O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Maktablar faoliyati kuzatuv kengashlari tomonidan nazorat qilinadi
2019-02-04 | Ta’lim
Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirining 2018 yil 26 dekabrdagi “Umumiy oʻrta taʼlim muassasasining kuzatuv kengashi haqidagi namunaviy nizomni tasdiqlash toʻgʻrisida”gi 16-mh-son buyrugʻi (Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2019 yil 11 yanvarda 3118-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan) asosida Umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida Kuzatuv kengashi faoliyatini tashkil etilishi belgilangan.
Shu bois, 2019 yil 23 yanvar kuni Toshkent shahridagi taʼlim muassasalari direktorlari uchun Mirzo Ulugʻbek tumanidagi 64-sonli va Chilonzor tumanidagi 217-sonli maktablarda umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida Kuzatuv kengashi aʼzolarini belgilangan tartibda saylash va kengashning dastlabki namunaviy taʼsis yigʻilishlari oʻtkazildi. Mazkur yigʻilishda Xalq taʼlimi vazirligi va Toshkent shahar xalq taʼlimi bosh boshqarmasi tomonidan Kuzatuv kengashi faoliyatini toʻgʻri tashkil etish boʻyicha tegishli tavsiyalar berildi. Jumladan, taʼlim muassasalarida Vasiylik kengashi faoliyati tugatilib, Kuzatuv kengashlari faoliyatini tashkil etish maqsadi, taʼlim jarayonining shaffofligini taʼminlash, jamoatchilik taʼsirini kuchaytirish, oʻquvchilarning sifatli taʼlim olishlari, ularga tegishli shart-sharoitlar yaratish hamda taʼlim-tarbiya jarayonlarini qoʻllab-quvvatlash ekanligi taʼkidlab oʻtildi.
Kuzatuv kengashlari aʼzolari qanday tartibda saylanadi?
Umumiy oʻrta taʼlim muassasasining kuzatuv kengashi 7 kishidan kam boʻlmagan toq sondan iborat tarkibda tuziladi. Kengash aʼzolarining soni cheklanmaydi. Kengashga ota-onalar, sobiq bitiruvchilar va nafaqadagi sobiq pedagoglar, homiylar va jamoat vakillari kirishlari mumkin.
Shuningdek, kuzatuv kengashini taʼsis etish, kengash tarkibini va uning rahbar organlarini saylash yigʻilishlarini uch bosqichda oʻtkazish lozim boʻladi.
Birinchi bosqichda har bir sinf ota-onalari yigʻilishi oʻtkaziladi. Yigʻilishda ota-onalar “Umumiy oʻrta taʼlim muassasasining kuzatuv kengashi haqidagi Namunaviy nizom” bilan tanishtiriladi, taʼlim muassasasi umumiy yigʻilishiga 2 nafar vakil saylab olinadi.
Vakillarga yigʻilish qarori bilan taʼlim muassasasi umumiy yigʻilishida sinf ota-onalarining iroda-manfaatlarini ifoda etish, muhokamalarda faol qatnashish va qaror qabul qilish davomida ovoz berish vakolatlari beriladi.
Shuningdek, sinf ota-onalari yigʻilishida taʼlim muassasasi kuzatuv kengashi aʼzoligiga 1 nafar nomzod saylash uchun tavsiya etilishi mumkin, munosib nomzod boʻlmasa, tavsiya etilmasligi ham mumkin.
Ikkinchi bosqichda taʼlim muassasasining umumiy yigʻilishi oʻtkaziladi.
Yigʻilishda umumtaʼlim maktabining kuzatuv kengashi haqidagi Nizomni tasdiqlanadi va kuzatuv kengashini taʼsis etish, kuzatuv kengashi aʼzolari soni belgilanadi va ular tarkibi saylab olinadi.
Uchinchi bosqichda Kengashning birinchi yigʻilishi tuman xalq taʼlimi boʻlimi tomonidan tegishli taʼlim muassasasida tashkil etiladi.
Birinchi yigʻilishida ishtirok etayotgan Kuzatuv kengashi aʼzolar umumiy sonining oddiy koʻpchilik ochiq ovoz berishi orqali Kengash raisi va kotibi saylanadi.
Kengash raisi va kotibiga taʼlim muassasasining joriy yil maqsad va vazifalarini aks ettiruvchi hamda ularga erishish yoʻllari koʻrsatilgan
yillik reja loyihasini tayyorlash va kengashning keyingi yigʻilishi muhokamasiga kiritish yuzasidan qaror qabul qilinadi.
Shuningdek, taʼlim muassasasi direktori yoki uning oʻrinbosarlari, shuningdek, ularning yaqin qarindoshlari Kengash aʼzolari sifatida saylanishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Kengash tarkibi 3 yil muddatga saylanadi. Bunda Kengash tarkibi har oʻquv yili boshida koʻrib chiqilishi mumkin.
Kengash aʼzosi etib saylangan ota-onalarning farzandlari boshqa taʼlim muassasasiga oʻtkazilganda yoki bitirib ketganda, Kengashning ushbu aʼzosi Kengash aʼzolari qatoridan chiqariladi va uning oʻrniga ota-onalar orasidan boshqa aʼzo saylanadi.
