O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Urbanizatsiya jarayonlarini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
2019-01-14 | Hujjatlar
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni
Olib borilayotgan tarkibiy islohotlar doirasida yirik strategik investitsiya loyihalarini amalga oshirish bilan bir qatorda shaharlar aholisi farovonligining oʻsishi va barqaror rivojlanishiga yetaklovchi omil sifatida urbanizatsiya jarayoni tegishli darajada hisobga olinmagan. Natijada soʻnggi yillarda urbanizatsiya darajasining pasayish tendensiyasi kuzatilmoqda, shahar aholi punktlari soni esa atigi 1065 dan 1071 gacha koʻpaygan.
Yirik qishloq aholi punktlarini shahar posyolkalariga aylantirish boʻyicha koʻrilgan chora-tadbirlarga qaramasdan, bugungi urbanizatsiya darajasi shaharlarni kompleks rivojlantirish boʻyicha zamonaviy talablariga javob bermaydi va jahon tendensiyalaridan sezilarli darajada qolib ketmoqda. Bunda urbanizatsiya darajasi hanuzgacha barqaror xususiyatga ega emas.
Urbanizatsiya jarayonlarining davlat tomonidan samarali tartibga solinishini taʼminlash hamda yer uchastkalarining aylanmasi va ulardan foydalanishda zamonaviy bozor mexanizmlarini joriy etish maqsadida:
1. Quyidagilar mamlakatda urbanizatsiya jarayonlarini tubdan takomillashtirishning asosiy yoʻnalishlari etib belgilansin:
mutlaqo yangi uy-joy siyosatini amalga oshirish asosida urbanizatsiya jarayonlarini faollashtirish, bunda muhandislik, transport va ijtimoiy infratuzilmalar bilan taʼminlangan, ipotekani kreditlash va tadbirkorlik subyektlarining moliyaviy resurslarini jalb qilish mexanizmlaridan foydalangan holda, shu jumladan, kam va oʻrta daromadli oilalar uchun arzonlashtirilgan turar joylarni qurishga yoʻnaltirilgan investitsiyalarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha maxsus chora-tadbirlarni nazarda tutish;
jismoniy va yuridik shaxslar uchun turar joy va noturar joy binova inshootlar ostidagi yer uchastkalariga egalik qilish huquqini amalga oshirishni kafolatlash, yer uchastkalarini fuqarolik muomalasiga kiritish uchun shart-sharoitlar yaratish;
migratsiya jarayonlarini maʼmuriy tartibga solish tizimini takomillashtirish yoʻli bilan aholining qishloq joylaridan shaharlarga erkin harakatlanish uchun shart-sharoitlar yaratish;
yirik shaharlar aholisining farovonligini taʼminlash, iqtisodiy va sanoat resurslaridan foydalanishni kengaytirish hisobiga ushbu shaharlar aholisini toʻliq va samarali bandligini taʼminlashga koʻmaklashish, shuningdek, hududlardagi oliy taʼlim muassasalari va ilmiy-tadqiqot institutlari asosida texnoparklar tashkil qilish va ularning tizimini mustahkamlash;
avvalambor sanoat, xizmat va servis sohalarida aholining daromadlarini oshirish va barqaror ish joylarini yaratish omili sifatida aglomeratsiyalarning afzalliklaridan foydalanishni nazarda tutgan holda oʻrta shaharlarni, shu jumladan, tuman markazlarini boshqarishda ilgʻor xalqaro tajribani keng joriy etish;
yirik shaharlarga tutash boʻlgan va qulay transport aloqasiga ega yoʻldosh-shaharlar tarmogʻini kengaytirish, yirik shaharlarning markaziy qismida sanoat va boshqa zonalar hududlarini qisqartirgan holda ijtimoiy-ishbilarmonlik zonalar hududlarini kengaytirish.
2. 2019-yil 1-iyuldan boshlab shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:
yuridik shaxslar – Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlariularga mulk huquqi asosida tegishli boʻlgan yoki ular tomonidan xususiylashtirilayotgan bino va inshootlar, sanoat infratuzilmasi obyektlari joylashgan yer uchastkalarini, shuningdek, ularga tutash hududlardagi ishlab chiqarish faoliyatini amalga oshirish uchun zarur miqdordagi yer uchastkalarini xususiylashtirish huquqiga ega;
jismoniy shaxslar – Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolariularga yakka tartibda uy-joy qurish va turar joyga xizmat koʻrsatish uchun ajratilgan yer uchastkalarini xususiylashtirish huquqiga ega;
koʻrsatilgan yer uchastkalarini xususiylashtirish jismoniy va yuridik shaxslarning arizalari asosida mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarori bilan amalga oshiriladi;
jismoniy va yuridik shaxslar – Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlari tomonidan xususiylashtirilgan yer uchastkalarixususiy mulk (fuqarolik muomalasi obyektlari) hisoblanadi va daxlsizdir, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasining “Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari toʻgʻrisida”gi qonuniga muvofiq davlat tomonidan muhofaza qilinadi;
yer uchastkalarini xususiylashtirish faqatgina kadastr hujjatlari mavjud boʻlgan holdahamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan miqdorlarda pullik asosda amalga oshiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
ikki oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga Oʻzbekiston Respublikasining “Qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish toʻgʻrisida”gi qonuni loyihasini kiritsin;
2019-yil 1-iyunga qadar xususiylashtiriladigan yer uchastkalari uchun tabaqalashtirilgan toʻlovlar miqdorlari, shuningdek, ularni toʻlash tartibini belgilovchi hukumat qarorini qabul qilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda, shuningdek, mahalliy va xorijiy ekspertlarni jalb qilgan holda 2019-yil 1 -yulga qadar belgilangan tartibda, shu jumladan, kompleks uy-joylar qurilishi hisobidan yangi shaharlar va yoʻldosh-shaharlar tashkil etishni nazarda tutadiganOʻzbekiston Respublikasida 2030-yilgacha urbanizatsiyani rivojlantirish Konsepsiyasini (keyingi oʻrinlarda – Konsepsiya) tasdiqlash toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori loyihasini kiritsin.
