O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Oʻzbekistondagi eng yaxshi maktablar reytingi aniqlanadi
2019-01-17 | Ta’lim
Oʻzbekistonda mavjud 10 mingga yaqin maktablarning eng yaxshilari reytingi aniqlanadi. Reyting natijalari 1-fevralgacha eʼlon qilinishi moʻljallangan.
Reytingni aniqlash 2 bosqichda amalga oshiriladi.
Birinchi bosqichda respublikamizdan reytingda ishtirok etadigan 28 ta tumanlar va shaharlar aniqlanadi. Bunda 14 ta hududning markaz shaharlari tanlanadi. Unga qoʻshimcha ravishda har bir hududdan bir donadan tuman qurʼa tashlash yoʻli bilan aniqlanib olinadi. Demak respublikamiz boʻyicha 28 ta tuman, shahar reytingni aniqlashda ishtirok etadi.
Ikkinchi bosqichda quyidagi 4 ta reyting indikatori boʻyicha tanlangan tuman, shaharlardagi maktablar faoliyati oʻrganiladi:
– 11-sinf bitiruvchilarining umumtaʼlim fanlari boʻyicha taʼlim tayyorgarlik darajasi va sifati koʻrsatkichi;
– 9-sinf oʻquvchilarining bilim darajasi koʻrsatkichi;
– Oliy va birinchi toifali oʻqituvchilar ulushi;
– Oʻquvchilar va pedagoglar bilan oʻtkaziladigan ijtimoiy soʻrov natijalari.
Reytingda umumtaʼlim muassasalari 9-sinf bitiruvchilarining bilim darajasi PISA (Programme for International Student Assessment) va TIMSS (Trends in International Mathematics and Science Study) - oʻquvchilar bilimini xalqaro baholash dasturi talablari doirasidagi savollar asosida baholanadi.
Umumtaʼlim muassasasida oʻtkaziladigan ijtimoiy soʻrovlar nazorat ishlari boshlanishidan oldin tashkil etiladi va quyidagi ikki usulda amalga oshiriladi: birinchi usul, bitiruvchi sinflar oʻquvchilari bilan pedagog va rahbar xodimlar faoliyati toʻgʻrisida ijtimoiy soʻrov oʻtkaziladi. Bunda taʼlim muassasasidagi ijtimoiy-maʼnaviy muhit va oʻqituvchilarning dars berish mahorati haqida oʻquvchilar fikri oʻrganiladi. Ikkinchi usul, pedagogik jamoa bilan TALIS (Teaching and Learning International Survey) - taʼlim berish va oʻqitish tizimining xalqaro tadqiqotiga asoslangan ijtimoiy soʻrov oʻtkaziladi. Bunda maktablarda oʻqituvchilar uchun yaratilgan sharoitlar va u yerdagi oʻquv muhitining ahvoli haqida oʻqituvchilar fikri oʻrganiladi.
Umumtaʼlim muassasalari reytingini tuzish maqsadida Davlat inspeksiyasi Xalq taʼlimi vazirligi bilan kelishgan holda reytingni aniqlashga oid maʼlumotlar bazasini shakllantirish, umumtaʼlim muassasalarida nazorat ishlari va ijtimoiy soʻrovlarni oʻtkazish boʻyicha muvofiqlashtiruvchi komissiya tuziladi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlarda umumtaʼlim muassasalari reytingini aniqlashga oid maʼlumotlar bazasini shakllantirish, nazorat ishlari va ijtimoiy soʻrovlarni oʻtkazish boʻyicha Davlat inspeksiyasining hududiy boʻlimlari hamda Xalq taʼlimi vazirligining hududiy boshqarmalari xodimlaridan iborat ishchi guruhlar tuziladi. Komissiya hamda ishchi guruh tarkiblari Davlat inspeksiyasi buyrugʻi bilan tasdiqlanadi.
Reytingda qatnashadigan tuman, shaharlar umumtaʼlim muassasalari roʻyxati komissiya tomonidan belgilanib, joriy yilning 1-fevraligacha eʼlon qilinadi.