Kengash aʼzosi kengashning yigʻilishlarida surunkali 3 marta uzrli sabablarsiz ishtirok etmagan taqdirda, u Kengash aʼzolari tarkibidan chiqariladi. Kuzatuv kengashi yigʻilishlari kamida uch oyda bir bor oʻtkaziladi.
Ilk Kuzatuv kengashlari qanday saylandi?
Yuqorida qayd etganimizdek, Mirzo Ulugʻbek tumanidagi 64-sonli va Chilonzor tumanidagi 217-sonli maktabda namunaviy tarzda mamlakatimizdagi ilk Kuzatuv kengashlari saylandi.
Ushbu jarayon ikki bosqichda oʻtkazildi.
Birinchi bosqichda, har bir sinfda tahsil olayotgan oʻquvchilar ota-onalaridan kengash aʼzoligiga taʼsis yigʻilishida delegat sifatida ishtirok etish uchun tavsiya berilgan nomzodlar roʻyxati oʻqib eshittirildi.
Taʼsis yigʻilishi davomida delegatlar maktabning Kuzatuv kengashi nizomini tasdiqlab berdi hamda taqdim etilgan nomzodlar orasidan kengash aʼzolarini sayladi.
Mirzo Ulugʻbek tumanidagi 64-sonli maktab Kuzatuv kengashiga yetti nafar va Chilonzor tumanidagi 217-sonli maktab kuzatuv kengashiga esa toʻqqiz nafar aʼzo saylandi. Soʻngra Kengash aʼzolari oʻz saflaridan Kuzatuv kengashi raisi va kotibini saylab oldilar.
Kengash raisi va aʼzolari taʼlim muassasasining joriy yil maqsad va vazifalarini aks ettiruvchi hamda ularga erishish yoʻllari koʻrsatilgan yillik reja loyihasini tayyorlaydi va kengashning keyingi yigʻilishi muhokamasiga kiritish yuzasidan qaror qabul qiladi. Mazkur tasdiqlangan reja asosida oʻz ish faoliyatini olib boradi.
Kuzatuv kengashlari asosiy maqsad va vazifalari?
Kuzatuv kengashining asosiy maqsad va vazifalari sirasiga taʼlim muassasasini rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlarini belgilash, xalq taʼlimi boshqaruv idoralari tomonidan tavsiya etilgan nomzodlar tarkibidan taʼlim muassasasi rahbarini saylash, shuningdek, belgilangan tartibda uni egallab turgan lavozimidan ozod etish haqida takliflar kiritish ham mumkin.
Kuzatuv kengashi aʼzolari taʼlim muassasasining maqsadlari va vazifalarini hamda ularga erishish rejalarini tasdiqlaydi, taʼlim muassasasida amalga oshirilishi belgilangan vazifalarning bajarilishi va maqsadli koʻrsatkichlarga erishilishi ustidan nazorat olib boradi.
Kengash taʼlim muassasasi rahbarining muassasa faoliyatini takomillashtirish, moliyaviy-xoʻjalik holati, daromadlar va xarajatlar, byudjet, byudjetdan tashqari, homiylik va boshqa mablagʻlardan foydalanish boʻyicha koʻrilgan chora-tadbirlar toʻgʻrisidagi hisobotlarini vaqti-vaqti bilan tinglaydi.
Kuzatuv kengashi taʼlim muassasasi rahbarining taqdimnomasi boʻyicha yillik moliyaviy rejalarni, koʻrsatilayotgan pullik xizmatlar narxining miqdorlarini va muassasa mulkidan foydalanganlik uchun ijara haqi miqdorini, shu jumladan auksiondagi boshlangʻich narxni koʻrib chiqadi va tasdiqlaydi.
Kuzatuv kengashiga oʻquvchilar uchun yaratilgan sharoitlar ustidan tizimli ravishda monitoring oʻrnatish, oʻquvchilar va ular ota-onalarining murojaatlarini koʻrib chiqish, taʼlim muassasasining pedagog va rahbar xodimlari faoliyati toʻgʻrisida ijtimoiy soʻrovlarni oʻtkazish, taʼlim muassasasining faoliyatini tashkil etishga taalluqli boshqa masalalarni hal qilishda ishtirok etish vazifalari yuklatilgan.
Taʼkidlash joizki, maktablarda faoliyat yuritgan vasiylik kengashlari oʻz faoliyatini yakunladi. Soʻnggi paytda vasiylik kengashlariga eʼtirozlarning koʻpayishi sababi asosan ota-onalardan pul yigʻish muammolariga bogʻliq edi.
Kuzatuv kengashi yuqorida keltirilgan vazifalarni hal qilgan holda noqonuniy mablagʻ yigʻish holatlari bilan ham kurashadi.
Shu bilan birga Kuzatuv kengashi maktab direktorlarini tayinlash jarayonidagi korrupsiya omillarini bartaraf etadi. Maktab direktorlari tuman xalq taʼlim boʻlimlari tomonidan toʻgʻridan toʻgʻri tayinlanmaydi. Kuzatuv kengashiga bir necha nomzod taqdim etiladi va kengash aʼzolari oʻquv muassasasining rahbarini taqdim etilgan nomzodlardan tanlab oladilar.