O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Investitsiya va tashqi savdo sohasida boshqaruv tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
2019-01-30 | Hujjatlar
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni
Mamlakatimizda investitsiya iqlimini yaxshilash, eksport salohiyatini oshirish, biznesni jadal rivojlantirish uchun asos sifatida investitsiya va tashqi savdo faoliyatini samarali tartibga solish boʻyicha salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, investitsiya jarayonining mahsulotni tashqi bozorlarda ilgari surish yakuniy koʻrsatkichlari bilan sust bogʻlanganligi saqlanib qolmoqda. Davlat boshqaruvining amaldagi tizimi investitsiya va savdo masalalarini alohida tartibga solishga asoslangan, bu esa mazkur sohalarda tashkiliy-huquqiy mexanizmlarni qayta koʻrib chiqishni taqozo etmoqda.
Respublikaning investitsiya salohiyatini oshirish, iqtisodiyotning ustuvor soha va tarmoqlariga investitsiyalarni jalb qilish, investitsiya kiritish jarayonining raqobatbardosh eksportga moʻljallangan mahsulotlarni ishlab chiqarish bilan oʻzaro bogʻliqligini taʼminlash hamda 2017-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturida belgilangan vazifalarni amalga oshirish maqsadida:
1. Quyidagilar investitsiya va tashqi savdo sohasida boshqaruv tizimini takomillashtirishning muhim yoʻnalishlari etib hisoblansin:
birinchi – raqobatbardosh eksportga moʻljallangan mahsulotlarni ishlab chiqarish maqsadida mahalliy va xorijiy tadbirkorlarga Oʻzbekistonning ustuvor soha, tarmoq va hududlariga investitsiya kiritish uchun qulay investitsiya iqlimi va ragʻbatlarni yaratish, shuningdek, har bir davlat organi tomonidan investitsiyalarni faol jalb qilish va savdoni rivojlantirishga koʻmaklashish borasidagi vazifalarning soʻzsiz bajarilishi;
ikkinchi – mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor vazifalarini hal qilish uchun davlat moliyaviy vositalari, xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining qarz resurslari va texnik koʻmaklashish vositalari (grantlari)dan foydalanish samaradorligini oshirishga imkon beruvchi markazlashgan investitsiyalarning boshqaruv tizimini yaratish;
uchinchi – Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro nufuzini yaxshilash, mamlakatning iqtisodiyot tarmoqlari va hududlarini jadal rivojlantirishni taʼminlash, ilgʻor texnologiyalarni transfer qilish uchun xorijiy, shu jumladan, toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalarni keng jalb qilish, ishbilarmonlik va investitsiya iqlimini bosqichma-bosqich takomillashtirish;
toʻrtinchi – respublikaning iqtisodiy manfaatlaridan kelib chiqqan holda davlat organlari va tadbirkorlik subyektlarining xorijiy investorlar, savdo boʻyicha hamkorlar, xorijiy hukumat va xalqaro tashkilotlar bilan oʻzaro samarali aloqalarini taʼminlash;
beshinchi – barqaror iqtisodiy oʻsishni taʼminlash maqsadida optimal bojxona-tarif siyosatini amalga oshirish, Jahon savdo tashkilotiga integratsiyalash, boshqa koʻp tomonlama savdo-iqtisodiy tizimlar bilan hamkorlik qilish;
oltinchi – eksport qiluvchilarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, savdo, shu jumladan, tashqi savdo infratuzilmasini, elektron tijorat tizimini bosqichma-bosqich rivojlantirish, mazkur sohadagi qonun hujjatlarini takomillashtirish;
yettinchi – mahalliy tovarlar va xizmatlarning tashqi bozorlarga chiqishi uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish, samarali transport yoʻlaklarini shakllantirish, yetkazib berish geografiyasini diversifikatsiya qilish maqsadida zamonaviy logistika tarmoqlarini rivojlantirish;
sakkizinchi – tashqi bozorlarda mahalliy tovarlarning raqobatbardoshligini oshirish uchun mahsulotni sifat jihatdan boshqarishning zamonaviy tizimlarini keng joriy qilishni hamda ularning xalqaro standartlar va texnik reglamentlar talablariga muvofiqligini taʼminlash, savdoning barqaror oʻsishi va investitsiya siyosatini faollashtirishni taʼminlovchi ilgʻor axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilish.
2. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligi va Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi negizida Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi(keyingi oʻrinlarda – Vazirlik);
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligining vakolatli vakillari va Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasining tegishli hududiy boʻlinmalari negizida Vazirlikning Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri, tumanlar (shaharlar)dagi hududiy boʻlinmalari tashkil etilsin.
Belgilansinki, Vazirlik Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligi va Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasining huquqlari, majburiyatlari va shartnomalari, shu jumladan, xalqaro shartnomalari boʻyicha huquqiy vorisi hisoblanadi.
3. Belgilab qoʻyilsinki, Vazirlik:
yagona davlat investitsiya siyosatini amalga oshirish, xorijiy, birinchi navbatda, toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalarni jalb qilishni muvofiqlashtirish, xalqaro moliya institutlari (boshqaruv ofislari) va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari bilan hamkorlik qilish, shuningdek, tashqi savdo va xalqaro iqtisodiy hamkorlik sohasida yagona davlat siyosatini shakllantirish va muvofiqlashtirish uchun masʼul vakolatli davlat organi hisoblanadi;
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi tomonidan ishlab chiqiladigan oʻrta muddatli investitsiya siyosati strategiyasi va Oʻzbekiston Respublikasini 2030-yilgacha ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish konsepsiyasi asosidahududlar va tarmoqlarning rivojlanish konsepsiyalarini ishlab chiqishni muvofiqlashtiradi;
mamlakatning tashqi iqtisodiy manfaatlarini ilgari surish, Oʻzbekiston Respublikasi tashqi iqtisodiy faoliyati ishtirokchilarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish doirasida vazirlik va idoralar, shuningdek, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini muvofiqlashtiradi;
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi hamda Iqtisodiyot va sanoat vazirligi bilan birgalikda eksportni qoʻllab-quvatlash strategiyasini, shu jumladan, uni ragʻbatlantiruvchi instrumentlarni ishlab chiqadi va amalga oshirilishini taʼminlaydi;
xalqaro va xorijiy hukumat moliya institutlarining jalb qilinadigan kredit resurslari va texnik koʻmaklashish vositalari (grantlari)dan, Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi mablagʻlaridan, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalari mablagʻlari hisobidan markazlashgan investitsiyalardan samarali foydalanishboʻyicha tavsiyalar ishlab chiqadi;
idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻsimliklar karantini davlat inspeksiyasi, Davlat veterinariya qoʻmitasi, “Oʻzstandart” agentligi, Sogʻliqni saqlash vazirligining Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati respublika markazining ichki va tashqi bozorlardagi savdo faoliyatiga taʼsir qiluvchi choralarni qoʻllash qismi boʻyicha harakatlarini qonunchilikda belgilangan tartibda muvofiqlashtiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda davlat organlari vakolatlarining investitsiyaviy, shuningdek, savdo faoliyatiga taʼsir etish nuqtai nazaridan xatlovdan oʻtkazilishini taʼminlasin va qoʻllaniladigan choralarni Vazirlik bilan kelishish tartibini tasdiqlasin.
