Ozarbayjon delegatsiyasi Oʻzbekeistondagi davlat xizmatlari markazlari faoliyatiga yuksak baho berdi
Oʻzbekiston adliya vaziri Ruslanbek Davletov Ozarbayjon Prezidenti huzuridagi Fuqarolarga xizmat koʻrsatish va ijtimoiy innovatsiyalar Davlat agentligi delegatsiyasi bilan uchrashdi.
Mazkur delegatsiya Oʻzbekistonning davlat xizmatlari tizimini yoʻlga qoʻyish va uning faoliyati, aholi bilan ishlashni tashkil etishga doir tajribasini oʻrganish, shuningdek sohadagi innovatsion yondashuv borasida tajriba almashish maqsadida tashrif buyurgan.
Maʼlumot uchun: Ozarbayjon Prezidenti huzuridagi Fuqarolarga xizmat koʻrsatish va ijtimoiy innovatsiyalar Davlat agentligi – “ASAN” xizmati aholiga 11 ta vazirlik va boshqa tashkilotlarning 300 dan ziyod xizmatlarini taqdim etuvchi tashkilot hisoblanadi.
Tomonlar xalqaro-huquqiy hamkorlik, davlat xizmatlari sohasida qoʻshma tadbirlarni tashkil etish masalalarini muhokama qildi.
Uchrashuvda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 12 dekabrdagi farmoni bilan Adliya vazirligi huzurida Davlat xizmatlari agentligi tashkil etilib, bu fuqarolarning davlat organlari bilan oʻzaro aloqasining yangi bosqichini boshlab bergani qayd etildi. Mazkur markazlari fuqarolarga 100 dan ortiq davlat xizmatlari koʻrsatmoqda. Hozirgi vaqtda davlat-xususiy sheriklik asosida mintaqalarda davlat xizmatlari markazlarining zamonaviy binolari qad rostlamoqda.
Olis hududlar aholisiga qulaylik yaratish maqsadida “mobil” yoki koʻchma davlat xizmatlari koʻrsatish tizimi joriy etildi.
Ozarbayjon delegatsiyasi respublikamizning har bir tumanida tashkil etilgan davlat xizmatlari markazlari faoliyatiga yuksak baho berdi.
Uchrashuv yakunlari boʻyicha tomonlar davlat xizmatlari sohasidagi innovatsion yondashuvlar boʻyicha tajriba almashishni yanada kengaytirishga kelishib oldi.
Tomonlarning fikricha, ushbu tadbirlarni amalga oshirish ikki mamlakat oʻrtasidagi doʻstlik munosabatlarini mustahkamlash hamda davlat xizmatlari koʻrsatish sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga zamin yaratadi.
Muattar Roʻziboyeva, OʻzA