O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari faoliyati qoniqarlimi?

2019-02-06 | Iqtisodiyot

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi faoliyatida tarkib topgan yangi anʼanaga muvofiq, 2019-yilning 5-fevral kuni navbatdagi “Hukumat soati” oʻtkazildi.

Quyi palatadagi deputatlar birlashmalari takliflariga koʻra, “Hukumat soati”da koʻrib chiqish uchun “Erkin iqtisodiy zonalar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni doirasida erkin iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalarida biznes subyektlarini joylashtirish, ularga imtiyoz va preferensiyalar berishni tashkiliy va huquqiy jihatdan tartibga solish toʻgʻrisidagi masala kiritildi.

Mazkur masala yuzasidan deputatlar savollariga Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov atroflicha javob qaytardi.

Qayd etilganidek, keyingi paytlarda mamlakatimizda erkin iqtisodiy zonalarni tashkil etish, ular faoliyatini rivojlantirishga katta eʼtibor qaratilmoqda. Masalan, yurtimizda 2008-2016 yillar davomida faqatgina 3 ta erkin iqtisodiy zona tashkil etilgan boʻlsa, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning tegishli farmon va qarorlari asosida keyingi qisqa vaqt mobaynida ularning soni 21 taga yetkazildi. Bugungi kunda respublika boʻyicha 10 ta erkin ishlab chiqarish zonasi, 8 ta farmatsevtika, 1 tadan turizm, baliq xoʻjaligi hamda agrosanoat sohasini rivojlantirish yoʻnalishidagi erkin iqtisodiy zonalar faoliyat yuritmoqda.

Vazirning axborotida taʼkidlanganidek, erkin iqtisodiy zonalarda umumiy qiymati 3660,5 mln. dollarga teng (ulardan toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiya 1544 mln. dollar) 629 ta loyiha maʼqullangan. Mazkur loyihalarning 158 tasi hayotga tatbiq etilgan, 431 tasi amalga oshirilmoqda, yana 40 tasi esa istiqbolli loyihadir. Xususan, oʻtgan davr mobaynida maʼmuriy kengashlar tomonidan maʼqullangan umumiy qiymati 1045,5 mln. dollarga teng 158 ta loyiha amalga oshirilgan va buning natijasida 9746 ta yangi ish oʻrni yaratilgan. Joriy yilning 1 yanvar holatiga koʻra, faoliyatini boshlagan korxonalar tomonidan jami 4,9 trln. soʻmlik ishlab chiqarish hajmiga erishildi va 197 turdagi sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi.

Loyihalar doirasida nafaqat ichki, balki tashqi bozorda ham xaridorgir boʻlgan yengil sanoat, kimyo, oziq-ovqat mahsulotlari, elektr texnikasi buyumlari, zamonaviy qurilish materiallari, mebel va boshqa tayyor mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda. Korxonalar tomonidan jami 194 mln. dollarlik mahsulot eksport qilindi.

Ayni paytda umumiy qiymati 721 mln. dollarlik 40 ta istiqbolli loyiha boʻyicha hududiy maʼmuriy kengashlar tomonidan erkin iqtisodiy zonalar ishtirokchisi maqomini olish huquqini beruvchi tegishli hujjatlarni rasmiylashtirish ishlari olib borilmoqda.

Davlatimiz rahbarining 2016-yil 26-oktabrdagi farmoniga muvofiq, erkin iqtisodiy zonalar uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratildi. Ularning ishtirokchilari bir qator toʻlovlardan ozod qilindi.

“Hukumat soati”da bu borada erishilayotgan natijalar bilan bir qatorda, sohada yoʻl qoʻyilayotgan kamchiliklar, mavjud muammo va yechilishi lozim boʻlgan masalalarga ham eʼtibor qaratildi. Xususan, ayrim erkin iqtisodiy zonalarda muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanish va ishlab chiqarish infratuzilma obyektlarini qurish bilan bogʻliq masalalar haligacha oxiriga yetkazilmagan. Muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari bilan bogʻliq masalalar hal qilinmagani sababli, ushbu zonalarga investorlarni jalb qilish ishlari qiyin kechmoqda. Erkin iqtisodiy zonalarga biriktirilgan tijorat banklari tomonidan direksiya faoliyatiga koʻmaklashish va yangi investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish yuzasidan taklif kiritish boʻyicha yetarlicha tashabbus koʻrsatilmayapti. Baʼzi viloyat maʼmuriy kengashlari tomonidan erkin iqtisodiy zonalarda loyihalar aniq hisob-kitoblarsiz joylashtirilishi natijasida ayrim faoliyat turlari uchun sunʼiy imtiyoz berilishiga va bu, oʻz navbatida, bozordagi raqobat muhitining buzilishiga olib kelmoqda.

Shu bois, tadbirda deputatlar mamlakatimizda mavjud erkin iqtisodiy zonalar va kichik sanoat, shuningdek, farmatsevtika zonalarida faoliyat yuritayotgan, eksportga mahsulot chiqarayotgan, innovatsion, yuqori texnologik ishlab chiqarishlarni tashkil qilgan biznes subyektlari va tadbirkorlarga berilayotgan qoʻshimcha imkoniyatlar, imtiyoz va preferensiyalarning tashkiliy-huquqiy asoslarini mustahkamlash masalasiga vazir eʼtiborini qaratdi. Ayniqsa, parlament aʼzolari xorijiy investitsiyalarni keng jalb qilish uchun mamlakatimizning investitsiya salohiyatini jahon biznes hamjamiyatiga toʻla namoyon etishga qaratilgan, sarmoya kiritishga intiladigan investorlar uchun hududlar va tarmoqlar boʻyicha investitsiya loyihalarini shakllantirishda yagona, kompleks yondashuvlarni belgilovchi normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish zarurligini qayd etdilar. 1996 yil 25 aprelda qabul qilingan, erkin iqtisodiy zonalar faoliyati, bu boradagi huquqiy munosabatlarni tartibga soluvchi “Erkin iqtisodiy zonalar toʻgʻrisida”gi Qonunni bugungi kun talablari asosida qayta koʻrib chiqish, uni davr ruhiga uygʻun holda yanada takomillashtirish lozimligi taʼkidlandi.

Shuningdek, tadbirda Oʻzbekiston Respublikasini Global raqobatbardoshlik reytingiga kiritish, mamlakat raqobatbardoshligi darajasini tizimli ravishda oshirib borish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar holati ham atroflicha tahlil qilindi.

“Hukumat soati” doirasida berilgan savol-javoblardan kelib chiqib, deputatlar tomonidan vazirlik faoliyatini zamon talablaridan kelib chiqqan holda, keskin jonlantirishga, mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligini yanada oshirishga qaratilgan qator fikr-mulohaza va amaliy takliflar bildirildi.

Tadbir yakunida Qonunchilik palatasi qoʻmitalariga sohaga oid amaldagi qonun hujjatlarini va huquqni qoʻllash amaliyotini takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish tavsiya etildi. Shu bilan birga, mazkur yoʻnalishdagi ishlar yuzasidan samarali parlament nazoratini taʼminlashga kelishib olindi.

Поделиться