O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Fargʻona viloyati delegatsiyasining Rossiya Federatsiyasiga safari Samarali hamkorlikka qadam

2019-01-23 | Jamiyat

Joriy yilning oktabr oyida Toshkentda boʻlib oʻtgan Xalqaro Forumda Oʻzbekiston va Rossiya oʻrtasidagi har tomonlama aloqalarni mustahkamlash, oʻzaro iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy hamkorlikni yuksaltirish borasida maʼlum hujjatlar imzolangan edi.

Ushbu Forumda Fargʻona viloyati hokimligi delegatsiyasi ham ishtirok etgan va natijada, Rossiya Federatsiyasining bir necha viloyatlari va Fargʻona viloyati oʻrtasida doʻstlik, hamkorlik aloqalari oʻrnatilib, qardoshlik bitimlari tuzilgan edi. 4-9-dekabr kunlari viloyat hokimi Shuhrat Gʻaniyev boshchiligidagi viloyat hokimligi vakillari va tadbirkorlardan iborat delegatsiya Rossiya Federatsiyasining Boshqirdiston Respublikasi va Orenburg viloyatlarida safarda boʻldi.

Boshqirdiston

5-dekabr kuni delegatsiya aʼzolari Ufa shahridagi “Industrial park”da boʻlib, “Kronospan-Bashkortostan” korxonasi faoliyati bilan tanishdilar. “Kronospan-Bashkortostan” industrial parki boshqaruvchi-direktori A.Penzin bilan suhbatda korxona faoliyati haqida maʼlumot berishini soʻraymiz:

-Korxonamiz “Kronospan” kompaniyasi investitsiyasi tufayli bunyod etilgan boʻlib, u 9 gektar xususiy er maydoniga ega, - deydi A.Penzin. - Hozirda maydonni kengaytirish harakatidamiz. Bu erda yogʻoch va metallga ishlov berish orqali turli koʻrinishdagi mebel va devor uchun qoplamalar, plitkalar va boshqa mahsulotlar ishlab chiqariladi. Shuningdek, korxona avtomobil va temir yoʻllarga ega. Korxona muassisi Boshqirdiston hukumati hisoblanadi.

Kompaniya faoliyati bilan tanishgan tadbirkorlar guruhi kelgusida birgalikdagi faoliyatni rejalashtirdilar.

Shu kuni Ufa shahridagi Investorlar uyida Fargʻona viloyati hokimi Shuhrat Gʻaniyevning Boshqirdiston hukumati bosh vaziri va hukumat apparati boshqaruvi rahbari oʻrinbosari Ilshat Tajitdinov bilan rasmiy uchrashuvi boʻlib oʻtdi. Unda har ikki tomondan hukumat vakillari va tegishli kompaniyalar direktorlari ishtirok etdilar.

I.Tajitdinov mehmonlarni qutlab, Boshqirdistonning iqtisodiy va eksport salohiyati bilan tanishtirdi. Uchrashuvda kelgusi hamkorliklar yuzasidan muzokaralar olib borildi. Jumladan, metall va yogʻochga ishlov berish, mashinasozlik, agrosanoat, nefteximiya, qishloq xoʻjaligi, asalarichilik sohalarida hamkorlik, shuningdek, madaniyat, fan-texnika yoʻnalishlarida doʻstlik va hamkorlik aloqalari boʻyicha takliflar bildirildi.

Viloyat hokimi Sh.Gʻaniyev oʻz soʻzida oktabr oyida Toshkentda boʻlib oʻtgan Xalqaro Forumda Prezidentimiz oldimizga qoʻygan vazifalardan biri davlatlarimiz va regionlarimiz aro doʻstlikni mustahkamlash ekanini taʼkidladi. Shu bilan birga, viloyat hokimi bir nechta masalalarni oʻrtaga qoʻydi. Jumladan, til borasida xalqlarimiz oʻrtasida toʻsiqning yoʻqligi, shuning uchun hamkorligimiz muvaffaqiyatli boʻlishi, asalarichilik sohasini rivojlantirish, Boshqirdistonda oʻqiydigan talabalarimiz, mehnat muhojirlarimiz sharoiti, madaniy aloqalar masalalarini koʻtardi. Shuningdek, Ufaga Fargʻonadan transport qatnovini yoʻlga qoʻyish, bu erdagi meditsina yoki qishloq xoʻjaligi yoʻnalishi boʻyicha Fargʻonada qoʻshma fakultet ochish taklifini berdi. 2019-yil, sentabr oyida Qoʻqonda boʻladigan “Hunarmandchilik festivali”ga Boshqirdistondan vakillarni taklif qildi.

I.Tadjitdinov Sh.Gʻaniyevning fikrlarini toʻliq qoʻllab-quvvatladi, kichik va oʻrta biznesni rivojlantirish, oʻzbekistonlik mehnat migrantlariga qulay sharoitlar yaratish borasida ish olib borishini aytdi. Uchrashuvning boshqa qatnashchilari ham oʻz fikr-mulohazalarini bildirdilar.

2018-yildan Fargʻona viloyati bilan hamkorligimiz boshlandi. Bu juda katta hududdagi viloyat, bizning respublikamiz ham shunga yarashadir. Bizning respublikamiz logistik markaz sifatida juda qulay. Fargʻonadan keltiriladigan tovarlar, masalan, quritilgan mevalar, avvalo Ufaga kelib tushadi va bu erdan butun mamlakatga tarqaladi. Allaqachon tovar ayirboshlash yoʻlga qoʻyilgan, lekin uni yanada yuksak darajaga chiqarish kerak deb hisoblayman. Undan tashqari, birgalikda asalarichilik sanoatini yoʻlga qoʻyish ustida ishlayapmiz. Asalarilarimizning issiq joylarda qishlashi masalasini koʻrib chiqyapmiz, buni 2019-2020-yillarga moʻljallayapmiz. 100 million AQSH dollari hajmida tovar eksportini bajarishni reja qilganmiz, bunda fargʻonalik doʻstlarimizning hissasi katta boʻladi, - dedi Boshqirdiston Respublikasi qishloq xoʻjaligi vaziri oʻrinbosari Ilshat Fazraxmanov.

Kunning ikkinchi yarmida viloyat hokimi Shuhrat Gʻaniyev Ufa shahridagi Boshqirdiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi binosida tadbirkorlar bilan uchrashuv oʻtkazdi. Uchrashuvni Savdo-sanoat palatasi direktori Azat Fazlыyev olib bordi. Tadbirda Boshqirdiston va Fargʻona tadbirkorlari soʻzga chiqib, oʻz sohalari boʻyicha taqdimotlar oʻtkazdilar. Rasmiy uchrashuv soʻngida Boshqirdiston savdo-sanoat palatasi va Fargʻona viloyati hokimligi oʻrtasida savdo-iqtisodiy hamkorlik yuzasidan memorandum imzolandi. Shundan soʻng tadbirkorlar shoʻbalarga boʻlinib oʻzaro hamkorlik faoliyati yuzasidan muzokaralar olib bordilar.

Shu kuni viloyat hokimi Shuhrat Gʻaniyev Ufa shahridagi qator mukofotlar va mingdan ortiq medallar sohibi boʻlgan Rossiya Federatsiyasi Boshqirdiston Respublikasi “Asalarichilik va apiterapiya boʻyicha ilmiy-tadqiqot markazi” davlat muassasasida boʻlib, uning faoliyati bilan tanishdi. Asal va asalarichilik mahsulotlari assortimentini koʻzdan kechirdi. Kelgusida sohani rivojlantirish va ilmiy hamkorlik boʻyicha ishlar rejalashtirildi. Jumladan, ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan Boshqirdiston arilarini Fargʻonada koʻpaytirish taklifi ham berildi. Fargʻona davlat universitetida tashkil etilajak asalarichilik markazi bilan hamkorlik rejalari tuzildi.

