O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

“Andijon-farm” erkin iqtisodiy zonasini tashkil etish toʻgʻrisida

2019-01-17 | Hujjatlar

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni

Respublikamizda yuqori texnologiyali farmatsevtika korxonalarini tashkil etish boʻyicha investitsiya loyihalarini amalga oshirishga investitsiyalarni, eng avvalo, Hindiston Respublikasidan toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalarni faol jalb etish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, ichki bozorni oʻzimizda, shu jumladan, mahalliy dorivor oʻsimliklar xom ashyosini chuqur qayta ishlash asosida ishlab chiqarilgan yuqori sifatli dori vositalari bilan toʻldirish, shuningdek, Andijon viloyatining ishlab chiqarish va resurs salohiyatidan kompleks hamda samarali foydalanish asosida yangi ish oʻrinlarini yaratish va respublikamiz aholisi daromadlarini oshirish maqsadida: 

1. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Moliya vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi, Andijon viloyati hokimligining Andijon viloyati Andijon tumanida “Andijon-farm” erkin iqtisodiy zonasini (keyingi oʻrinlarda – “Andijon-farm” EIZ) tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin. 

2. Quyidagilar “Andijon-farm” EIZning asosiy vazifalari va faoliyat yoʻnalishlari etib belgilansin: 

yuqori qoʻshilgan qiymatli, shu jumladan, “in-bulk” shaklida farmatsevtika mahsulotlari va dori vositalarini ishlab chiqaruvchi zamonaviy korxonalarni tashkil etish uchun, eng avvalo, Hindiston Respublikasi yetakchi kompaniyalarining toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalari va ilgʻor texnologiyalarini jalb etish; 

dorivor oʻsimliklar xom ashyosini qayta ishlash va tayyor dori vositalari, tibbiyot buyumlari, tibbiy texnikalar, yordamchi va qadoqlash materiallari ishlab chiqarish boʻyicha yangi zamonaviy ishlab chiqarish va quvvatlarni tashkil etish; 

dorivor oʻsimliklar xom ashyosini oʻziga xos tabiiy sharoitlarda yetishtirish va keyinchalik qayta ishlash borasida Andijon viloyatining ishlab chiqarish va resurs salohiyatidan kompleks hamda samarali foydalanishni taʼminlash; 

erkin iqtisodiy zonalar tashkilotlari hamda respublikamizning boshqa korxonalari oʻrtasida mustahkam kooperatsiya aloqalarini oʻrnatish va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish orqali mahalliy dorivor oʻsimliklar xom ashyosi va materiallari negizida farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarishni mahalliylashtirish jarayonlarini chuqurlashtirish; 

“Andijon-farm” EIZ hududida muhandislik-kommunikatsiya, yoʻl-transport va ijtimoiy infratuzilmani jadal rivojlantirish, shuningdek, uning hududida sifatli logistika xizmatlari koʻrsatish boʻyicha zamonaviy infratuzilmani shakllantirish; 

“Andijon-farm” EIZning soha kadrlariga boʻlgan joriy va istiqboldagi ehtiyojlaridan kelib chiqib, yuqori malakali mutaxassislarni, shu jumladan, ularning “Andijon-farm” EIZ hududida joylashgan korxonalarda ishlab chiqarish amaliyotini oʻtashini tashkil etish orqali tayyorlashda qatnashish. 

3. Belgilansinki: 

“Andijon-farm” EIZning faoliyat yuritish muddati 30 yilni tashkil etadi va ushbu muddat keyinchalik uzaytirilishi mumkin; 

“Andijon-farm” EIZ faoliyat yuritadigan muddat davomida uning hududida alohida soliq va bojxona tartiblari amal qiladi. 

4. Quyidagilar: 

“Andijon-farm” EIZ ishtirokchilariga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Erkin iqtisodiy zonalar faoliyatini muvofiqlashtirish va boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018 yil 21 dekabrdagi PF–5600-son Farmoni talablarini hisobga olgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Erkin iqtisodiy zonalar faoliyatini faollashtirish va kengaytirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2016 yil 26 oktyabrdagi PF–4853-son Farmonining 3, 4 va 5-bandlari qoidalari; 

“Andijon-farm” EIZ direksiyasiga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Urgut”, “Gʻijduvon”, “Qoʻqon” va “Hazorasp” erkin iqtisodiy zonalarini tashkil etish toʻgʻrisida” 2017 yil 12 yanvardagi PF–4931-son Farmonining 8-bandi qoidalari tatbiq etilsin. 

5. Andijon viloyati erkin iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalari maʼmuriy kengashi Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi, Qurilish vazirligi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi bilan birgalikda ikki oy muddatda “Andijon-farm” EIZga kiruvchi hududlar chegaralarini belgilashni va “Andijon-farm” EIZ direksiyasi faoliyatini tashkil etishni nazarda tutuvchi hukumat qarori loyihasini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin. 