4. Vazirlikning asosiy vazifalari va faoliyat yoʻnalishlari etib quyidagilar belgilansin:
yagona davlat investitsiya siyosatini amalga oshirish, davlat rivojlanish dasturlari va investitsiya dasturlari, shu jumladan, tarmoq va hududiy investitsiya dasturlari ishlab chiqilishi va samarali amalga oshirilishini muvofiqlashtirish;
xorijiy investitsiyalarni jalb qilish ishlarini muvofiqlashtirish, xalqaro iqtisodiy va moliya institutlari, xorijiy hukumat moliya tashkilotlari bilan ikki tomonlama va koʻp tomonlama formatda oʻzaro samarali hamkorlikni amalga oshirish;
davlat organlari va tashkilotlarining, Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro hamda xorijiy moliya va iqtisodiy institutlardagi doimiy vakillarining, shuningdek, Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda Oʻzbekiston Respublikasining xorijiy muassasalarida tashqi iqtisodiy faoliyat masalalari bilan shugʻullanuvchi xodimlarning faoliyatini muvofiqlashtirish;
Oʻzbekiston Respublikasining investitsiyaviy hamkorlik masalalari borasidagi xalqaro shartnomalarini tayyorlash, kelishish va imzolashda ishtirok etish;
investorlar bilan doimiy qayta aloqani yoʻlga qoʻyish, investitsiyalarni jalb qilishda hududlar va mahalliy kompaniyalarga koʻmaklashish, investitsiya takliflarini ishlab chiqishni tashkillashtirish;
tashqi savdo sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish, Eksportni qoʻllab-quvvatlash milliy tiziminingsamarali ishlashiga koʻmaklashish va taʼminlash, tashqi savdo faoliyatini tartibga solish sohasida davlat organlari va tashkilotlarining faoliyatini muvofiqlashtirish;
savdoda tarif va notarif tartibga solish choralarini qoʻllash hamda elektron tijorat tartib-taomillarini takomillashtirish bilan bogʻliq tadbirlarni muvofiqlashtirish;
Oʻzbekiston Respublikasining xorijiy davlatlar bilan savdo aloqalarini kengaytirish va mustahkamlash, tovarlar, ishlar va xizmatlar eksportini qoʻllab-quvvatlash;
Oʻzbekiston Respublikasining Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlish va boshqa koʻp tomonlama iqtisodiy tashkilotlar bilan hamkorlik qilish jarayonlarini muvofiqlashtirish;
ulgurji va birja savdolarini tartibga solish masalalarini muvofiqlashtirish, bozor holatini monitoring va tahlil qilish, marketing tadqiqotlarini oʻtkazish va tovarlar narxlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni tahlil qilish;
tashqi savdo infratuzilmasini rivojlantirish, shu jumladan, tranzit salohiyati darajasini oshirish, logistika va transport yoʻlaklarini takomillashtirish, shuningdek, eksport marshrutlarini diversifikatsiya qilish masalalarini ilgari surish.
5. Belgilansinki:
Vazirlik investitsiya va savdo faoliyatiga, shu jumladan, investitsiya loyihalarini amalga oshirishga salbiy taʼsir koʻrsatadigan muammolarni oʻrganishni taʼminlaydi;
Vazirlikning oʻz vakolati doirasida qabul qilgan va normativ-huquqiy xususiyatga ega boʻlgan qarorlari davlat organlari va tashkilotlar, shuningdek, jismoniy shaxslar tomonidan bajarilishi majburiydir;
davlat organlari va tashkilotlari, shuningdek, respublikaning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari Vazirlikning soʻroviga koʻra tegishli maʼlumotlarni oʻrnatilgan tartibda taqdim etadi;
Vazirlik tegishli idoralarning investitsiya siklining har bir bosqichida investorlarga hamrohlik qilishi, byurokratik koʻrinishlarning oldini olgan holda yuzaga kelayotgan tashkiliy masalalarni, shu jumladan, investitsiyadan keyingi davrda hal qilish boʻyicha muzokaralar olib borilishini tashkil qiladi;
davlat boshqaruvi organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlari, shuningdek, ustav kapitalida davlat ulushi ustun boʻlgan xoʻjalik yurituvchi subyektlar tashabbusi bilan qiymati 10 million AQSH dollaridan ortiq ekvivalentdagi investitsiyalarni jalb qilish sohasidagi kelishuvlar Vazirlik bilan oldindan kelishilishi shart;
davlat organlari va tashkilotlarga investorlar, shuningdek, investitsiya ishtirokidagi tashkilotlardan kelib tushgan murojaatlarni Vazirlik tomonidan monitoring qilish uchun ularning nusxalari murojaatlar kelib tushgan kundan boshlab bir kun muddatda “Investitsiya portali”ga joylashtiriladi;
Vazirlik doimiy asosda investorlar murojaatlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning umumlashtirilishini taʼminlaydi va investorlarning, shu jumladan, salohiyatli investorlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish yuzasidan takliflarni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritadi;
investitsiyalar, savdo va iqtisodiy tartibga solish masalalariga oid normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari majburiy tartibda Vazirlik bilan kelishilishi lozim.
