O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Buxoro shahridagi 4-maktabga Iogann Kristof Fridrix fon Shiller nomi berildi
2019-01-18 | Ta’lim
17-yanvar kuni Buxoro shahridagi 4-son nemis tili faniga ixtisoslashtirilgan davlat umumtaʼlim maktabiga nemis shoiri, faylasufi, sanʼatshunos va dramaturg, tarix fanlari professori hamda harbiy shifokor Iogann Kristof Fridrix fon Shiller nomi berildi.
Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vaziri oʻrinbosari Sarvar Babaxodjayev, Oʻzbekistondagi Gyote Instituti filiali rahbari oʻrinbosari Dildora Muhamadaminova ishtirok etdi.
Taʼlim muassasasida tashkil etilgan tantanali marosimda soʻzga chiqqanlar Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning shu yil 20-22-yanvar kunlari Germaniya Federativ Respublikasiga amalga oshiradigan rasmiy tashrifi arafasida maktabga bunday nom berilishi davlatlarimiz oʻrtasida ilm-fan, taʼlim sohasidagi aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qilishi taʼkidlandi.
Shuningdek, Fridrix Shillerning hayot yoʻli haqida maktab oʻquvchilari tomonidan tayyorlangan sahna koʻrinishlari namoyish etildi.
Tadbir davomida ishtirokchilar taʼlim muassasasida olib borilayotgan taʼlim va tarbiya jarayoni bilan bilan yaqindan tanishishdi.
Eslatib oʻtamiz, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Germaniya Federativ Respublikasiga tashrifi arafasida Toshkent va Samarqand shahridagi ixtisoslashtirilgan davlat umumtaʼlim maktablariga nemis faylasuflari nomi berilgan edi.