O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Oʻzbekiston Respublikasi Kapital bozorini rivojlantirish agentligi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida
2019-01-25 | Hujjatlar
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat aktivlarini boshqarish, monopoliyaga qarshi kurashishni tartibga solish tizimini va kapital bozorini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2019-yil 14-yanvardagi PF–5630-son Farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida:
1. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Kapital bozorini rivojlantirish agentligi tashkiliy tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq;
Oʻzbekiston Respublikasi Kapital bozorini rivojlantirish agentligining markaziy apparati tuzilmasi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Kapital bozorini rivojlantirish agentligining (keyingi oʻrinlarda – Agentlik) boshqaruv xodimlari cheklangan soni 90 nafar, shu jumladan, Agentlik markaziy apparatining boshqaruv xodimlari cheklangan soni 50nafar etib belgilansin.
Agentlik direktoriga quyidagi huquqlar berilsin:
zarur hollarda, Agentlik markaziy apparatining tasdiqlangan tuzilmasiga oʻzgartirishlar kiritish;
Agentlikning Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hududiy boshqarmalari tuzilmalarini tasdiqlash;
boshqaruv xodimlarining belgilangan umumiy soni doirasida Agentlik hududiy boshqarmalarining boshqaruv xodimlari cheklangan sonini tasdiqlash;
Agentlikning byudjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan Agentlik boshqaruv mutaxassislarining qoʻshimcha shtat birliklarini kiritish;
mahalliy va xorijiy malakali mutaxassislarni xodim va maslahatchi sifatida, istisno tariqasida ularga Agentlikning byudjetdan tashqari jamgʻarmalari mablagʻlari hisobidan ish haqi va boshqa toʻlovlar miqdorini belgilagan holda, jalb qilish;
Agentlikning byudjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan Agentlik xodimlarining asosiy egallab turgan lavozimiga koʻra lavozim maoshlari (tarif stavkalari)ga, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa toʻlovlardan qatʼi nazar, ustama va boshqa ragʻbatlantiruvchi toʻlovlarni belgilash;
Agentlikka yuklatilgan vazifalarni bajarish uchun shartnoma asosida jalb etiladigan malakali xorijiy mutaxassislarning ish haqi miqdorini xalqaro tajriba va bozor sharoitlaridan kelib chiqqan holda belgilash.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa mablagʻlar Agentlikni taʼminlash boʻyicha xarajatlarning moliyalashtirish manbalari etib belgilansin.
4. Belgilansinki:
a) Agentlik:
Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi (keyingi oʻrinlarda – Davlat raqobat qoʻmitasi) va Davlat raqobat qoʻmitasi huzuridagi Qimmatli qogʻozlar bozori faoliyatini muvofiqlashtirish va rivojlantirish markazining qimmatli qogʻozlar bozorini, shu jumladan, qimmatli qogʻozlar savdosini tashkil etuvchilarni va Qimmatli qogʻozlar markaziy depozitariysini tartibga solish, shuningdek, korporativ boshqaruvni rivojlantirish borasidagi barcha huquqlari, majburiyatlari va shartnomalari boʻyicha huquqiy vorisi hisoblanadi;
qimmatli qogʻozlar bozorini tartibga solish boʻyicha vakolatli davlat organi hisoblanadi;
oʻz vakolatlarini mustaqil ravishda va barcha davlat organlari, tashkilotlari, ularning mansabdor shaxslaridan mustaqil holda olib boradi hamda oʻz faoliyatida bevosita Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziriga boʻysunadi va hisobot beradi;
fond birjalari faoliyatini va qimmatli qogʻozlar bozorida professional faoliyatni litsenziyalovchi organ hisoblanadi;
lotereyalar tashkil etish faoliyatini tartibga solish va litsenziyalash boʻyicha vakolatli davlat organi hisoblanadi;
