O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Oʻzbekiston delegatsiyasi Afgʻoniston boʻyicha xalqaro aloqa guruhining majlisida ishtirok etdi
2019-02-04 | Siyosat
2019-yilning 31-yanvar kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentning Afgʻoniston boʻyicha maxsus vakili Ismatulla Irgashev boshchiligidagi delegatsiya Afgʻoniston boʻyicha xalqaro aloqa guruhining navbatdagi majlisida ishtirok etdi.
Xalqaro aloqalar guruhi 2009-yilda tashkil etilgan boʻlib, uning maqsadi Afgʻonistondagi inqirozning hozirgi holati va hal etish istiqbollarini muhokama qilish, shuningdek, Afgʻonistondagi mustahkam va uzoq muddatli tinchlik va barqarorlikka erishish hisoblanadi.
Ushbu tadbirda 60 dan ziyod mamlakat, jumladan AQSH, Rossiya, Xitoy, Germaniya, Buyuk Britaniya, Fransiya, Turkiya, MDH davlatlari, BMT, Yevropa Ittifoqi, NATO, Osiyo taraqqiyot banki, Islom hamkorlik tashkiloti vakillari ishtirok etdilar.
Oʻzbekiston delegatsiyasi rahbarining nutqida tinch siyosiy jarayonlarga koʻmaklashish, shuningdek qoʻshni Afgʻoniston milliy iqtisodiyotini tiklashda amaliy yordam berish va Afgʻoniston tomoni bilan keng koʻlamli infratuzilma loyihalarini amalga oshirishga qaratilgan Oʻzbekiston rahbariyatining saʼy-harakatlariga alohida eʼtibor qaratildi.
Tadbir ishtirokchilarga faqat afgʻonlar va Afgʻoniston xalqi rahbarligida mamlakatni tinch yoʻl bilan qayta tiklash jarayonini amalga oshirish kerakligi toʻgʻrisidagi Oʻzbekistonning qatʼiy mavqeyi maʼlum qilindi.
Majlisda ishtirok etish doirasida Oʻzbekiston delegatsiyasi AQSHning Afgʻoniston boʻyicha Maxsus vakili Zalmay Xalilzod va AQSH Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo ishlari boʻyicha yordamchisi oʻrinbosari Elis Uells, Germaniya Hukumatining Afgʻoniston va Pokiston boʻyicha Maxsus vakili Markus Potsel, Buyuk Britaniyaning Afgʻoniston boʻyicha Maxsus vakili oʻrinbosari Lesli Kreyg va Fransiya TIVning Janubiy Osiyo departamenti direktori Kamil Peti bilan ikki tomonlama uchrashuvlar ham oʻtkazdi.
Uchrashuvlar davomida Afgʻonistondagi vaziyatni tezda barqarorlashtirish boʻyicha saʼy-harakatlarni muvofiqlashtirish va qoʻshma ijtimoiy-iqtisodiy loyihalarni amalga oshirishning amaliy jihatlari muhokama qilindi.