O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida

2019-01-15 | Hujjatlar

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 14 yanvardagi PF–5630-son “Davlat aktivlarini boshqarish, monopoliyaga qarshi kurashishni tartibga solish tizimini va kapital bozorini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida: 

1. Quyidagilar: 

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligining tarkibiy tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq; 

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi markaziy apparatining tuzilmasi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin. 

2. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligining (keyingi oʻrinlarda – Agentlik) boshqaruv xodimlari cheklangan soni 432 nafar, shu jumladan, Agentlik markaziy apparati – 109 nafar etib belgilansin. 

Agentlik direktoriga quyidagi huquqlar berilsin: 

zarur hollarda, boshqaruv xodimlarining belgilangan umumiy soni doirasida Agentlik markaziy apparatining tasdiqlangan tuzilmasiga oʻzgartirishlar kiritish; 

Agentlikning Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hududiy boshqarmalari tuzilmalarini tasdiqlash; 

Agentlikning hududiy boshqarmalarining boshqaruv xodimlari cheklangan sonini tasdiqlash; 

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi huzuridagi byudjetdan tashqari Davlat aktivlarini boshqarish, transformatsiya va xususiylashtirish jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarida – Jamgʻarma) mablagʻlari hisobidan Agentlikning boshqaruv xodimlari mutaxassislarining qoʻshimcha shtat birliklarini kiritish; 

mahalliy va xorijiy malakali mutaxassislarni xodimlar va maslahatchilar sifatida, ularga istisno tariqasida Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan ish haqi va boshqa toʻlovlarni belgilagan holda jalb qilish; 

Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan Agentlik xodimlariga asosiy egallab turgan lavozimlari boʻyicha lavozim maoshlari (tarif stavkalari)ga, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa toʻlovlardan qatʼi nazar, ustama va boshqa ragʻbatlantiruvchi toʻlovlarni belgilash; 

Agentlikka yuklatilgan vazifalarni bajarish uchun shartnoma asosida jalb etiladigan malakali xorijiy mutaxassislar mehnatiga haq toʻlash shartlarini xalqaro amaliyot va bozor sharoitlaridan kelib chiqqan holda belgilash. 

3. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa mablagʻlar Agentlikning markaziy apparati va uning hududiy boshqarmalarini taʼminlash boʻyicha xarajatlarning moliyalashtirish manbalari etib belgilansin. 

4. Belgilansinki: 

a) Agentlik: 

Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasining (keyingi oʻrinlarda – Davlat raqobat qoʻmitasi) barcha huquqlari, majburiyatlari va davlat, shu jumladan, chet eldagi aktivlarini boshqarish, xususiylashtirish tadbirlarini amalga oshirish (shu jumladan, davlat ulushlarini sotish), davlat aktivlarini ijaraga berish, xoʻjalik jamiyatlarida korporativ boshqaruvni joriy etish, iqtisodiy nochor xoʻjalik jamiyatlarini moliyaviy sogʻlomlashtirish, bankrotlik, baholash faoliyatida davlat tomonidan tartibga solish va mulkni baholash standartlarini tasdiqlash boʻyicha huquqiy voris hisoblanadi; 

“Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi huzuridagi Davlat aktivlarini boshqarish markazi” DUKning barcha huquqlari, majburiyatlari va shartnomalari boʻyicha huquqiy vorisi hisoblanadi; 

oʻz vakolatlarini mustaqil ravishda va barcha davlat organlari va tashkilotlari, ularning mansabdor shaxslaridan mustaqil ravishda olib boradi hamda oʻz faoliyatida bevosita Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga boʻysunadi va hisobot beradi; 

davlat aktivlarini boshqarish sohasida vazirliklar va idoralar, shuningdek, mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatini muvofiqlashtiradi; 

Oʻzbekiston Respublikasining “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi hamda “Masʼuliyati cheklangan hamda qoʻshimcha masʼuliyatli jamiyatlar toʻgʻrisida”gi qonunlariga muvofiq xoʻjalik jamiyatlarining ustav kapitalida oʻziga berilgan davlat aksiya paketlari (ulush) boʻyicha aksiyador (taʼsischi va ishtirokchi) huquqini amalga oshiradi; 

