O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Axborot sohasi va ommaviy kommunikatsiyalarni yanada rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida

2019-02-04 | Hujjatlar

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni

Mamlakatimizda soʻz va axborot erkinligini taʼminlash, axborot sohasi va ommaviy kommunikatsiyalarni rivojlantirishning institutsional-huquqiy asoslarini shakllantirish boʻyicha izchil ishlar amalga oshirilmoqda. 

Shu bilan birga, ommaviy axborot vositalari, matbuot, noshirlik-matbaa va axborot-kutubxona faoliyatini rivojlantirishni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash boʻyicha samarali tizim shakllanmagan. 

Davlat organlari, xoʻjalik boshqaruvi organlari, davlat korxonalari va tashkilotlari (keyingi oʻrinlarda – davlat organlari va boshqa tashkilotlar) matbuot xizmatlarining jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan oʻzaro hamkorligi yetarli darajada yoʻlga qoʻyilmagan. 

Bundan tashqari, sohaga investitsiyalar jalb etish hamda noshirlik-matbaa va axborot-kutubxona faoliyatini tashkil etishda, xususiylashtirish dasturlarini amalga oshirishda davlat-xususiy sheriklik imkoniyatlaridan foydalanishga lozim darajada eʼtibor qaratilmayapti. 

Axborot sohasini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tizimini takomillashtirish, mamlakat media-bozorini jadal rivojlantirish, davlat organlari va boshqa tashkilotlar faoliyatining ochiqligini taʼminlash, kitob va boshqa bosma mahsulotlar ishlab chiqarish sifatini oshirish maqsadida, shuningdek, 2017-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasidagi vazifalarga muvofiq: 

1. Quyidagilar: 

Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligi negizida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (keyingi oʻrinlarda – Agentlik); 

Qoraqalpogʻiston matbuot va axborot agentligi, viloyatlar va Toshkent shahar matbuot va axborot boshqarmalari negizida Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmalari (keyingi oʻrinlarda – hududiy boʻlinmalar); 

yuridik shaxs tashkil etmagan holda Oʻzbekiston Respublikasining axborot sohasi va ommaviy kommunikatsiyalarni rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda – Jamgʻarma); 

Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligining Ommaviy kommunikatsiyalar sohasida monitoring markazi negizida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligining Ommaviy kommunikatsiyalar masalalari boʻyicha markazi (keyingi oʻrinlarda – Markaz) tashkil etilsin. 

2. Toshkent matbaa-noshirlik kasb-hunar kolleji, uning nomini Noshirlik-matbaa faoliyati sohasida mutaxassislarni tayyorlash kasb-hunar kollejiga oʻzgartirgan hamda amaldagi moliyalashtirish tizimini saqlab qolgan holda Agentlik tasarrufiga oʻtkazilsin. 

3. Quyidagilar: 

a) Agentlikning asosiy vazifalari etib belgilansin: 

fuqarolarning soʻz va axborot erkinligiga doir konstitutsiyaviy huquqlarining roʻyobga chiqishini taʼminlash, mamlakatni ijtimoiy-siyosiy va sotsial-iqtisodiy rivojlantirishda ommaviy axborot vositalarining rolini kuchaytirish, media-bozorda ular uchun teng sharoitlar yaratish, shuningdek, jurnalistlar huquqlarini himoya qilish; 

ommaviy axborot vositalari, matbuot, noshirlik-matbaa va axborot-kutubxona faoliyatining rivojlanishini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlarini ishlab chiqish va amalga oshirishni taʼminlash, shuningdek, investitsiyalar jalb etish va davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida loyihalarni amalga oshirish uchun qulay shart-sharoitlarni shakllantirish; 

axborot sohasidagi qonun hujjatlarini qoʻllash amaliyotini umumlashtirish, ommaviy axborot vositalari, matbuot, noshirlik-matbaa va axborot-kutubxona faoliyatining rivojlanishini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ilgari surish va ishlab chiqish; 

davlat organlari va boshqa tashkilotlarga ular faoliyatining ochiqligini taʼminlashda, davlat xizmatchilariga ommaviy axborot vositalari bilan ochiq, ommaviy oʻzaro hamkorlik qilish madaniyatini singdirishda, shu jumladan, ularning matbuot xizmatlari (jamoatchilik bilan ishlash boʻyicha boʻlinmalari) faoliyatini muvofiqlashtirish va uslubiy jihatdan taʼminlash orqali koʻmaklashish; 

mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng miqyosli islohotlarni, investitsiyalar kiritish va ishbilarmonlik muhitini yaxshilash uchun yaratilgan qulay sharoitlarni, avvalo, xorijiy ishbilarmon doiralar, tadbirkorlar, salohiyatli investorlar, davlat va jamoat arboblari orasida targʻib etish va keng xabardor qilish masalalarida davlat organlari va boshqa tashkilotlar, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalari bilan oʻzaro hamkorlik qilish; 

tarmoq korxonalarining moddiy-texnik bazasini rivojlantirish va mustahkamlash, shuningdek, zamonaviy standartlashtirish va sertifikatlashtirish tizimlari, innovatsion gʻoyalar va texnologiyalarni joriy etish boʻyicha chora-tadbirlar ishlab chiqish va amalga oshirish; 

kitob nashr etish, elektron va audio kitoblar yaratish, kitob mutolaasi madaniyatini oshirish, xorijda oʻzbek adabiyotini ommalashtirish sohasida dasturiy chora-tadbirlarni ishlab chiqish va ularning amalga oshirilishini taʼminlash; 

jurnalistlar hamda ommaviy axborot vositalari, matbuot, noshirlik-matbaa va axborot-kutubxona korxonalari xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish, shuningdek, tarmoqning muhandislik-texnik mutaxassislarini tayyorlashda koʻmaklashish, ularning ijtimoiy va huquqiy himoyasini taʼminlash; 

respublika axborot xavfsizligini taʼminlashda ishtirok etish hamda axborot sohasidagi xatar va tahdidlarga qarshi oʻz vaqtida va munosib ravishda kurashish choralarini koʻrish; 

Agentlik vakolatiga taalluqli masalalar boʻyicha xalqaro hamkorlikni tashkil etish; 

b) Markazning asosiy vazifalari etib belgilansin: 

davlat organlari va boshqa tashkilotlar faoliyatining ochiqligi holati va darajasini tahlil qilish; 

milliy axborot makonini hamda ommaviy axborot vositalari, matbuot, noshirlik-matbaa va axborot-kutubxona faoliyatini rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha chora-tadbirlarning amalga oshirilishi samaradorligini monitoring qilish; 

ommaviy axborot vositalarida tarqatilayotgan materiallar mazmunining, shu jumladan, shaxs, jamiyat va davlat manfaatlarining himoyasini taʼminlashga qaratilgan qonun hujjatlari talablariga muvofiqligini tizimli asosda tahlil qilish; 

ommaviy axborot vositalari, matbuot, noshirlik-matbaa va axborot-kutubxona faoliyati sohasidagi muammo va toʻsiqlarni aniqlash; 

tahlil va monitoring natijalarini umumlashtirish va ular asosida tavsiyalar berish. 

4. Oʻzbekiston Respublikasi Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat boʻyicha davlat inspeksiyasining fonogrammalar va audiovizual asarlarni tarqatish (sotish, ijaraga berish va omma eʼtiboriga yetkazish)da mualliflik huquqlari sohasidagi qonunchilikka va normativ hujjatlarga rioya qilinishi ustidan davlat nazorati boʻyicha vakolatlari Agentlikka berilsin. 

