O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
“RoboCraft” kurslari tashkil etildi
2019-01-30 | Ta’lim
Joriy yilning 29 yanvarida “Barkamol avlod” Respublika bolalar oʻlkashunoslik va ekologiya markazida “RoboCraft” maxsus kurslarining taqdimoti boʻlib oʻtdi. Tadbirda Xalq taʼlimi vazirligi Int Tech korxonasi bilan hamkorligida tashkil etilgan maxsus kurs imkoniyatlari borasida ishtirokchilarga batafsil maʼlumot berildi.
Alohida taʼkidlash joizki, mamlakatimizda oʻquvchi-yoshlarning ijodkorlik qobiliyatlarini rivojlantirishga katta eʼtibor qaratilmoqda. Xususan, “Barkamol avlod” Respublika bolalar oʻlkashunoslik va ekologiya markazida bolalarga robot va dasturlar ishlab chiqarishni oʻrgatish maqsadida “RoboCraft” ixtisoslashtirilgan kurslarning ochilishi innovatsion islohotlarni yanada rivojlantirilmoqda.
Ahamiyatli jihati shundaki, taqdimot marosimida Oʻzbekistonda ishlab chiqilgan 3D printeri hamda Junior E robot-dizayneri ishtirokchilar eʼtiborini oʻziga jalb etdi. Oʻquvchilar STEM metodikasi asosida oʻtiladigan kurs mashgʻulotlarida 3D printerida ishlash, jumladan, dasturlash, robotlar yasab, ularni boshqarishni oʻrganayotganliklari haqida maʼlumot berishdi.
Tadbir davomida oʻquvchilar tomonidan yasalgan robotlarning qanday vazifalarni bajarishi amalda koʻrsatib berildi.
Asosiysi, bugun dunyo eʼtiborida boʻlgan robototexnika, 3D-dasturlash, konstruktorlash kabi zamonaviy bilimlarga ega boʻlish uchun yurtimiz yoshlariga ham keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Kelgusida mazkur oʻquv kurslari har bir maktabda tashkil etilishi rejaga kiritilgan.
“RoboCraft” ixtisoslashtirilgan kurslariga qiziqishi boʻlgan ijodkor oʻquvchilar Yunusobod tumani, 15-daha, Ahmad Donish koʻchasi 72-A uy manziliga murojaat etishlari mumkin.
Murojaat uchun telefonlar: +99871 222-15-44