Davlat raqobat qoʻmitasi va uning hududiy organlari tomonidan savdolarga qoʻyilgan obyektlar boʻyicha sotuvchi funksiyasini bajaradi. Bunda Davlat raqobat qoʻmitasi qayta tashkil etilishi munosabati bilan savdo shartlari va turlari oʻzgarishsiz qoldiriladi, obyektlarni savdodan yechish, qayta baholash va qaytadan savdoga qoʻyish talab etilmaydi; 

davlat ulushi ishtirokidagi xoʻjalik jamiyatlarining (keyingi oʻrinlarda – xoʻjalik jamiyatlari) joriy faoliyatiga aralashmagan holda oʻziga yuklatilgan vazifalarni faqat korporativ boshqaruv usullarini qoʻllagan holda bajarilishini taʼminlaydi; 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasiga har yili hisobot yilidan keyingi yilning 1 oktyabridan kechiktirmay Agentlik faoliyati, shu jumladan, xoʻjalik jamiyatlari faoliyatida strategik oʻzgarishlar natijalari toʻgʻrisida hisobot taqdim etadi; 

b) Agentlik direktori, uning birinchi oʻrinbosari va oʻrinbosarlari Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining taqdimnomasiga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi, maqomi, tibbiy va transport xizmat koʻrsatish sharoitlari boʻyicha tegishli ravishda vazir, vazirning birinchi oʻrinbosari va vazir oʻrinbosariga tenglashtiriladi; 

v) Agentlik direktori, uning birinchi oʻrinbosari, oʻrinbosarlari va Agentlik xodimlari belgilangan tartibda xoʻjalik jamiyatlari kuzatuv kengashi aʼzoligiga saylanish huquqiga egadirlar; 

g) Agentlikning hududiy boshqarmalari rahbarlarini lavozimga tayinlash Agentlikning direktori tomonidan tegishlicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi; 

d) Agentlik xodimlariga tugatilayotgan Davlat raqobat qoʻmitasi xodimlari uchun nazarda tutilgan tibbiy yordam koʻrsatish tartibi saqlab qolinadi; 

ye) Xizmatchilarning asosiy lavozimlari va ishchilar kasblari klassifikatorini Agentlikda qoʻllashda taʼlim darajasi minimal qismi boʻyicha xorijiy oliy taʼlim muassasalarini tamomlagan tegishli yoʻnalishdagi mutaxassislarga nisbatan ishga qabul qilishda, ishchilar kasblari boʻyicha malaka darajalarini belgilashda, istisno tariqasida, tavsiyaviy xususiyatga ega; 

j) Davlat raqobat qoʻmitasi qayta tashkil qilinishi munosabati bilan u va uning hududiy organlari tomonidan avval berilgan litsenziyalar, huquq beruvchi, ruxsatnoma hujjatlari va ilgari ular tomonidan qabul qilingan qarorlar oʻz kuchini saqlab qoladi va ularni bekor qilish yoki oʻzgartirish talab etilmaydi. 

5. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq: 

2019 yilning 1 aprelidan xoʻjalik jamiyatlarining kuzatuv kengashi (banklar kengashi) tarkibi va ijroiya organi aʼzolarini normativ-huquqiy hujjatlar bilan tasdiqlash, shuningdek, ularni davlat organlarining rahbarlari yoki rahbar oʻrinbosarlariga tenglashtirish amaliyoti bekor qilinadi; 