b) Agentlik faoliyat sohasiga kiruvchi masalalar boʻyicha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari Agentlik bilan majburiy tartibda kelishilishi shart;
v) mulkchilik shaklidan qatʼi nazar barcha tashkilotlarda Agentlik vakolatiga kiradigan masalalar boʻyicha tekshiruvlar tadbirkorlik subyektlarining faoliyatini tekshirishlarni muvofiqlashtirish boʻyicha vakolatli organni xabardor qilish tartibida va Tekshiruvlarni elektron roʻyxatga olish yagona tizimida roʻyxatdan oʻtkazilgan holda amalga oshiriladi;
g) Agentlik direktori, uning birinchi oʻrinbosari va oʻrinbosarlari Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining taqdimnomasiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi, maqomi, tibbiy va transport xizmat koʻrsatish sharoitlari boʻyicha tegishli ravishda vazir, vazirning birinchi oʻrinbosari va vazir oʻrinbosariga tenglashtiriladi;
d) Agentlikning hududiy boshqarmalari rahbarlarini lavozimga tayinlash Agentlik direktori tomonidan tegishlicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi;
ye) Xizmatchilarning asosiy lavozimlari va ishchilar kasblari klassifikatorining ishga qabul qilishda taʼlimning eng past darajasi, ishchilar kasblari boʻyicha malaka darajalarini belgilash borasidagi talablari xorijiy oliy taʼlim muassasalarini tamomlagan tegishli yoʻnalishdagi mutaxassislarga nisbatan, istisno tariqasida, Agentlik uchun tavsiyaviy xususiyatga ega;
j) Agentlik xodimlariga tugatilayotgan Davlat raqobat qoʻmitasi huzuridagi Qimmatli qogʻozlar bozorini muvofiqlashtirish va rivojlantirish markazi xodimlari uchun nazarda tutilgan tibbiy yordam koʻrsatish tartibi saqlab qolinadi;
z) Davlat raqobat qoʻmitasi va Davlat raqobat qoʻmitasi huzuridagi Qimmatli qogʻozlar bozorini muvofiqlashtirish va rivojlantirish markazi tomonidan avval berilgan hujjatlar va ilgari ular tomonidan qabul qilingan qarorlar oʻz kuchini saqlab qoladi va ushbu organlarning qayta tashkil etilishi munosabati bilan ularni bekor qilish yoki oʻzgartirish talab etilmaydi;
i) Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan avval berilgan lotereyalarni tashkil etish faoliyatini yuritish huquqini beruvchi litsenziyalar ularning muddati tugagunga qadar oʻz kuchini saqlab qoladi va ushbu vakolatlar Agentlikka oʻtishi munosabati bilan qayta rasmiylashtirilmaydi.
5. Agentlik huzurida yuridik shaxs tashkil etmagan holda byudjetdan tashqari Kapital bozorini rivojlantirishga koʻmaklashish jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda – Jamgʻarma) tashkil etilsin.
Jamgʻarmani shakllantirishning asosiy manbalari etib quyidagilar belgilansin:
fond birjasida qimmatli qogʻozlar savdosini amalga oshirishda sotuvchi tomonidan toʻlanadigan yigʻim;
emissiyaviy qimmatli qogʻozlarning dastlabki chiqarilishini davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun toʻlanadigan yigʻim;
emissiyaviy qimmatli qogʻozlarni yiriklashtirish jarayonida ularning nominal qiymati oshirilganda emitent tomonidan toʻlanadigan yigʻim;
lotereyalarni tashkil etish faoliyatini yuritish huquqini beruvchi litsenziya talabgorining arizasini koʻrib chiqish va lotereya oʻtkazish shartlarini tasdiqlash uchun undiriladigan yigʻim;
Agentlik tomonidan belgilangan tartibda undiriladigan boshqa yigʻimlar;
Agentlik tomonidan xoʻjalik yurituvchi subyektlar va ularning mansabdor shaxslaridan qimmatli qogʻozlar bozori hamda lotereyalarni tashkil etish faoliyati toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun undiriladigan jarimalardan kelib tushgan mablagʻlar;
Jamgʻarma mablagʻlarini tijorat banklarining depozitlariga joylashtirishdan olingan daromadlar;
xalqaro tashkilotlar va institutlar, yuridik va jismoniy shaxslarning grant mablagʻlari va homiylik xayriyalari;
qonun bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.