Orenburg

Fargʻona viloyati delegatsiyasining Rossiya Federatsiyasiga safari Orenburg shahrida davom etdi. 6-dekabr kuni viloyat hokimi Shuhrat Gʻaniyev boshchiligidagi Fargʻona delegatsiyasini Orenburg viloyati gubernatori Yu.A.Berg rasman tantanali ravishda kutib oldi. Orenburg administratsiyasida ishbilarmonlar nonushtasi chogʻida viloyatimiz hokimi bilan suhbat oʻtkazildi.

Tushdan soʻng delegatsiya “Armada” savdo-koʻngilochar markazida “Orenburg - Evrosiyo qalbi” nomli 8-Xalqaro biznesmen va tadbirkorlar forumida ishtirok etdi. Ushbu Forumda jahonning Belarus, Tojikiston, Xitoy, Qirgʻiziston, Oʻzbekiston kabi davlatlaridan 3500 dan ortiq odam qatnashdi. Tadbir soʻngida “Xalqaro turizm festivali” nomli video, foto va animatsiyalar konkursi gʻoliblari taqdirlandi.

Ertasi kuni Orenburg Hukumat uyidagi Orenburg viloyati hamda Fargʻona viloyati hukumati vakillari hokim oʻrinbosari M.Abdurahmonov, Hukumat raisi (gubernator) oʻrinbosari D.Kalugin boshchiligida rasmiy uchrashuv chogʻida muzokara oʻtkazdilar. Unda har ikki tomonlarning iqtisodiy, investitsion salohiyati namoyish qilinar ekan, hamkorligimiz borasidagi dolzarb masalalar va takliflar koʻrib chiqildi. Uchrashuvda turli soha rahbarlari oʻz takliflari bilan ishtirok etdilar.

Jumladan, Oʻzbekiston bilan tovar ayirboshlash, Oʻzbekistondan quruq mevalar eksport qilish, taʼlim sohasida hamkorlik takliflari bildirildi. Shuningdek, Orenburg jurnalistlari bilan Fargʻonalik jurnalistlar oʻrtasida, OAV oʻrtasida ijodiy hamkorlik, Oʻzbekistondan borgan mehnat migrantlari hayotini yoritib borish masalalari, shifoxonalarda oʻzbek tilida tablo boʻlishi, oʻzbekcha gazetalar tarqatilishi oʻrtaga tashlandi. Shuningdek, Orenburgga Fargʻonadan toʻgʻridan-toʻgʻri uchadigan samolyot reysi qoʻyish, Orenburgdan toʻgʻridan-toʻgʻri un va bugʻdoy import qilish, har ikki viloyatning turistik zonalarida dam olishni tashkil qilish takliflari ham bildirildi.

Shu kuni delegatsiya aʼzolari viloyatning bir qator obyektlarida boʻldilar. Jumladan, “Lokomotiv” savdo kompleksida ham boʻlib, milliy mahsulotlar savdosi bilan tanishdilar hamda savdo-sotiq, tovar aylanishi masalalarini muhokama qildilar.

Fargʻona delegatsiyasi Fyodorov nomidagi koʻptarmoqli koʻz kasalliklari mikroxirurgiya markazida ham boʻldi. Bu markaz bir kunda 350 dan ortiq aholiga, bir yilda 60 000 odamga meditsina xizmati koʻrsatadi. Meditsina markazi eng zamonaviy oftalmologik texnologiyalardan foydalanadi, lazer yordamida operatsiyalar oʻtkaziladi. Bemorlar dastlabki diagnostika, maslahat qabulidan soʻng xirurgiyaga kirishadi. 70% aholiga bepul xizmat koʻrsatiladi. Bir kunda lazer korreksiyasi orqali 169 ta operatsiya oʻtkaziladi. Bu erda bolalar boʻlimi ham bor.

