O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Buxoroda temir yoʻl vagonlarini skaner qiluvchi inspeksion-koʻrik majmuasining ochilish marosimi boʻlib oʻtdi
2019-01-21 | Texnologiyalar
Bojxona organlarida ish samaradorligini oshirish va ish jarayonida inson omilini imkon qadar kamaytirish maqsadida tizimli islohotlar amalga oshirilishi natijasida bojxona koʻrik jarayoni uchun sarflanadigan vaqtning nafaqat kamayishiga erishilyapti, shu bilan birgalikda turli bojxona qoidabuzarliklarini aniqlash borasida ham katta yutuqlarga erishilmoqda.
Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi bojxona postlarini katta hajmdagi skaner qurilmalari bilan jihozlash loyihasi doirasida Xitoy Xalq Respublikasining grant mablagʻlari hisobidan taqdim etilgan temir yoʻl vagonlarini skaner qiluvchi inspeksion-koʻrik majmualari yordamida oz vaqt ichida katta hajmli yuklarni bojxona koʻrigidan oʻtkazish imkoni yaratildi.
Xuddi shunday inspeksion-koʻrik majmualaridan yana birini Buxoro viloyati bojxona boshqarmasining “Xoʻjadavlat” temir yoʻl bojxona postiga oʻrnatish ishlari oʻz yakuniga yetdi. Shu munosabat bilan mazkur postda inspeksion-koʻrik majmuasining tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.
Unda, Buxoro viloyati hokimi Oʻktam Barnoyev hamda Davlat bojxona qoʻmitasi Raisi Murotjon Azimov hamda “Nuctech Co LTD” kompaniyasi vakili Chang Zung Choular ishtirok etishdi. Ular bojxona organlarida yuz berayotgan ijobiy oʻzgarishlarni eʼtirof etish asnosida tadbir ishtirokchilarini majmua ish boshlaganligi bilan samimiy qutladilar.
Tadbirning rasmiy ochilish marosimidan soʻng, yigʻilganlar inspeksion-koʻrik majmuasi bilan yaqindan tanishib, uning imkoniyatlari, ish samaradorligi boʻyicha koʻplab maʼlumotlarga ega boʻldilar.
Taʼkidlab oʻtish joizki, mazkur texnika yordamida katta hajmli transport vositalari yoki konteynerlar ichidagi tovarlarning joylashgan shaklini koʻrish imkoni mavjud. U orqali konteynerdagi tovarlarning deklaratsiyada koʻrsatilganligiga mosligi, kontrabanda predmetlari bor-yoʻqligini nazorat qilish mumkin.
Zero, inspeksion-koʻrik majmuasini oʻrnatishdan koʻzlangan asosiy maqsad ham kontrabanda va bojxona qonunchiligi buzilishi holatlarining oldini olish, xavfni boshqarish tizimi orqali bojxona nazorati samaradorligini oshirish barobarida, eksport va import jarayonlarini yanada tezlashtirishdan iboratdir.
Davlat bojxona qoʻmitasi ushbu inspeksion-koʻrik majmuasini oʻrnatish hamda bojxona posti hududini obodonlashtirishda amaliy yordam berganligi uchun Buxoro viloyati hokimligi hamda xitoylik hamkorlarga minnatdorchilik bildiradi.