O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Isroil rivojlanishining uch ustunini Oʻzbekistonda qurish imkoniyatlari muhokama qilindi
2019-01-14 | Innovatsiya
Innovatsion rivojlanish vazirligida Isroilning kompaniyasining ijrochi direktori Rotem Gans (Rotem Ganz) va Isroil Oʻzbek savdo palatasining Bosh direktori Sari Svi (Sari Zvi) bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Mehmonlarni Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov, vazir oʻrinbosari Yoʻlbarsxon Mansurov qabul qildi, yigʻilishda vazirlikning boshqa masʼul xodimlari ham ishtirok etdi.
“TecTum” kompaniyasi tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida kichik va oʻrta biznes ehtiyojlarini, muammolarni va texnologik kamchiliklarni inobatga olgan holda munitsipal va mahalliy sheriklar bilan hamkorlik qiladi.
Kompaniya texnologik tahlil va tadqiqotlardan foydalanib, biznesning eng muhim ehtiyojlarini belgilovchi oʻsish sektorlarini yaratish uchun ekotizimning eng muhim ishtirokchilari, jumladan, mahalliy va federal hukumat vakillari, notijorat tashkilotlari bilan birgalikda oʻz faoliyatini olib boradi.
Koʻp yillar davomida kompaniya Isroil ekotizimining uch ustunini ˗ metodologiya, texnologiya, infratuzilmani aniqlash boʻyicha tadqiqotlar oʻtkazib kelmoqda. Endilikda esa ularni boshqa davlatlarga ham tatbiq etish orqali mamlakatlararo munosabatlarni yanada mustahkamlashga kirishmoqda.
˗ Isroil bilan Oʻzbekistonning oʻxshash tomonlari bisyor, ˗ dedi Rotem Gans. ˗ Deylik, bizda ham, sizning yurtingizda ham suv tanqisligi mavjud. Shu bilan birga hamisha navqiron xalqimiz bor. Isroil juda qisqa muddatlarda texnologiyalar orqali oʻz iqtisodini tiklab oldi, dunyodagi innovatsiyalarni turli sohalarga tatbiq qilish orqali rivojlangan mamlakatlar qatoriga qoʻyildi. Oʻylaymanki, Oʻzbekistonga ham Isroil tajribasini joriy qilish orqali turli sohalarda muvaffaqiyatlarga erishish mumkin. Isroillik investorlarni Oʻzbekistondagi muayyan soha vakillari bilan hamkorligi, rivojlangan mamlakatlarda ijobiy natijalar bergan texnologiyalarni transfer qilish orqali yurtingiz rivojlanishiga hissa qoʻshishga umid qilamiz.
Muzokaralar davomida respublikamiz qishloq xoʻjaligi va sanoatidagi mavjud muammolarni isroillik kompaniya vakillari ishtirokida hal qilish masalalari muhokama qilindi. Xususan, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining unumdorligini, ishlab chiqarish samaradorligini oshirish maqsadida mavjud kamchiliklar, muammolarni aniqlash, ularni tahlil qilish va ularni yechishning qadamma-qadam rejasini ishlab chiqish zaruriyati bugungi kun talabi ekanligi qayd etildi.