6. Belgilansinki, “Andijon-farm” EIZ direksiyasining funksiyalari Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining tavsiyalarini inobatga olgan holda Andijon viloyati erkin iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalari maʼmuriy kengashining qaroriga asosan erkin iqtisodiy zonalarni rivojlantirish va boshqarish tajribasiga ega boʻlgan xorijiy kompaniyalarga, birinchi navbatda, hind kompaniyalariga berilishi mumkin. 

7. Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi Toshkent farmatsevtika instituti bilan birgalikda Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligiga Andijon viloyatining tuproq-iqlim sharoitlaridan kelib chiqqan holda sanoat plantatsiyalari tashkil qilish uchun dorivor oʻsimlik turlari roʻyxatini, shuningdek, mahalliy dorivor oʻsimliklar xom ashyosidan foydalangan holda dorivor moddalar (substansiyalar) va dori vositalari ishlab chiqarish sohasidagi yangi ilmiy tadqiqotlar natijalarini tizimli ravishda taqdim etib borsin. 

8. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi, Avtomobil yoʻllari davlat qoʻmitasi, “Oʻzbekenergo” AJ, “Oʻztransgaz” AJ “Andijon-farm” EIZ hududini, shuningdek, uning ishtirokchilarini tashqi muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi bilan kafolatli taʼminlasin. 

9. Andijon viloyati hokimligi Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi, Qurilish vazirligi, Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi, Avtomobil yoʻllari davlat qoʻmitasi, “Oʻzbekenergo” AJ, “Oʻztransgaz” AJ, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ bilan birgalikda uch oy muddatda belgilangan tartibda ishlab chiqilgan va tasdiqlangan “Andijon-farm” EIZning bosh rejasiga asosan “Andijon-farm” EIZ hududida muhandislik-kommunikatsiya va ishlab chiqarish infratuzilmasini jadal rivojlantirish dasturi loyihasini tasdiqlash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin. 

10. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi Moliya vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi bilan birgalikda har yili kelgusi yilga Oʻzbekiston Respublikasining rivojlanish davlat dasturlarini shakllantirishda “Andijon-farm” EIZning belgilangan tartibda ishlab chiqilgan va tasdiqlangan bosh rejasi asosida “Andijon-farm” EIZning transport, ishlab chiqarish va muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish uchun kapital qoʻyilmalar limitlarini hamda zarur markazlashtirilgan investitsiyalar ajratilishini nazarda tutsin. 

11. “Andijon-farm” EIZning bosh rejasini ishlab chiqish boʻyicha quyidagilar: 

Andijon viloyati hokimligi huzuridagi “Yagona buyurtmachi xizmati” IK” DUK – buyurtmachi etib; 

tanlov asosida aniqlangan loyiha tashkiloti – bosh loyiha tashkiloti etib; 

Andijon viloyatining mahalliy byudjeti mablagʻlari, shuningdek, qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar – moliyalashtirish manbalari etib belgilansin. 

12. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi Andijon viloyati hokimligi, Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi, Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda “Andijon-farm” EIZga, eng avvalo, Hindiston Respublikasidan toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni va ilgʻor texnologiyalarni jalb etish boʻyicha “Yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritsin hamda 2019 yilning birinchi choragida “Andijon-farm” EIZ toʻgʻrisida Hindiston Respublikasi va xorijiy mamlakatlarda taqdimot oʻtkazilishini taʼminlasin. 

13. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Andijon viloyati hokimligi buyurtmanomalariga binoan “Andijon-farm” EIZda joylashadigan korxonalarning investitsiyaviy xodimlari va ularning oila aʼzolariga kirish, shu jumladan, koʻp martalik vizalarni konsullik va boshqa yigʻimlarni undirmasdan belgilangan tartibda rasmiylashtirsin. 

14. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Andijon viloyati hokimligi buyurtmanomalariga binoan “Andijon-farm” EIZdagi investitsiya loyihalarini amalga oshirishga jalb etiladigan xorijiy mutaxassislarga belgilangan tartibda koʻp martalik vizalarni berish va muddatini uzaytirish hamda vaqtinchalik yashash joyi boʻyicha propiskaga qoʻyish va muddatini uzaytirish davlat boji undirmasdan amalga oshirilishini taʼminlasin. 

15. Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Andijon viloyati hokimligi buyurtmanomalariga binoan respublikaga (Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari orasida mavjud boʻlmagan) ishchi kuchini jalb etishga ruxsat berilishi (uzaytirilishi)ni, shuningdek, ushbu fuqarolarga Oʻzbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyatini olib borish huquqining belgilangan tartibda berilishi (uzaytirilishi)ni taʼminlasin. 

16. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va Andijon viloyati hokimi Sh.Q.Abduraxmanov zimmasiga yuklansin. 


Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti                                      Sh.MIRZIYOYEV 

Toshkent shahri, 2019 yil 14 yanvar

Поделиться