6. Belgilansinki, Jamgʻarma mablagʻlari:
Agentlikning joriy xarajatlarini moliyalashtirishga;
xodimlarni moddiy ragʻbatlantirish va ijtimoiy taʼminlash, shuningdek, turar joy olishini imtiyozli moliyalashtirishga;
Agentlik rahbarlari va mutaxassislarini oʻqitish, tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishga;
jalb etiladigan xorijiy mutaxassislar faoliyatiga, xalqaro va xorijiy tashkilotlarga haq toʻlash chora-tadbirlarini amalga oshirishga sarflanadi.
7. Agentlik:
a) Oliy sud, Bosh prokuratura va Adliya vazirligi bilan birgalikda 2019-yil 1-sentyabrga qadar qonun hujjatlariga qimmatli qogʻozlar bozori toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlik, shuningdek, Agentlikning koʻrsatmalarini bajarmaganlik uchun yuridik shaxslarga nisbatan jarimalar qoʻllash va maʼmuriy javobgarlik belgilashni nazarda tutuvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida takliflarni tayyorlasin va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
b) 2019-yil 20-dekabrga qadar manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda xalqaro moliya institutlari va ekspertlar bilan har tomonlama muhokama qilinib, ilgʻor xorijiy tajribani oʻrganish asosida ishlab chiqilgan va quyidagilarni nazarda tutuvchi Kapital bozorini rivojlantirish strategiyasini Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritsin:
aholi, tadbirkorlar va iqtisodiyotning investitsiyaviy talablarini maksimal darajada qanoatlantirish maqsadida moliya bozorining uygʻun faoliyati va uning barcha segmentlari rivojlanishini taʼminlash;
kapital bozorining barcha, shu jumladan, xorijiy ishtirokchilar uchun teng sharoit va tadbirkorlik faoliyati erkinligini yaratish, shu asnoda sogʻlom raqobat muhitini shakllantirish;
xalqaro moliya bozorlari bilan faol integratsiyalashuv, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan keng foydalanish va xorijda muvaffaqiyatli sinovdan oʻtgan ilgʻor yondashuvlardan foydalanish orqali barcha toifadagi investorlar uchun kapital bozorining qulayligini oshirish;
ilgʻor xalqaro amaliyotni joriy qilish, ortiqcha toʻsiqlar, cheklovlar va sohaning haddan tashqari tartibga solinganligini bartaraf etish orqali fond bozorida rivojlanish maqsadlariga yoʻnaltirilgan investitsiyalarni faol moliyalashtirish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish;
investorlar uchun jozibador mexanizmlarni joriy qilish hisobiga kapital bozorining kapitallashuvi va raqobatbardoshligini oshirish, bank tomonidan kreditlashning samarali muqobil mexanizmini yaratish;
tegishli xalqaro mezonlar va tajribalarni joriy qilgan holda, kapital bozorini tartibga solishning yaxlitligini, tizimli tavakkalchiliklarning oldini olishni taʼminlovchi zarur qonunchilik bazasini ishlab chiqish;
iqtisodiy siyosat maqsadlari va sanoatni mutanosib rivojlantirish zarurati bilan bogʻliq holda kapital bozorini yaxshilash boʻyicha chora-tadbirlarning tartibli muvofiqlashtirilishini taʼminlash;
xorijiy moliya bozorlarida raqobatbardoshlikni oshirish uchun foydalaniladigan asoslantirilgan imtiyoz va preferensiyalarni berish orqali kapital bozorida investitsiyaviy va ishbilarmonlik faoliyatini har tomonlama ragʻbatlantirish hamda kengaytirish;
kapital bozorini zamonaviy talablarga mos kadrlar bilan taʼminlashning barqaror tizimini rivojlantirish, istiqbolli, shu jumladan, xorijiy mutaxassislarni jalb qilish uchun jozibador shart-sharoitlarni yaratish.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti parametrlari doirasida ushbu qarorni 2019-yilda amalga oshirish boʻyicha Agentlik xarajatlari uchun mablagʻlar ajratsin va 2020-yildan boshlab har yili zarur byudjet mablagʻlarini nazarda tutsin;
