O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Oʻzbekiston Haj delegatsiyasi rahbari Haj va Umra vaziri bilan uchrashdi
2019-01-22 | Jamiyat
Saudiya Arabistoni Podshohligining Haj va Umra vaziri Muhammad Solih bin Tohir Bintin taklifiga binoan Din ishlari boʻyicha qoʻmita raisi J.Akramov boshchiligidagi Oʻzbekiston delegatsiyasi mazkur davlatga xizmat safari bilan boʻlib turibdi.
Ayni kunlarda, Delegatsiya Saudiyada Haj tadbirlarini tashkil etishga masʼul boʻlgan idora va tashkilotlar bilan Jidda, Makka va Madina shaharlarida uchrashuvlar oʻtkazmoqda.
21-yanvar kuni Haj mavsumiga tayyorgarlik ishlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi delegatsiyasining Saudiya Arabistoni Podshohligi Haj va Umra vaziri Muhammad Solih bin Tohir Bintin bilan uchrashuvi boʻlib oʻtdi.
Uchrashuvda Din ishlari boʻyicha qoʻmita raisi J.Akramov Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan yurtimizda amalga oshirilayotgan ishlar haqida atroflicha maʼlumot berdi. Jumladan, muqaddas dinimizga, xususan, Islom maʼrifatiga berilayotgan yuksak eʼtibor va ehtirom haqida toʻxtalar ekan, ayniqsa, ajdodlar merosini oʻrganish, ularda insonparvarlik, bagʻrikenglik gʻoyalarini hayotga tadbiq etish, diniy sohada yetuk malakali mutaxassislarni yetishtirib chiqarish maqsadida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy tadqiqot markazi, Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Termiziy xalqaro ilmiy tadqiqot markazi, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi, Hadis ilmi maktabining tashkil etilganini alohida qayd etdi.
Oʻz navbatida, Saudiya tomoni Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar, diniy-maʼrifiy sohadagi oʻzgarishlar, ajdodlar meʼrosini oʻrganish borasida ilgari surilayotgan ezgu tashabbuslar tahsinga loyiq ekanini taʼkidladi.
Shuningdek, mazkur uchrashuvda tomonlar haj mavsumini namunali, tartibli va eng yuqori darajada oʻtkazish masalalarini muhokama qilishdi.
Saudiya Arabistoni Podshohligi Oʻzbekiston tomonining haj va umra ishlarini tashkillashtirishi, ziyoratchilarga qulay sharoit yaratish hamda koʻrsatilayotgan xizmatlarini yuqori baholab, dunyoning rivojlangan mamlakatlari Turkiya, Malayziya, Indoneziya davlatlari qatorida ekanligini taʼkidladi.
Uchrashuv yakunida Saudiya Arabistoni Podshohligining Haj va Umra vazirligi tomonidan Oʻzbekiston Haj delegatsiyasi sharafiga ziyofat tashkil etildi.
Oʻzbekiston Haj delegatsiyasining Saudiya Arabistoniga tashrifi davom etmoqda.