4. Quyidagilar:
a) Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi huzurida Urbanizatsiya agentligi (keyingi oʻrinlarda – Agentlik) tashkil etilsin uning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:
urbanizatsiyani tartibga solish sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish;
sanoatlashtirish siyosatining surʼatlari, bosqichlari va natijalarini uzoq muddatli rejalashtirish, shahar va qishloqlardagi uzoq muddatli demografik tendensiyalarni tahlil qilish, jadal sanoatlashtirish sharoitida shaharlarning demografik sigʻimlari hamda ishchi kuchiga boʻlgan ehtiyojlarini hisoblash;
“oʻsish polyuslari”ni aniqlash, boshqaruv markazlari joylarini tanlash, taʼlim, mehnat bozorini shakllantirish, ichki va tashqi migratsiya sohalaridagi siyosatni kelishish;
qishloq aholisini yangi sanoat ixtisosliklariga oʻqitish va qayta tayyorlashga qaratilgan qator institutsional va tashkiliy chora-tadbirlarni belgilashni nazarda tutuvchi, ishchi kuchining qishloqlardan shaharlarga harakatlanishini ragʻbatlantirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish;
ilgʻor, energiya tejovchi, ekologik toza texnologiyalar va materiallarni joriy etish asosida hamda ijtimoiy, muhandislik-kommunal va yoʻl-transport infratuzilmalarini qamrab olgan yoʻldosh-shaharlar bunyod etilishini hisobga olgan holda shahar aglomeratsiyalarini shakllantirishni boshqarish;
jahon amaliyotini hisobga olgan holda shahar aholisini joylashtirish tizimini kompleks rivojlantirishni tartibga solish, kichik, oʻrta, katta va yirik shaharlarning samarali nisbatini shakllantirish;
b) Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi huzuridagi Urbanizatsiyani rivojlantirish jamgʻarmasi(keyingi oʻrinlarda – Jamgʻarma) tashkil etilsin va uning asosiy faoliyat yoʻnalishlari etib quyidagilar belgilansin:
yer uchastkalarini xususiylashtirishdan tushadigan barcha mablagʻlarni jamlash;
Konsepsiya doirasida barpo etiladigan yangi shaharlar va yoʻldosh-shaharlarning bosh rejalari loyihalarini ishlab chiqish boʻyicha loyihalarni moliyalashtirish, shuningdek, ular uchun zarur boʻlgan muhandislik, transport va ijtimoiy infratuzilma obyektlari qurilishini moliyalashtirish;
keyinchalik tushgan mablagʻlarni jamlagan holda zarur infratuzilmalarga ega yer uchastkalarini auksion savdolari orqali sotish;
ipotekani kreditlashning yangi shakllarini ishlab chiqish va joriy etish, oʻrta va uzoq muddatli ipoteka obligatsiyalarini chiqarish hamda ularni institutsional investorlar orasida joylashtirish orqali ipoteka bozorini rivojlantirish, shuningdek, milliy ipoteka bozorini rivojlantirish maqsadida xalqaro moliya institutlari mablagʻlarini jalb qilish.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi Qurilish vazirligi, “OʻzshaharsozlikLITI” DUK, “ToshkentboshplanLITI” DUK va “Qishloqqurilishloyiha” MCHJ bilan birgalikda tabiiy-iqtisodiy salohiyatni aniqlash maqsadida yirik shaharlarga tutash aholi punktlarini inventarizatsiyadan oʻtkazishni taʼminlasin, amalga oshirilgan ishlar natijalariga koʻra 2019-yil 1-noyabrga qadar tizimli urbanizatsiya jarayoni amalga oshirilishini, yangi sanoat korxonalarining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasi obyektlari bilan kompleks joylashtirishni hisobga olgan holda oʻrta muddatli davrda yoʻldosh-shaharlarga aylantiriladigan aholi punktlari roʻyxatini shakllantirsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi va Agentlik tomonidan rejalashtirilgan aholini roʻyxatdan oʻtkazish ishlarining natijasi hamda xalqaro talablar boʻyicha urbanizatsiya darajasini hisoblash metodologiyasidan kelib chiqqan holda, shahar aholisining hisobini yuritish va statistik hisobotlarni takomillashtirishni taʼminlasin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi Agentlik, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari hamda manfaatdor idoralar bilan birgalikda 2019-yil 1-iyunga qadar 2020-2025-yillarda kompleks uy-joy qurish davlat dasturlarining asosiy prognoz parametrlarini tasdiqlash toʻgʻrisidagi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori loyihasini belgilangan tartibda kiritsin, unda quyidagilar nazarda tutilsin:
