O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Tibbiyot xodimiga tajovuz qilganlik uchun jinoiy javobgarlik kuchaytirilishi mumkin

2019-02-05 | Sog‘liqni saqlash

Joriy yil 29-yanvar kuni Sogʻliqni saqlash vazirligi tashabbusi bilan tayyorlangan “Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga qoʻshimcha kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun loyihasi Oʻzbekiston Respublikasi Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga jamoatchilik muhokamasi uchun joylashtirildi.

Mazkur loyiha bilan oʻz xizmat vazifasini bajarib turgan tibbiyot xodimiga bemor va ularning yaqin qarindoshlari tomonidan gʻayriqonuniy ravishda tajovuz qilinishi yoki ularga tan jarohati yetkazilishidan iborat qilmishlarni Jinoyat kodeksining bezorilik uchun javobgarlikni koʻzda tutuvchi 277-moddasi bilan kvalifikatsiya qilish hamda ushbu harakatlarni ogʻirlashtiruvchi holat sifatida baholash taklif etilmoqda. 

Afsus bilan aytish kerakki, bugungi kunda bemorning oʻlimi yoki sogʻligʻi holati yomonlashishida biror-bir aybi boʻlmasada, shifokorni ayblash va unga noqonuniy tajovuz qilish holatlari koʻpayib ketmoqda. Oxirgi paytlarda bunday gʻayriqonuniy tajovuz aks etgan tasvirlar turli ijtimoiy tarmoqlarda uchrashi holatlari koʻpayib qoldi.

– Tahlillar shuni koʻrsatmoqdaki, amaldagi jinoyat qonunchiligida xizmat vazifasini bajarib turgan tibbiyot xodimlariga nisbatan tajovuz qilish, ularga bu jarayonda tan jarohati yetkazish uchun javobgarlik choralari nisbatan yengil hisoblanadi, – deydi Sogʻliqni saqlash vazirligi yuridik boʻlim boshligʻi Ruslan Muhammadiyev. – Oqibatda xizmat vazifasini oʻtab turgan tibbiyot xodimlarining sogʻligʻiga hattoki, tiklab boʻlmaydigan jarohat yetkazgan aybdor shaxslar ham ayrim hollarda hech qanday jazo oʻtamasdan qolib ketmoqda. Bu esa tibbiyot xodimlarida oʻzlariga nisbatan sodir etilgan tajovuzlar yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat etishdan hech qanday naf yoʻq, degan tushuncha paydo boʻlishiga sabab boʻlmoqda. Kuzatuvlar bunday gʻayriqonuniy tajovuzga uchragan shifokorlarning beshtadan faqat bittasigina huquqni muhofaza qiluvchi organlarga aybdorni javobgarlikka tortishni soʻrab murojaat etishayotganligini koʻrsatmoqda.

Yaqindagina Toshkent shahrining Mirzo Ulugʻbek tumanida joylashgan “Ipoteka bank” binosi oldida Yoʻl harakati xavfsizligi xizmati xodimiga nisbatan zoʻravonlik qilgan haydovchiga nisbatan sud hukmi oʻqilib, u ozodlikdan mahrum qilish jazosiga tortilganligi toʻgʻrisidagi xabarlar ommaviy axborot vositalari va Internet tarmoqlarida keng tarqaldi.

Oʻtgan yil 3-avgust kuni Fargʻona viloyati Oltiariq tumanida fuqaro M.M. tez tibbiy yordam xodimlarining kech yetib kelganini, ular kelgunga qadar bobosining vafot etganini aytib, tez tibbiy yordam shifokori Sh.Sirojiddinovga oʻrtacha ogʻir darajadagi tan jarohati yetkazgani koʻpchilikka maʼlum. Vaholanki, ayni holatda shifokor bemorning yashash manziliga 10 daqiqa ichida yetib borgan va borgan paytda bemor allaqachon vafot etgan boʻlgan.

Jinoyat ishlari boʻyicha Fargʻona viloyati Oltiariq tuman sudining hukmiga koʻra, sudlanuvchi M.M. Jinoyat kodeksining 105-moddasi birinchi qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topilib, 2 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan, lekin jazo shartli hisoblanib, 1 yil sinov muddati belgilangan. Mazkur shaxsga nisbatan sud hukmi oʻqilgunga qadar ham unga nisbatan munosib xulq-atvorda boʻlish toʻgʻrisida tilxat ehtiyot chorasi qoʻllanilgan. Oddiyroq aytganda, hech qanday aybi boʻlmagan, bemorga yordam berish istagida oʻz vaqtida yetib kelgan shifokorning sogʻligʻiga tiklab boʻlmaydigan jarohat yetkazgan shaxs amalda hech qanday jazo oʻtamagan.

Bu yerda eʼtiborli jihati nimada? Oʻz xizmat vazifasini bajarayotgan, tegishli jismoniy va maxsus tayyorgarlikdan oʻtgan va yonida oʻqotar quroli ham boʻlgan ichki ishlar xodimiga mushtumzoʻrlik qilgan qonunbuzarning harakatlari bezorilik deb baholanadi va aybdor sud hukmi bilan jazo oʻtash uchun ozodlikdan mahrum etish joylariga yuboriladi. Lekin xuddi shunday xalqqa xizmat qilayotgan oddiy shifokorning sogʻligʻiga hech bir sababsiz tiklab boʻlmaydigan jarohat yetkazgan shaxsning harakatlari bezorilik deb topilmaydi va u yengilroq jazoni koʻzda tutuvchi Jinoyat kodeksi tegishli moddasi bilan sudlanadi hamda u jazodan qutilib qoladi.

– Jamiyatimizda koʻpayib ketayotgan bunday illatni oldini olishning eng asosiy va samarali yoʻllaridan biri sifatida yuqoridagi kabi noqonuniy xatti-harakatlar uchun javobgarlikni kuchaytirish, bunday harakatlarni bezorilik sifatida kvalifikatsiya qilish lozim, – deydi Ruslan Muhammadiyev. – Sababi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2002-yil 14-iyundagi 9-sonli “Bezorilikka oid ishlar boʻyicha sud amaliyoti haqida”gi qarorining 13-bandiga muvofiq, basharti, shaxs oʻz xatti-harakatlari bilan ayni vaqtda jamoat tartibini buzayotganligini va jamiyatga nisbatan ochiqdan-ochiq hurmatsizlik qilayotganligini ham yaqqol anglagan boʻlsa, qilmish bezorilik sifatida kvalifikatsiya qilinishi lozim.

Shu maqsadda, yuqorida qayd etganimizdek, Sogʻliqni saqlash vazirligi tashabbusi bilan kiritilayotgan loyihada Jinoyat kodeksining bezorilik uchun javobgarlikni koʻzda tutuvchi 277-moddasi uchinchi qismiga qoʻshimcha band (jinoyatning oʻz xizmat yoki fuqarolik burchini bajarishi munosabati bilan shaxsga yoki uning yaqin qarindoshlariga nisbatan sodir etilishi) kiritish taklif etilmoqda. Ushbu bandda nazarda tutilgan jinoyatni sodir etishda aybdor, deb topilganlar uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin boʻladi va bu oʻz oʻrnida katta profilaktik taʼsir kuchini koʻrsatadi.

Поделиться