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjetining 2019-yil uchun tasdiqlangan xarajatlar parametrlariga ushbu qaror talablaridan kelib chiqib tegishli oʻzgartirishlar kiritsin;
Agentlikka xizmat avtotransport vositalarini sotib olish uchun zarur mablagʻlarning ajratilishini taʼminlasin va 4 ta xizmat, shu jumladan, 3 ta shaxsiy biriktirilgan xizmat yengil avtomobillarini saqlashga limit belgilasin;
Agentlikning asoslantirilgan hisob-kitoblariga asosan moddiy-texnik bazani shakllantirish maqsadida zaruriy jihozlar va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini xarid qilish uchun zarur mablagʻlar ajratilishini taʼminlasin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Agentlikni telefon aloqasi, jumladan, hukumat aloqasi bilan belgilangan tartibda taʼminlasin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Oʻzbekiston Respublikasi Davlat raqobat qoʻmitasi huzuridagi Qimmatli qogʻozlar bozorini muvofiqlashtirish va rivojlantirish markazi hamda uning hududiy organlari qayta tashkil etilishi munosabati bilan davlat bojlari va boshqa turdagi yigʻimlarni undirmagan holda tegishliligi boʻyicha:
Agentlik va uning hududiy organlari tasarrufiga oʻtadigan avtotransport vositalarining ichki ishlar organlarida qayta roʻyxatdan oʻtkazishni;
koʻchmas mulk va boshqa mol-mulk huquqlarini tegishlicha Agentlik va uning hududiy organlariga qayta rasmiylashtirishni taʼminlasin.
12. Agentlik va uning hududiy boshqarmalari zimmasiga yuklangan vakolatlarga muvofiq sudlarga koʻrib chiqishi uchun kiritiladigan daʼvolar boʻyicha davlat boji toʻlashdan ozod qilinsin.
13. Agentlik Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 7-oktyabrdagi 336-son qarori bilan tasdiqlangan Rahbarlari xodimlarni Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiska qilish toʻgʻrisida iltimosnoma kiritishi mumkin boʻlgan davlat hokimiyati organlari, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, respublika ahamiyatiga molik boshqa davlat tashkilotlari roʻyxatiga kiritilsin.
14. Agentlik Toshkent shahri, Mustaqillik shoh koʻchasi, 107-uy manziliga operativ boshqaruv huquqi asosida joylashtirilsin.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bir oy muddatda Agentlikning hududiy boshqarmalarini ularning hozirgi joylashuvi boʻyicha binolarga joylashtirishni taʼminlasin.
15. Agentlik Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda:
ikki oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Kapital bozorini rivojlantirish agentligi toʻgʻrisidagi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Kapital bozorini rivojlantirish agentligining byudjetdan tashqari Kapital bozorini rivojlantirishga koʻmaklashish jamgʻarmasining mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizomlarni tasdiqlash haqida Vazirlar Mahkamasining qarori loyihasini kiritsin;
ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflarni kiritsin;
oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarning ushbu qarorga muvofiqlashtirilishini taʼminlasin.
16. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh.Nizomiddinov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi oʻrinbosari B.M.Mavlonov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri, 2019-yil 24-yanvar