O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Adliya vazirligi: eng koʻp uy Toshkent shahrida, eng kami Sirdaryo va Xorazm viloyatlarida sotildi

2019-01-30 | Jamiyat

Adliya vazirligi 2018-yilda aholiga koʻrsatilgan huquqiy xizmatlar turlari haqidagi maʼlumotlarni eʼtiboringizga taqdim etadi.

Xususan, respublikadagi barcha notariuslar tomonidan 2018-yil davomida 4 mln. 282 mingdan ortiq notarial harakat amalga oshirilgan boʻlib, 2017-yilga nisbatan (5 mln.910 mingdan ortiq) 28 foizga kamaygan.

Eng qiziqarlisi, ushbu statistika Respublikaning barcha davlat notarial idoralari tomonidan bir daqiqada 31 ta notarial harakat amalga oshirilishiga erishilganligini anglatadi.

Koʻchmas mulk. Oʻtgan yilda koʻchmas mulkni boshqa shaxsga oʻtkazish bilan bogʻliq bitimlar soni 203 525 taga yetgan, ushbu koʻrsatkich 2017-yilda 165 587 tani tashkil etgan edi. Shundan, uy-joy oldi-sotdi shartnomalari 148 640 ta (2017-yilda 119 871 ta). Uy-joy oldi-sotdi shartnomalari eng koʻp amalga oshirilgan hudud Toshkent shahri boʻlsa, eng kam uy-joy oldi-sotdisi Sirdaryo va Xorazm viloyatlariga toʻgʻri keladi.

Qiziqarli tomoni, Toshkent shahrining Chilonzor tumanida ofis, maishiy xizmat koʻrsatish va yashash uchun moʻljallangan jamlanma kompleks taraflar oʻrtasida 9 mlrd soʻmdan ortiq bahoga narxlanib oldi-sotdi qilingan.

Avtotransport vositalari bilan bogʻliq notarial harakatlar.

2018-yilda 345 392 ta avtotransport vositasi oldi-sotdi qilindi. Bu esa 2017-yilga nisbatan 7 003 taga yoki 0,5 foizgakam demakdir.

Notariuslar faoliyatidagi avtotransport vositalari oldi-sotdisi bilan bogʻliq 2018-yilda qayd etilgan eng qiziqarli maʼlumotlardan biri Toshkent shahrida 1936-yilda ishlab chiqarilgan “Mersedes Benz” avtotransport vositasi sotildi.

2018-yil davomida avtotransport vositalaridan foydalanish va tasarruf etish huquqi bilan notarial idoralarda 670 717 ta ishonchnoma rasmiylashtirilgan.

Shuningdek, koʻchmas mulkni tasarruf etish huquqi bilan berilgan ishonchnomalar hisobot davrida 23 183 tani tashkil etdi.

Bundan tashqari

Oilaviy munosabatlarga oid kelishuvlar. Yil davomida respublika notarial idoralarida 219 ta nikoh shartnomalari tuzilgan. Nikoh shartnomasini notarial tasdiqlaganlik uchun davlat bojining bekor qilinishi ushbu turdagi harakatlarning koʻpayish sabablaridan biri boʻlgan.

Toʻlovlar. “Notarius” avtomatlashtirilgan axborot tizimi “Billing” axborot tizimi bilan integratsiya qilinganligi natijasida 2018-yil 1-fevraldan notarial harakatlar uchun toʻlovlar elektron tarzda amalga oshirilib kelinmoqda.

Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari notarial harakatlar uchun toʻlanadigan pullik xizmat toʻlovlaridan ozod qilindi.

Xabaringiz bor, Soliq kodeksining 331-moddasiga asosan aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari notarial xizmatlardan foydalanganligi uchun davlat bojini toʻlashdan ozod qilingan. Biroq mazkur shaxslar notarial harakatni rasmiylashtirganda huquqiy maslahat berganlik, hujjatlar loyihasini tuzganlik va mol-mulkka nisbatan taqiq tekshirilganligi uchun notarius tomonidan haq undirilar edi.

Endilikda 2019-yilning 10-yanvaridan boshlab aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari hamda ayrim tashkilotlar notariusga murojaat qilganda huquqiy va texnik tusdagi qoʻshimcha harakatlar uchun haq toʻlashdan ozod qilindi.

Misol uchun, bugunga qadar pensiyadagi shaxs pensiya pullarini olish uchun biror shaxsga ishonchnoma berganda notariuslar tomonidan eng kam oylik ish haqining 15 foizi, yaʼni 30 409 soʻm miqdorida pullik xizmat undirib kelingan edi. Bundan buyon, nafaqadagi shaxs pensiya pullarini olish uchun ishonchnoma berganda notariuslar tomonidan hech qanday toʻlovlar undirilmasligi belgilandi.

Maʼlumot uchun 2018-yil davomida jami 117 102 ta bunday turdagi ishonchnomalar tasdiqlangan boʻlsa, undiriladigan huquqiy va texnik tusdagi harakatlar uchun toʻlov miqdori 2 mlrd 374 mln soʻmni tashkil etgan.

Xulosa qilib aytadigan boʻlsak, notariat instituti jismoniy va yuridik shaxslarga yanada samarali huquqiy xizmatlarini koʻrsatishda davom etadi.

Поделиться