“Yurtimizni yanada obod etaylik shiori ostida yurtimiz boʻylab oʻtkazilayotgan ekologik xayriya hasharida Jizzaxlik yoshlar ham faol ishtirok etmoqda. Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Jizzax viloyati kengashi va vilфсoyat “Kamalak” bolalar tashkiloti tashabbusi bilan viloyatdagi 542 umumtaʼlim, 79 kasb-hunar taʼlimi hamda akademik litseylar, 2 oliy taʼlim muassasasida hashar tashkil etildi.
Orolboʻyi ekologik holat oqibatlarini yumshatish borasida oʻtkazilayotgan ekologik umumxalq hasharida yoshlar atrof-muhitni obodonlashtirish, ariqlarni tozalash, daraxtlarni oqlash va koʻchalarni chiqindilardan tozalash ishlarini olib bormoqda.
Jizzax shahridagi Sharof Rashidov xiyoboni hududida tashkil etilgan hasharda Jizzax viloyati va shahar Sardorlar kengashi faollari ishtirok etib, “Ekopatrul” va “Quvnoq hashar” loyihalarini amalga oshirdi.
– Xalqimizning mehr-oqibat, hamjihatlik va birdamlik kabi insoniy fazilati va qadriyati hisoblangan hashar Jizzax viloyatida ham uyushqoqlik bilan tashkil etilmoqda, – deydi Yoshlar ittifoqi Jizzax viloyati kengashi raisi oʻrinbosari, viloyat “Kamalak” bolalar tashkiloti raisi Shohida Damanova. – Bugungi umumxalq ekologik hasharida Yoshlar ittifoqi faollari, sardorlar va oʻquvchilar oʻz hududini tozalash, mevali va manzarali daraxt koʻchatlari ekish, daraxtlarni oqlash ishlarini amalga oshirdi. Har bir hudud sardorlari tengdoshlarini hasharda faol ishtirok etishga undash maqsadida bir maktabdan ikkinchi maktabga, talabalar esa oʻz taʼlim muassasasidan ikkinchi oliy taʼlim muassasasi hududiga qadar hashar uyushtirdi.
Hasharda 18 ming nafarga yaqin yoshlari ishtirok etdi.
– Mazkur hashardan tushgan mablagʻlar Orol dengizining suvi qurigan maydonlarda oʻrmonlar barpo etish va ayniqsa, kam taʼminlangan, eʼtiborga muhtoj tengdoshlarimizga yordam sifatida berilishini eshitib, barcha oʻquvchilar va Sardorlarni hasharda faol ishtirok etishga chaqirdik, – deydi Jizzax viloyati Sardorlar kengashi Salomatlik va ekologiya yoʻnalishi sardori Davron Ergashev. – Hashar doirasida “Eko patrul” loyihasini oʻtkazdik. Unda sardorlar vilosipedlarda belgilangan hududlar boʻylab polietelen mahsulotlari va boshqa chiqindilarni yigʻib, hududlarni obodonlashtirishga hissa qoʻshdi.
Umumxalq ekologik hashari viloyatning barcha tuman, shahar yoshlar ittifoqi kengashlari tomonidan uyushqoqlik bilan tashkil etildi.
Eldor Navroʻzov,
Yoshlar ittifoqi Jizzax viloyati
kengashi matbuot kotibi