Hotam MAMADALIYEV olgan suratlar, OʻzA