O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Oʻzbekistonda 50 million yevrolik yangi onkologik klinika bunyod etiladi
2019-01-16 | Sog‘liqni saqlash
Maʼlumki, Germaniya tibbiyoti eng rivojlangan davlatlar sirasiga kiradi. Ayniqsa, onkologiya yoʻnalishida koʻplab yutuqlarga erishgan. Bu borada profilaktika, kasallikni erta aniqlash, yuqori texnologik davolash hamda reabilitatsiya borasida katta natijalarni qoʻlga kiritgani tahsinga loyiq.
Ushbu yoʻnalishda Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi hamda OPASCA German Oncology Solutions GmbH tomonidan 50 million yevro qiymatidagi eng soʻnggi texnologiya va jihozlar bilan taʼminlangan, zamonaviy klinika bunyod etish hamda Germaniyaning nufuzli Mangeym universiteti klinikasi bilan oʻzbekistonlik mutaxassislarni tayyorlash loyihasini amalga oshirish yuzasidan kelishuv imzolandi.
– Natijada, oʻta ogʻir, murakkab va gumonli holatlarga ham aniq tashxis qoʻyish va samarali davolash imkoni yuzaga keladi. Eng muhimi, ushbu zamonaviy shifoxonada germaniyalik yetakchi mutaxassis va olimlar doimiy asosda ishlaydi, – deydi Sogʻliqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov. – Bundan tashqari, Mangeym universiteti klinikasi professorlari tomonidan oʻzbekistonlik mutaxassislarni tayyorlash yoʻlga qoʻyiladi. Shu tariqa mamlakatimiz tarixida birinchi marotaba tibbiyotning barcha yoʻnalishlari boʻyicha Germaniyaning eng ilgʻor tibbiyot markazida mutaxassislarimizni muntazam tayyorlash hamda malaka oshirish tizimiga asos solindi.