O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Dogʻiston davlat tibbiyot universiteti bilan Andijon davlat tibbiyot instituti oʻrtasida ikkita qoʻshma fakultet ochiladi
2019-01-28 | Ta’lim
Shu kunlarda Andijon davlat tibbiyot instituti rektori Madamin Madazimov Rossiya Federatsiyasi Dogʻiston Respublikasida boʻlib turibdi.
Oʻtgan yil oktyabr oyida Toshkent shahrida oʻtkazilgan Rossiya – Oʻzbekiston taʼlim forumi doirasida har ikki oliygoh – Andijon davlat tibbiyot instituti va Dogʻiston davlat tibbiyot universiteti oʻrtasida Xalqaro hamkorlik kelishuvi imzolangan edi.
Ushbu hamkorlik doirasida joriy yil 25-yanvar kuni Rossiya Federatsiyasining Dogʻiston davlat tibbiyot universitetida Andijon davlat tibbiyot instituti rektori Madamin Madazimov hamda Dogʻiston davlat tibbiyot universiteti rektori Suleyman Mammayev oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtdi. Unda institutlar qoshida ikkita qoʻshma fakultet ochish boʻyicha Kelishuv imzolandi.
Kelishuvga koʻra, qoʻshma fakultetlarga qabul 2019-2020 oʻquv yilidan Stomatologiya yoʻnalishi boʻyicha, 2020-2021 oʻquv yildan boshlab esa Davolash ishi yoʻnalishi boʻyicha talabalar qabul qilinishi rejalashtirilgan. Shuningdek, taʼlim jarayoniga zamonaviy texnologiyalardan – telemeditsina, masofaviy, elektron va simulyatsion taʼlimlar kiritilishi koʻzda tutilmoqda. Shu bilan birga qabul komissiyasi va bitiruvchilar yakuniy attestatsiyasi komissiyasi tuzilishi va hamkorlikda xalqaro standartlar asosida qoʻshma oʻquv dasturlari va oʻquv rejalari ham yaratilishi belgilangan.
Qoʻshma fakultet talabalari oʻqishni tamomlagach ikki tomonlama, Rossiya va Oʻzbekiston namunasidagi diplomlarga ega boʻladilar. Bu Andijon davlat tibbiyot institutining yagona xalqaro taʼlim muhitiga jadallik bilan kirib borayotganidan dalolat.
Uchrashuvda ADTI rektori M.Madazimov soʻzga chiqib, hamkorlik haqidagi mazkur kelishuv kelgusida oʻzaro manfaatli va samarali hamkorlikka asos boʻlishi, har ikki oliygoh professor-oʻqituvchi va talabalari tajriba almashuvi, malaka oshirishi hamda ilmiy-amaliy konferensiyalar oʻtkazishga zamin boʻlishi qayd etildi.