6. Vazirlik Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi bilan birgalikda ikki oy muddatda:
a) vakolatli davlat organlari va tashkilotlarda, ularning hududiy boʻlinmalarida quyidagilarni amalga oshirish imkonini beruvchi zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish boʻyicha taklif kiritsin:
investitsiya loyihalarining amalga oshirilishi, investorlar murojaatlarining oʻz vaqtida koʻrib chiqilishini nazorat qilish, tegishli tarmoq yoki hududning investitsiya salohiyati toʻgʻrisidagi statistik maʼlumotlar va axborotlarni tizimlashtirish;
davlat organlari va tashkilotlariga kelib tushgan investorlar va investitsiya ishtirokidagi tashkilotlar murojaatlarining koʻrib chiqilishini monitoring qilish;
b) 2019-yil 1-martga qadar “Investitsiya portali”da investitsiya loyihalarini amalga oshirish, investorlar murojaatlarini koʻrib chiqish natijalarining markazlashgan maʼlumotlar bazasini ishlab chiqsin va joriy qilsin;
v) Davlat bojxona qoʻmitasi, Davlat soliq qoʻmitasi va Davlat statistika qoʻmitasi bilan birgalikda Tashqi savdo operatsiyalarining yagona elektron axborot tizimi negizida tashqi savdo statistikasini hisobga olish, monitoring va tahlil qilish boʻyicha avtomatlashtirilgan axborot tizimini ishlab chiqsin.
7. Belgilab qoʻyilsinki:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablagʻlari, Vazirlikning byudjetdan tashqari mablagʻlari, shu jumladan, vaqtincha boʻsh turgan byudjetdan tashqari va qarz mablagʻlarini tijorat banklari depozitlariga joylashtirishdan olinadigan daromadlar, koʻrsatilgan xizmatlardan olinadigan daromadlar hamda qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar Vazirlik faoliyatini moliyalashtirish, uning xodimlarini ragʻbatlantirish (ish haqi, mukofotlar, ustamalar va boshqa mukofot pullarini toʻlash) manbalari hisoblanadi;
Vazirlik xodimlarining mehnatiga byudjetdan tashqari mablagʻlarva qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan haq toʻlash shartlari investitsiyalar va tashqi savdo vaziri tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda belgilanadi.
8. Vazirlikka xalqaro moliya institutlari, xorijiy hukumat moliya tashkilotlari va donor mamlakatlar ishtirokidagi investitsiya loyihalari doirasida tashkil etilgan va faoliyat yuritayotgan loyihalarni amalga oshirish guruhlari xodimlarini, shuningdek, investitsiyaviy loyihalarning tashabbuskorlari boʻlgan vazirlik, idora, xoʻjalik birlashmalari mutaxassislarini investitsiya siklining barcha bosqichlarida investitsiya loyihalarini tayyorlash va amalga oshirish jarayonlariga jalb etish huquqi berilsin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlari ilovaga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
10. Vazirlik manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga:
ushbu Farmon talablaridan kelib chiqqan holda, davlat organlari va tashkilotlarining investitsiya va savdo sohasidagi vazifalari, funksiyalari va vakolatlarini qayta koʻrib chiqish boʻyicha takliflarni;
Vazirlik faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisidagi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori loyihasini;
qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirishva qoʻshimchalar toʻgʻrisida takliflarni kiritsin.
11. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh.Nizomiddinov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi oʻrinbosari B.M.Mavlonov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari E.M.Gʻaniyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri, 2019-yil 28-yanvar