2019 yil 1 iyulidan boshlab davlat organlarining rahbarlari yoki rahbar oʻrinbosarlari, Agentlik bundan mustasno, ularda korporativ boshqaruv malaka attestati mavjud boʻlganda davlat ishtirokidagi korxonalarning kuzatuv kengashi aʼzoligiga davlat ulushi boʻyicha saylanishlari mumkin; 

xoʻjalik jamiyatlari kuzatuv kengashi (banklar kengashi) tarkibi davlat organlari, tashkilotlar yoki ularning mansabdor shaxslari bilan kelishilmasdan aksiyadorlar umumiy yigʻilishi qarori bilan tasdiqlanadi; 

xoʻjalik jamiyatining ijro organi (rahbar va rahbar oʻrinbosarlari) tanlov asosida yuqori malakali, shu jumladan, xorijiy mutaxassislar orasidan tanlab olinadi va davlat organlari, tashkilotlar yoki ularning mansabdor shaxslari bilan kelishilmasdan aksiyadorlar umumiy yigʻilishi yoki kuzatuv kengashi qarori bilan tayinlanadi; 

kelgusida xoʻjalik jamiyatlari ustav kapitalida (fondida) shakllanadigan, aksiyadorning (taʼsischining) huquqlari davlat organlari va muassasalari tomonidan amalga oshiriladigan davlat ulushi Agentlikka beriladi; 

kelgusida xoʻjalik jamiyatlari ustav kapitalida shakllanadigan davlat organlari va muassasalari tomonidan aksiyador (taʼsischi) huquqlari amalga oshiriladigan davlat ulushi Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga beriladi; 

ilgari davlat aksiyalarini ishonchli boshqaruvga investitsiya aktivlari boʻyicha ishonchli boshqaruvchilarga berish boʻyicha tuzilgan bitimlar ularning amal qilish muddati tugagunga qadar ilgari imzolangan shartlar asosida Agentlik tomonidan qoʻshimcha bitimlarni tuzish yoʻli bilan qayta rasmiylashtiriladi; 

xoʻjalik jamiyatlari ish haqi miqdorini, boshqaruv va texnik xodimlar birligini, avtotransport vositalari sonini belgilash hamda qonun hujjatlariga muvofiq xoʻjalik boshqaruvi organlari uchun alohida tartib oʻrnatilgan masalalar boʻyicha qarorlarni mustaqil ravishda qabul qiladi. 

6. Xoʻjalik jamiyatlarining ustav kapitalidagi davlat ulushlari 3-ilovaga muvofiq Agentlikka berilsin. 


Agentlik Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi bilan birgalikda ikki oy muddatda davlat ulushi mavjud xoʻjalik jamiyatlarini xatlovdan oʻtkazsin. 

Belgilansinki, xatlov natijasida aniqlanadigan va mazkur qarorning 3-ilovasiga kiritilmagan, aksiyadorning (taʼsischining) huquqlari davlat organlari va muassasalari tomonidan amalga oshiriladigan xoʻjalik jamiyatlari ustav kapitali (fondi)dagi davlat ulushi Agentlikka beriladi. 

7. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi: 

ushbu qaror ijrosini taʼminlash doirasida 2019 yilga moʻljallangan Agentlik xarajatlari uchun Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti parametrlari doirasida mablagʻ ajratsin va 2020 yildan boshlab zarur byudjet mablagʻlarini koʻzda tutsin; 

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjetining 2019 yil uchun tasdiqlangan xarajatlar parametrlariga ushbu qaror talablaridan kelib chiqib tegishli oʻzgartirishlar kiritsin; 

Agentlikka xizmat avtotransport vositalarini sotib olish uchun zarur mablagʻlarning ajratilishini taʼminlasin va 12 ta, shu jumladan, 9 ta shaxsiy biriktirilgan xizmat yengil avtomobillarini saqlashga limit belgilasin; 

Agentlikning asoslangan hisob-kitoblaridan kelib chiqib, maʼmuriy binolarini taʼmirlash va moddiy-texnik bazasini shakllantirish maqsadida zaruriy jihozlar va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini xarid qilish uchun zarur mablagʻlar ajratilishini taʼminlasin. 

9. Agentlik ikki oy muddatda “Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi huzuridagi Davlat aktivlarini boshqarish markazi” DUKning belgilangan tartibda Agentlik tarkibiga qoʻshilishini taʼminlasin. 

