O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Oʻzbekiston - Hindiston ishbilarmonlar kengashi majlisi

2019-01-18 | Iqtisodiyot

Hindistonning Gujarat shtati Ahmadobod shahrida 17 yanvar kuni Oʻzbekiston – Hindiston ishbilarmonlar kengashining birinchi majlisi boʻlib oʻtdi. 

Tadbir Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi va Hindiston sanoat konfederatsiyasi tomonidan mamlakatimizning Hindistondagi elchixonasi va Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi koʻmagida tashkil etildi. 

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2018 yilda Hindistonga davlat tashrifi oldidan Nyu-Dehli shahrida Oʻzbekiston – Hindiston biznes-forumi oʻtkazilib, Hindiston sanoat konfederatsiyasi va Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi oʻrtasida Oʻzbekiston – Hindiston ishbilarmonlar kengashini tashkil etish boʻyicha bitim imzolangan edi. Bugungi kunda mazkur kengash turli sohalarga investitsiyalar jalb qilish, savdo, transport aloqalarini rivojlantirish, oʻzaro tranzit yoʻlaklarini kengaytirish, bojxona tariflarini qisqartirish va erkin iqtisodiy zonalarda keng koʻlamli loyihalarni amalga oshirishda yangi imkoniyatlar maydoniga aylanmoqda. 

Majlisda Oʻzbekiston tomonidan Ishbilarmonlar kengashi hamraisi, Savdo-sanoat palatasi raisi Adham Ikromov, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari, Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi raisi Suhrob Xolmurodov, Hindiston tomonidan Hindiston sanoat konfederatsiyasi prezidenti va “Bharti Enterprises” kompaniyalar guruhi raisi oʻrinbosari Rajesh Bxarti Mittal, shuningdek, ikki mamlakatning sogʻliqni saqlash, farmatsevtika, qishloq xoʻjaligi, axborot texnologiyalari, elektroenergetika, qurilish, kimyo va toʻqimachilik sanoati, turizm va mehmonxona ishi kabi sohalarda faoliyat yurituvchi yetakchi kompaniyalari rahbarlari ishtirok etdi. 

Tadbirda ikki mamlakat kompaniyalari oʻrtasida sanoat kooperatsiyasini yanada rivojlantirish, hind kompaniyalarini Oʻzbekistonga jalb qilish, hamkorlikda biznes-forum va koʻrgazmalar tashkil qilishning istiqbolli yoʻnalishlari muhokama qilindi. 

Majlisda tibbiyot, farmatsevtika, qishloq xoʻjaligi, axborot texnologiyalari, elektroenergetika, qurilish, kimyo, yengil sanoat, turizm va mehmonxona biznesi boʻyicha ish olib boradigan hind ishbilarmonlari bilan Oʻzbekiston biznes tashkilotlari ochiq muloqotga kirishdi. 

– Oʻzbekiston – Hindiston ishbilarmonlar kengashi mamlakatlarimiz oʻrtasida savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni yanada kengaytirish maqsadida tuzilgan, – dedi Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi A.Ikromov. – Majlisda farmatsevtika, toʻqimachilik, xizmat koʻrsatish, logistika va investitsiya yoʻnalishlarida hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Hindiston sanoat konfederatsiyasi va hind tadbirkorlari yurtimizga biznes delegatsiyalarini yuborishini maʼlum qildi. Shuningdek, Toshkentda Hindiston sanoat konfederatsiyasining doimiy ishlaydigan ofisini ochish, oktyabr oyida ikkinchi majlisni oʻtkazishga kelishib oldik. 

Andijon viloyati va Gujarat shtati oʻrtasidagi iqtisodiy hamkorlik ham oliy darajadagi muzokaralar mahsulidir. Andijon viloyatida hind sarmoyadorlari ishtirokida jami 206 million dollarga teng loyihalar ustida ish boshlangan. Shulardan 6 tasi farmatsevtika sohasiga tegishli, yana 3 ta korxona bilan muzokaralar olib borilmoqda. Bu loyihalar Prezidentimizning 2019 yil 14 yanvardagi “Andijon-farm” erkin iqtisodiy zonasini tashkil etish toʻgʻrisida”gi farmoni bilan Andijonda tashkil etilgan Oʻzbekiston – Hindiston erkin farmatsevtika zonasida amalga oshiriladi. 

Tadbir yakunida Ishbilarmonlar kengashining keyingi majlisini Toshkent shahrida oʻtkazish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi. 

Shu kuni Gandinagar shahrida “Joʻshqin Gujarat” sammiti doirasida xalqaro savdo koʻrgazmasi ochildi. Unda Oʻzbekiston, Kanada, Fransiya, Norvegiya, Niderlandiya, Polsha, Yaponiya, Koreya Respublikasi, Tailand, Birlashgan Arab Amirliklari, Janubiy Afrika Respublikasi, Avstraliya davlatlari ctendlari namoyish etilmoqda. 

Koʻrgazma maydonlarida aerokosmos va mudofaa, agrosanoat, biotexnologiya, kimyo va yoqilgʻi kimyosi, butlovchi qismlar, elektronika, ekologiya, qimmatbaho toshlar va zargarlik buyumlari, sogʻliqni saqlash, infratuzilma va megaloyihalar, farmatsevtika kabi 25 ta sektor boʻyicha xalqaro va mahalliy stendlar oʻrnatilgan. Koʻrgazmada jahon sanoatining ilgʻor brendlari yangi mahsulot va ishlanmalarini namoyish etmoqda. 

Koʻrgazmaning tantanali ochilish marosimiga Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi tashrif buyurdi. Bosh vazir xalqaro pavilonlarni koʻzdan kechirish asnosida yurtimiz stendi bilan ham tanishdi. 

Bugungi kunda hind ishbilarmonlari yurtimizda biznes yuritishga katta qiziqish bildirmoqda. Ayni paytda ikki mamlakat biznes doiralari koʻplab qoʻshma loyihalarni hayotga tatbiq etayotir. Farmatsevtika, sogʻliqni saqlash, turizm, tibbiyot turizmi, axborot texnologiyalari, qishloq xoʻjaligi, mineral resurslar, jumladan, rangli va noyob metallarni qazib olish, infratuzilma va zamonaviy arzon uy-joylar qurilishiga oid loyihalar ikki tomonlama hamkorlik uchun istiqbolli sanaladi. 

Koʻrgazmada yurtimizning qishloq xoʻjaligi, hunarmandlik, axborot texnologiyalari kabi yetakchi tarmoqlari mahsulotlari Hindiston ishbilarmon doiralarida katta qiziqish uygʻotmoqda. Uning doirasida oʻzaro manfaatli koʻplab kelishuvlar imzolanishi rejalashtirilmoqda. 

Mazkur koʻrgazma ikki davlat tadbirkorlari oʻrtasida savdo aloqalari kengayishini qoʻllab-quvvatlash, yangi qoʻshma korxonalar soni hamda oʻzaro mahsulot aylanmasini oshirishga xizmat qiladi. 

 

Umar Asrorov,

OʻzA maxsus muxbiri

Ahmadobod, Hindiston

Поделиться