Keyingi obyekt koʻptarmoqli xizmat koʻrsatish markazi boʻlib, ushbu markaz aholiga 262 xil davlat xizmatlari koʻrsatadi. Markaz direktori Aleksandr Denisov delegatsiya aʼzolarini markaz faoliyati bilan tanishtirdi. Kun davomida delegatsiya aʼzolari Orenburg jun mahsulotlari fabrikasi mahsulotlari bilan ham tanishdilar.

Rossiyadan oʻz hamkorlarini topgan tadbirkorlarimiz kelgusida oʻz faoliyatlarini yanada rivojlantirib, nafaqat oʻz bizneslari uchun, balki el-yurt manfaati uchun koʻp foyda keladigan ishlarni amalga oshirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar. Jumladan, “Ibratli bekam” markazi direktori Sh.Gʻaniyeva shunday deydi:

-Rossiyaga safarimizdan judayam mamnunman. Sababi, tekstil mahsulotlarimizga bu erda talab kuchli. Hozir Orenburgdagi “Feya” tarmoq savdosi rahbariyati bizning “Ibratli bekam” oʻquv ishlab-chiqarish markazimizga har xil turdagi bolalar kiyimlari boʻyicha buyurtmalar berdi.

Safar davomida tadbirkorlar tomonidan oʻzaro hamkorlik borasida ayrim kelishuvlarga erishildi. Jumladan, “Dolina agroklaster” OOO “Kalipso” OOO bilan tuzilgan shartnomaga koʻra 4 gektar er maydonidagi gidroponika usulidagi issiqxona uchun, 1000 tonnali sovutgich, mevani qayta ishlash uchun loyiha qiymati 3 million 840 ming AQSH dollariga teng loyihaga xorijiy sarmoya hisobidan 3 million 600 ming AQSH dollari hajmida Rossiya firmasi investitsiya kiritadigan boʻldi. Bundan tashqari qoʻshimcha loyihalar boʻyicha ishlashga ham kelishildi.

Safar natijasida viloyat hokimligi tomonidan “Mehrigiyo” firmasiga ajratilgan 20 gektar er maydonida kelgusi yilning yanvar oyidan boshlab lavandazor (50 mingta koʻchat), zaytunzor (30 mingta koʻchat), choyzor (30 mingta koʻchat), kivizor (30 mingta koʻchat)lar yaratish uchun va “Medical hotel” qurilishi uchun rossiyalik hamkorlardan “Dream Therra Rus” kompaniyasi bilan hamkorlar bilan 500 ming AQSH dollar hajmida loyiha imzolandi. Loyiha qiymatining 300 ming dollari “Dream Therra Rus” tomonidan, 200 ming dollari “Mehrigiyo” tomonidan amalga oshiriladi. Shuningdek, “Mehrigiyo” firmasi Orenburg viloyati koʻz kasalliklari mikroxirurgik markaziga oʻz mahsulotlarini taqdim etdi, kelgusida ularni eksport qilishga davolash ishlari boʻyicha markaz direktori oʻrinbosari Aleksey Gorbunov bilan kelishib olindi.

Ufa shahridagi GUP BXP “Agidel” RB, NXP Legprom RB bilan “Nurafshon-Ziyo Textile” oʻrtasida import-eksport boʻyicha hamkorlik boʻyicha kelishuv memorandumi imzolandi.

Bundan tashqari yana qator hamkorlik aloqalari yoʻlga qoʻyildiki, Fargʻona viloyati delegatsiyasining Rossiya Federatsiyasiga safari har ikki mamlakat hududlari uchun samarali ishlarga yoʻl ochadi va doʻstlik aloqalarini mustahkamlashga xizmat qiladi.

 

Gulbahor Saidgʻaniyeva

Поделиться