O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Prezidentimizning Germaniyaga rasmiy tashrifi arafasida Samarqanddagi maktabga ham nemis faylasufi nomi berildi
2019-01-17 | Ta’lim
Joriy yilning 16-yanvar kuni Samarqand shahridagi 51-sonli nemis tiliga ixtisoslashtirilgan davlat umumtaʼlim maktabiga nemis faylasufi, tilshunoslik fanining asoschilaridan biri, Prussiyada gimnaziya taʼlimining islohotlarini amalga oshirgan davlat arbobi, diplomat Vilgelm fon Gumboldt nomi berilishiga bagʻishlangan tantanali marosim boʻlib oʻtdi.
Tadbirda Xalq taʼlimi vaziri oʻrinbosari Sarvar Babaxodjayev, Germaniyaning xorijdagi maktablari Markaziy boshqarmasi rahbari Barbara Damboldt va jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Taʼkidlash joizki, tadbirda soʻzga chiqqanlar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyev tomonidan yurtimizda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar, xususan, yoshlar taʼlim-tarbiyasiga, oʻqituvchi-murabbiylarga berilayotgan yuksak eʼtibor va gʻamxoʻrliklar, oʻgʻil-qizlarning mustaqil fikrga ega avlod boʻlib kamol topishi uchun yaratilayotgan sharoitlar xususida soʻz yuritdi. Shuningdek, Oʻzbekiston va Germaniya oʻrtasidagi munosabatlarning rivojlanib borayotgani hamda fan va taʼlim sohasidagi hamkorlik aloqalari alohida taʼkidlab oʻtildi.
Tadbir soʻnggida mehmonlar taʼlim muassasasi faoliyati va oʻquvchilar uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishishdi.