O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Adliya xabari: davlat xizmatlari markazlari tomonidan “mahalladan maʼlumotnoma” berilmaydi
2019-01-23 | Jamiyat
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga muvofiq 2018-yil 15-oktabrdan davlat va xoʻjalik organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan davlat xizmatlari koʻrsatilishida fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarining shaxsning yashash joyi boʻyicha (propiska qilinganligi) yashayotganligi, shaxsning ishsizligi hamda bolani, yolgʻiz shaxslarni, pensionerlarni va nogironlarni parvarish qilganligi haqida tasdiqlovchi hujjatlarini, shuningdek shaxsning tavsifnomasini taqdim qilish boʻyicha tartib bekor qilinishi hamda fuqarolarga davlat xizmatlari koʻrsatilishi jarayonida ushbu turdagi hujjatlarni olish zaruriyati tugʻilganda, davlat va xoʻjalik organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari mazkur maʼlumotlarni tegishlicha Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi organlaridan mustaqil ravishda, shu jumladan idoralararo elektron hamkorlik orqali soʻrab olishi belgilangan.
Ammo, bugungi kunda oʻzini-oʻzi boshqarish organlari (mahallalar) va davlat xizmatlarini koʻrsatishda ishtirok etuvchi qator vakolatli davlat organlari, shu jumladan tuman hokimliklari, Ichki ishlar boshqarmalari va boʻlimlari, Byudjetdan tashqari pensiya jamgʻarmasi tuman boʻlimlari, tuman Davlat soliq inspeksiyalari, oliy va oʻrta maxsus taʼlim muassasalari, maktabgacha taʼlim boʻlimlari, xalq taʼlimi boʻlimlari, banklar va boshqa davlat xizmatlarini koʻrsatuvchi tashkilotlar tomonidan mazkur Qaror talablari notoʻgʻri talqin etilib, fuqarolarni yuqorida koʻrsatilgan hujjatlarni olish uchun Davlat xizmatlari markazlariga yuborish holatlari juda koʻp kuzatilmoqda. Bu esa oʻz navbatida fuqarolarning ovoragarchiligi va noroziligiga, shu bilan birga davlat organlariga nisbatan salbiy qarashiga sabab boʻlmoqda.
Shu bois, Davlat xizmatlari agentligi Davlat xizmatlari markazlari tomonidan “mahalladan maʼlumotnoma” berilmasligini rasman eʼlon qiladi. DXMlar orqali avvallari Ichki ishlar vazirligi tomonidan taqdim etilgan manzil-maʼlumot axborotlari beriladi. Mazkur hujjat fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari tomonidan berilgan maʼlumotnomadan tubdan farqlanadi.
Hurmatli fuqarolar!
Agar davlat idoralari Sizdan yashash joyidan maʼlumotnomani taqdim etishni talab etishsa, Davlat xizmatlari agentligining 1148 hamda Adliya vazirligining 1008 ishonch raqamlariga murojaat etishingizni iltimos qilamiz.