O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Senat Komissiyasining matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi
2019-01-17 | Jamiyat
2019 yilning 17 yanvar kuni Milliy matbuot markazida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Mahalliy hokimiyat vakillik organlari faoliyatini kuchaytirishga ko‘maklashuvchi komissiyasining 2018 yil davomida amalga oshirgan ishlari va joriy yilga belgilangan ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Ta’kidlanganidek, hisobot davrida Senat komissiyasining 5 ta majlisi o‘tkazilib, ularda 19 ta masala, jumladan 3 ta viloyat (Andijon, Buxoro va Farg‘ona) hokimining hisobotlari muhokama qilindi. Senat komissiyasi tomonidan 15 ta nazorat tadbiri amalga oshirildi.
Ta’kidlanganidek, mahalliy darajada samarali faoliyat yurituvchi deputatlik korpusini shakllantirish hududlarni rivojlantirishning muhim omili bo‘lib, mahalliy vakillik hokimiyati organlarining sotsial-iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy islohotlardagi ishtiroki va rolini mustahkamlashga, xalq deputatlari tomonidan mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyati ustidan deputatlik nazoratini o‘rnatishga xizmat qiladi. Shu jihatdan hisobot davrida aynan mahalliy hokimiyat vakillik organlari faoliyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga, ularni islohotlar samarasiga munosib hissa qo‘shadigan tizimga aylantirishga alohida ahamiyat qaratildi.
Jumladan, 2018 yilda Komissiya tomonidan yoshlar o‘rtasida huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish samaradorligini oshirishda xalq deputatlari ishtiroki holati Namangan viloyati misolida o‘rganildi. Uning natijalariga ko‘ra Namangan viloyati hokimligida Senat komissiyasining mazkur masala muhokamasiga bag‘ishlangan majlisi o‘tkazilib, uning yakuni bo‘yicha Senat komissiyasining tegishli qarori qabul qilindi.
Shuningdek, Komissiya tomonidan respublikamizdagi qishloq xo‘jaligi ekin maydonlaridan foydalanish samaradorligining xalq deputatlari tuman Kengashlarida muhokama qilinishi amaliyoti o‘rganildi. Senatorlar va xalq deputatlari tuman Kengashlarining deputatlaridan iborat ishchi guruh tomonidan viloyatlarda o‘rganishlar olib borildi. Viloyatlarning barcha tumanlarida mahalliy Kengashlar sessiyalari o‘tkazilib, ularda aholi tomorqalaridan samarali foydalanish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni o‘rganish natijalari, Fermerlar kengashi raisi va tuman hokimining iqtisodiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari hisobotlari muhokama qilindi. Bu yo‘nalishdagi vazifalarning hududlardagi ijrosi Senat komissiyasi tomonidan tizimli ravishda o‘rganildi. Tahlillar natijasida aniqlangan muammo va kamchiliklarni bartaraf etish choralari ko‘rildi.
Qishloq xo‘jaligida suvdan oqilona foydalanish, suv tanqisligining oqibatlarini yumshatish, g‘o‘zada kafolatli hosil olish agrar soha samaradorligini oshirish yo‘nalishidagi muhim masalalardan biri hisoblanadi. Bu borada parlament va jamoatchilik nazoratini ta’minlash yuzasidan respublikaning barcha hududlarida Senat komissiyasi a’zolari tomonidan tegishli ishlar amalga oshirildi. Xususan, hududlarda ushbu yo‘nalishdagi ishlarni muvofiqlashtirib boruvchi shtablar tuzildi. Tadbirlar natijalari yuzasidan xalq deputatlari mahalliy Kengashlari sessiyalarida muhokamalar o‘tkazilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.
Byudjet daromadlari bazasini oshirish, yangi ish o‘rinlarini tashkil etish, investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha hududlarda olib borilayotgan ishlar ham Komissiya nazoratida ekanligi qayd etildi. Xususan, mahalliy Kengashlarda har chorak yakuni bo‘yicha hokim o‘rinbosarlari, soliq va moliya idoralari rahbarlarining hisobotlarini eshitish bo‘yicha muhokamalar o‘tkazildi va qabul qilingan qarorlarni tahlil qilib borish ishlari davom ettirildi. Tahlillar natijasida aniqlangan muammo va kamchiliklarni bartaraf etish choralari ko‘rildi.
Matbuot anjumanida o‘tgan yilda olib borilgan ishlar sarhisobidan kelib chiqib, joriy yilga belgilangan rejalar xususida ham so‘z yuritildi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning 2018 yil 28 dekabrda Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasida xalq deputatlari mahalliy Kengashlari faoliyatini kuchaytirish bo‘yicha muhim masalalar bayon etildi va Oliy Majlis palatalariga 2019 yil davomida ushbu masalalarni parlamentda atroflicha muhokama qilib, amaliy choralar dasturini qabul qilish tavsiya etildi. Ushbu dasturni ishlab chiqishga Komissiya a’zolari ham bevosita hissa qo‘shadilar.
Shuningdek, joriy yilgi Davlat dasturida Komissiya tomonidan har oyda kamida ikkita tumanda deputatlar ishtirokida ochiq muloqotlar, davra suhbatlari, seminar va boshqa tadbirlar o‘tkazib borish orqali mahalliy Kengashlar vakolatlarining samarali amalga oshirilishiga amaliy, nazariy va uslubiy ko‘mak ko‘rsatish nazarda tutilmoqda.
Matbuot anjumanida Komissiyaning joriy yilga rejalashtirilgan boshqa ishlari haqida ham ma’lumot berildi, jurnalistlar barcha savollariga batafsil javob oldilar.