O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Kiberjinoyatchilik yirik global xavfga aylanib bormoqda
2019-01-21 | Texnologiyalar
Ayni vaqtda axborot chegara bilmas kuchga aylanib, u butun dunyo aholisini boshqarmoqda desak mubolagʻa boʻlmaydi. Eng yirik global makonga aylangan internet nafaqat shaxsga, balki jamiyat va davlat xavfsizligiga daxl qiluvchi qurolga ham aylanib bormoqda.
Mamlakatimizda har bir fuqaroning oʻzi istagan axborotni olish va undan erkin foydalanish huquqi qonun bilan kafolatlangan. Lekin, ushbu imkoniyatlardan oʻzining nopok maqsadlari yoʻlida foydalanayotgan shaxslar ham yoʻq emas. Ular virtual olamda insonlar ongini zaharlash, oʻzganing boyligiga koʻz tikish va shaxsning qadr-qimmatini toptash bilan bogʻliq harakatlarni sodir etib, jinoyatchilikka qoʻl urmoqda. Aynan shu orqali globalizatsiya jarayoni hayotimizga “kiberjinoyat” tushunchasini olib kirdi.
Kiberjinoyat virtual fazoda sodir etilayotgan jinoyat hisoblanib, uning vujudga kelishi bevosita internet tarmogʻining paydo boʻlishi bilan bogʻliqdir. U dunyoda sodir etilayotgan jinoyatlar orasida 4-pogʻonada turadi. Kiberjinoyatchilik iborasi oʻz ichiga kompyuter tizimi va tarmogʻi yordamida yuz berayotgan barcha jinoyatlarni qamrab oladi. Unda tor maʼnoda kompyuter tizimi jinoyat quroli boʻlsa, axborot xavfsizligi esa jinoyat obyekti hisoblanadi.
Qisqacha qilib aytganda, kiberjinoyat insonlar tomonidan pul topish, boylik orttirish yoki boshqa gʻarazli maqsadlarda hayotimizning ajralmas boʻlagiga aylanib ulgurgan axborot texnologiyalaridan noqonuniy foydalangan holda amalga oshiriladigan ijtimoiy xavfli qilmishdir.
Uning asosiy turlari sirasiga viruslar yordamida zarar yetkazuvchi dasturlarni tarqatish, parollarni buzib kirish, kredit karta va boshqa bank rekvizitlaridagi raqamlarni oʻgʻirlash, firibgarlik shuningdek, internet orqali qonunga zid axborotlarni — boʻhton, pornografik materiallarni tarqatish kabilar kiradi. Ammo global tarmoqda bu jinoyatning yil sayin yangi turlari paydo boʻlmoqda.
Oʻz oʻrnida, dunyo mamlakatlari mazkur dolzarb muammoga qarshi kurashish maqsadida 2001-yil 23-noyabrda “Kiberjinoyat toʻgʻrisida”gi Budapesht konvensiyasi qabul qilindi. Hozirda ushbu konvensiyaga 40 ga yaqin davlatlar aʼzo boʻlgan. Bundan tashqari, 2013-yilning 17-yanvarida Gaagada kiberjinoyatchilikka qarshi kurash boʻyicha Yevropa markazi rasman ochildi.
Yurtimizda ham jinoyatchilikning ushbu turiga qarshi kurashish, ularning sodir etilishiga yoʻl qoʻymaslik va bu borada endigina hayotimizga kirib kelayotgan munosabatlarda yuzaga keladigan jinoyatlarni oʻrganish borasida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, 2017-yilning may oyida Oʻzbekiston Respublikasi IIV Jinoyat qidiruv bosh boshqarmasi negizida “Axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashishni tashkillashtirish” boʻlinmasi tashkil etildi. Oʻtgan vaqt davomida mazkur boʻlinma tomonidan axborot texnologiyalari bilan bogʻliq jinoyatlarni aniqlash, oldini olish, qarshi kurashish va fosh etish boʻyicha bir qator ishlar amalga oshirildi.
Oʻz oʻrnida aniq misollarga toʻxtaladigan boʻlsak, Samarqand viloyatida bir guruh shaxslar tomonidan “OLTINYUL.UZ” va “E-SUM.UZ” veb-saytlari orqali fuqarolarni mulkiy manfaatga qiziqtirib, “Moliyaviy piramida” loyihasi tuzilgan. Shu asosda 8 200 nafardan ziyod fuqarodan jami 450 mln. soʻmdan ortiq pul mablagʻlari yigʻilib, ushbu guruh tomonidan oʻzlashtirilgan.
Holat yuzasidan IIV huzuridagi Tergov departamenti tomonidan N.R. va uning sheriklariga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 1881-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.
Bundan tashqari, 2018-yil 23-iyul kuni Toshkent shahrida 5 ta avtotransport vositasi davlat raqamlari oʻgʻirlanib, jabrlanuvchilardan davlat raqamlarini qaytarish evaziga Internet tarmogʻidagi “QIWI” va “WEB money” elektron tizimlari orqali pul talab qilgan. Koʻrilgan choralar natijasida ushbu jinoyatni Toshkent shahar Bektemir tumanida yashovchi 19 yoshli fuqaro sodir etganligi aniqlanib, qoʻlga olindi.
Shuningdek, boʻlinma faoliyati davomida axborot texnologiya vositalarini virus va zararli dasturlar tarqatish orqali shikastlash holati ham aniqlangan. Jumladan, 2018-yilning 4-oktabr kuni Internet tarmogʻidagi “Telegramm” mesendjeridagi “Bollar Va Qizlar” nomli 374 mingdan ortiq aʼzolari boʻlgan kanaldan telefon va kompyuter vositalariga zarar keltiruvchi dasturlar tarqatilgan. Koʻrilgan choralar natijasida ushbu jinoyatni Fargʻona viloyatida yashovchi M.V. sodir etganligi aniqlanib, qoʻlga olindi.
Shu kabi jinoyatlar, qotillik va oʻzini oʻldirishga undovchi harakatlarga qarshi kurashish borasida respublikamizda eng avvalo bularning asosi boʻlgan axborot tarmoqlari, ommaviy axborot vositalaridan foydalanish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilish boʻyicha normativ-huquqiy bazalar yaratilgan. Xususan, Konstitutsiyamizning 29-moddasida “Har kim oʻzi istagan axborotni izlash, olish va uni tarqatish huquqiga ega, amaldagi konstitutsiyaviy tuzumga qarshi qaratilgan axborot va qonun bilan belgilangan cheklashlar bundan mustasnodir”, deb belgilab qoʻyilgani bu sohada tashlangan ilk muhim qadam boʻldi.
Bundan tashqari, 2003-yil 11-dekabrda “Axborotlashtirish toʻgʻrisida”gi Qonunning qabul qilinishi va 2007-yil 27-dekabrdagi “Ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonunga muvofiq Jinoyat kodeksiga kiritilgan oʻzgartirishlar bu boradagi ishlarning mantiqiy davomi boʻldi.
Xulosa qilib aytganda, tobora kuchayib borayotgan globallashuv jarayonida bu kabi xurujlar, kiberjinoyatlardan saqlanish, ularga qarshi kurashish uchun har bir shaxsning hushyor va ogoh boʻlishini davrning oʻzi taqozo etmoqda. Shuningdek, hozirgi kunda qabul qilingan qonun hujjatlari va davlat dasturlarining ahamiyati toʻgʻrisida yoshlarimiz orasida profilaktika-tushuntirish ishlarini kuchaytirish maqsadga muvofiqdir.