5. Quyidagilar Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish manbalari etib belgilansin: 

Agentlikka idoraviy mansub nashriyotlar va matbaa korxonalarining mahsulotlarini sotishdan tushadigan sof tushumning 10 foizi miqdorida shartnoma asosidagi ajratmalardan shakllantiriladigan mablagʻlar; 

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjetidan 20 milliard soʻm miqdorida bir marta ajratiladigan mablagʻlar; 

Agentlik tomonidan ruxsatnoma tusidagi hujjatlar berganlik uchun davlat boji toʻlashdan tushadigan mablagʻlar; 

jismoniy va yuridik shaxslar, jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi norezidentlarining homiylik xayriyalari; 

qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa tushumlar. 

Belgilab qoʻyilsinki, Jamgʻarma mablagʻlari quyidagilarga sarflanadi: 

davlat va nodavlat ommaviy axborot vositalarini rivojlantirishni ragʻbatlantirish va ularning faoliyatini qoʻllab-quvvatlash, shuningdek, tarmoq korxonalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash; 

kitob mutolaasi madaniyatini oshirish, oʻzbek adabiyotini ommalashtirish, axborot-kutubxona muassasalarining kitob fondini rivojlantirish, nashriyotlarning oʻquv va adabiy materiallari kasbiy va badiiy saviyasini oshirish boʻyicha loyiha va dasturlarni moliyalashtirish; 

xorijda Oʻzbekistonning ijobiy imijini targʻib etish, axborot kampaniyalarini oʻtkazish, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning borishi, yaratilgan qulay sharoitlar va ishbilarmonlik muhitining yaxshilanishi toʻgʻrisida, avvalo, xorijiy ishbilarmon doiralar, tadbirkorlar, salohiyatli investorlar, davlat va jamoat arboblari orasida targʻibot olib borish va ularni keng xabardor qilish; 

jurnalistlar hamda ommaviy axborot vositalari, matbuot, noshirlik-matbaa korxonalari va axborot-kutubxona muassasalari xodimlarini, shu jumladan, mamlakatimizdan va xorijdan mutaxassislar jalb etish, xorijda oʻquv stajirovkalarini tashkil etish orqali tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tadbirlarini moliyalashtirish; 

Agentlik, uning hududiy va tarkibiy boʻlinmalarining xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish va moddiy-texnik bazasini mustahkamlash; 

Agentlikka yuklangan vazifalarni bajarish doirasida davlat organlari va boshqa tashkilotlar, nodavlat notijorat tashkilotlar, ilmiy va taʼlim muassasalari, yetakchi xalqaro tashkilotlar va xorijiy kompaniyalarning yuqori malakali xodimlarini, shuningdek, jumladan xorijiy mutaxassislarni maslahatchi sifatida jalb etish boʻyicha xarajatlarni qoplash. 

Agentlik Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda bir oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasining axborot sohasi va ommaviy kommunikatsiyalarni rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni belgilangan tartibda tasdiqlasin, unda, jumladan Agentlikka idoraviy mansub korxonalarning sof tushumidan mablagʻlarning bir qismi bevosita Jamgʻarmaga yoʻnaltirilishini nazarda tutsin. 

6. Agentlikka Toshkent shahri, Shayxontohur tumani, H.Rahmatullayev koʻchasi, 3-uy manzilida joylashgan Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligining “Barkamol avlod” respublika bolalar markazi binosi va inshootlari tutash hududi bilan birgalikda operativ boshqaruv huquqi asosida berilsin va unda Noshirlik-matbaa faoliyati sohasida mutaxassislarni tayyorlash kasb-hunar kolleji joylashtirilsin. 

7. Agentlik Adliya vazirligi va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda: 

qonun hujjatlariga mazkur Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin; 

oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni mazkur Farmonga muvofiqlashtirsin. 

8. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh.Nizomiddinov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining oʻrinbosari F.Sh.Mahmudov zimmasiga yuklansin. 

Oʻzbekiston Respublikasi 
Prezidenti                                                            Sh.MIRZIYOYEV 


Toshkent shahri, 
2019 yil 2 fevral

 

Поделиться