boʻsh turgan yer uchastkalari, yashash uchun yaroqsiz boʻlgan turar joylar hududlarini, shuningdek, foydalanilmayotgan yoki samarasiz foydalanilayotgan bino va inshootlarni, keyinchalik ularni infratuzilmaviy rivojlantirish va sotish uchun Jamgʻarmaga berishni nazarda tutgan holda, xatlovdan oʻtkazish;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Hukumatining ilgari qabul qilingan qarorlariga muvofiq amalga oshirilayotgan uy-joylar qurish boʻyicha amaldagi davlat dasturlarini bosqichma-bosqich maqbullashtirish, boʻshaydigan mablagʻlarni kompleks uy-joy qurish davlat dasturlari doirasida tegishli uy-joylarni qurishga yoʻnaltirish;
kompleks uy-joy qurish davlat dasturlarini ularga mos ravishda moliyalashtirish manbalari, qurilish materiallari resurslari hamda pudratchi qurilish tashkilotlari quvvatlari bilan taʼminlash;
qurilayotgan bino va inshootlarning muayyan qismini faqat muqobil energiya manbalari bilan jihozlash va taʼminlash boʻyicha majburiy talabni belgilash.
Belgilansinki, Jamgʻarmaga berilgan boʻsh turgan yer uchastkalari, yashash uchun yaroqsiz boʻlgan turar joy binolari hududlari, shuningdek, foydalanilmayotgan yoki samarasiz foydalanilayotgan bino va inshootlar xususiylashtirilgan hisoblanadi va keyinchalik belgilangan tartibda quruvchilarga sotilishi mumkin.
8. Belgilab qoʻyilsinki, Agentlik:
Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi bilan birgalikda Konsepsiyani amalga oshirish uchun qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkalarini tegishli hududlar va aholi punktlarining bosh rejalariga muvofiq aniqlaydi;
manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda Konsepsiya doirasida belgilangan yer uchastkalarida zarur muhandislik, transport va ijtimoiy infratuzilmani joylashtirish yuzasidan nazoratni taʼminlaydi.
9. Oʻzbekiston Respublikasida urbanizatsiyani tartibga solishni taʼminlash boʻyicha “Yoʻl xaritasi” ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Vazirlar Mahkamasi har chorakda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining Islohotlarni huquqiy taʼminlash va huquqni muhofaza qilish faoliyatini muvofiqlashtirish masalalari boʻyicha maslahatchisi boʻlinmalariga mazkur “Yoʻl xaritasi”ning ijro holati toʻgʻrisidagi axborotni kiritib borsin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tijorat banklari bilan birgalikda 2019-yil 1-aprelga qadar tadbirkorlik, isteʼmol, ipoteka va boshqa kreditlar yuzasidan bankka murojaat qilish joyi boʻyicha roʻyxatda turish majburiyligi haqidagi talabni bekor qiladigan kreditlashning yangi tartibini ishlab chiqsin va joriy etsin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda shartnoma asosida mustaqil konsultantlar va ekspertlarni, texnik koʻmak mablagʻlari va grantlarni jalb qilgan holda, urbanizatsiya sohasida eng muhim xalqaro reytinglar va indikatorlarning koʻrsatkichlari, ularni shakllantirish metodologiyalari chuqur oʻrganilishini taʼminlasin, shuningdek, koʻrsatilgan reytinglarda Oʻzbekiston Respublikasining oʻrnini yaxshilash boʻyicha takliflar kiritsin.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Adliya vazirligi ikki oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga:
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi huzuridagi Urbanizatsiyani rivojlantirish jamgʻarmasi faoliyatini, uning mablagʻlarini shakllantirish manbalari va ulardan foydalanish tartibini nazarda tutgan holda, tashkil etish toʻgʻrisidagi hukumat qarori loyihasini;
qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirishva qoʻshimchalar toʻgʻrisidagi takliflarni kiritsin.
13. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Matbuotva axborot agentligi va ommaviy axborot vositalariga mazkur Farmonning mazmun-mohiyati hamda unda belgilangan chora-tadbirlarning amalga oshirilishini keng yoritish tavsiya etilsin.
14. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh.Nizomiddinov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi oʻrinbosari B.M.Mavlonov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri, 2019-yil 10-yanvar