10.Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Agentlikni telefon aloqasi, jumladan, hukumat aloqasi bilan belgilangan tartibda taʼminlasin. 

11.Ichki ishlar vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi, Qimmatli qogʻozlar markaziy depozitariysi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Davlat raqobat qoʻmitasi hamda uning hududiy organlarining tugatilishi munosabati bilan tegishliligi boʻyicha davlat bojlari va boshqa turdagi yigʻimlarni undirmagan holda: 

Agentlik va uning hududiy boshqarmalariga koʻchmas mulk va boshqa mulk obyektlariga huquqning qayta roʻyxatdan oʻtkazilishini; 

Agentlik va uning hududiy boshqarmalari tasarrufiga oʻtadigan avtotransport vositalarining Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi organlarida qayta roʻyxatdan oʻtkazilishini; 

davlat aksiya paketlari (ulushlari) boʻyicha aksiyador (taʼsischi va qatnashchi) funksiya va huquqlari Agentlikka oʻtganligi munosabati bilan xoʻjalik jamiyatlari taʼsis hujjatlariga kiritiladigan oʻzgartirish va qoʻshimchalarning davlat roʻyxatidan oʻtkazilishini taʼminlasin. 

12.Agentlik Vazirlar Mahkamasining 2016 yil 7 oktyabrdagi 336-son qarori bilan tasdiqlangan Rahbarlari xodimlarni Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiska qilish toʻgʻrisida iltimosnoma kiritishi mumkin boʻlgan davlat hokimiyati organlari, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, respublika ahamiyatiga molik boshqa davlat tashkilotlari roʻyxatiga kiritilsin. 

13.Agentlik va uning hududiy boshqarmalari oʻziga yuklatilgan vakolatlarga muvofiq sudlarga koʻrib chiqishi uchun kiritiladigan daʼvolar boʻyicha davlat boji toʻlashdan ozod qilinsin. 

14.Agentlik Toshkent shahri, A.Temur koʻchasi, 6-uy manziliga operativ boshqaruv huquqi asosida joylashtirilsin. 

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bir oy muddatda Agentlikning hududiy boshqarmalarini tugatilgan Davlat raqobat qoʻmitasi hududiy organlarining hozirgi joylashuvi boʻyicha binolariga joylashtirilishini taʼminlasin. 

15.Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligiga Agentlik, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda davlat aktivlarini tadbirkorlarga sotish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar koʻlamini ommaviy axborot vositalarida keng yoritish tavsiya etilsin. 

16.Agentlik Moliya vazirligi, Adliya vazirligi va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga: 

a)2019 yil 1 aprelga qadar: 

xoʻjalik jamiyatlarining kuzatuv kengashlari va ijro organlarining aʼzolarini tasdiqlash, shuningdek, ijro organlarining aʼzolarini davlat organlarining rahbarlari yoki rahbar oʻrinbosarlariga tenglashtirish toʻgʻrisida qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarni bekor qilish boʻyicha takliflarni; 

ilgʻor xorijiy amaliyotni hisobga olgan holda, davlat ishtirokidagi korxonalar faoliyatiga kuzatuv kengashlari va nazorat organlari faoliyati samaradorligini oshirishni, korporativ boshqaruvning xalqaro tamoyillarini nazarda tutuvchi korporativ boshqaruvning zamonaviy usullarini joriy etish boʻyicha “Yoʻl xaritasi”ni; 

b)ikki oy muddatda: 

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi toʻgʻrisidagi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi huzuridagi byudjetdan tashqari Davlat aktivlarini boshqarish, transformatsiya va xususiylashtirish jamgʻarmasi mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizomlarni tasdiqlash haqida qaror loyihasini; 

qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisidagi takliflarni kiritsin. 

17.Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh.Nizomiddinov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi oʻrinbosari B.M.Mavlonov zimmasiga yuklansin. 


Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti                                    Sh.MIRZIYOYEV 

Toshkent shahri, 2019 yil 14 yanvar

Поделиться