O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
“Aʼlo taʼtil” loyihasi yakunlandi
2019-01-11 | Jamiyat
Mamlakatimizning faol, tirishqoq va aʼlochi oʻquvchilarini Surxondaryodagi “Xalqaro yoshlar oromgohi”da birlashtirgan “Aʼlo taʼtil” loyihasiga bugun yakun yasaldi. Xalq taʼlimi vazirligi hamda Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi hamkorligida tashkil etilgan loyihada respublikada saralangan 192 aʼlochi oʻquvchi ishtirok etib, maroqli taʼtil oʻtkazdi.
Taqdirlash marosimi doirasida oʻquvchi yoshlar va oʻz kasbining bilimdon mutaxassislari ishtirokida “Aʼlo kasbim” loyihasi boʻlib oʻtdi. Unda yoshlar uchuvchi, tankchi va razvedkachilar hamda mohir jurnalistlar bilan uchrashdi.
— Bunday kasb uchrashuvida birinchi bor ishtirok etishim, — deydi “Dreamliner” kapitani Ulugʻbek Ishmahmedov. — Bu uchrashuvda kasbga yoʻnaltiruvchi yangi platforma ishga tushdi, deb aytishimiz mumkin. Yoshlar ittifoqi tomonidan tashkil etilgan mazkur platforma yoshlarga turli kasblar, ularning yutuqli va masʼuliyatli tomonlari haqida maʼlumot beradi. Men ham bolalikdan “orzular kemasi”ni boshqarishni orzu qilganman. Hamma uchuvchilar orzusi boʻlgan vazifa — Prezidentimiz safarga uchgan samolyotni boshqarish baxtiga muyassar boʻlganman. Bugungi uchrashuv ishtirokchilari orasida uchuvchi boʻlishni orzu qilayotgan yoshlar borligidan quvondim.
Uchrashuvda oʻquvchilar mohir kasb egalariga oʻzlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qildilar.
Loyihaning taqdirlash marosimi oʻquvchi-yoshlar uchun doʻstlik va birdamlik festivaliga aylandi. Har bir ishtirokchi tashkilotchilar tomonidan ragʻbatlantirildi.
— Bu yilgi qishki taʼtil xotiramda abadiy saqlanib qoladi, — deydi sirdaryolik Yorqinjon Hayitboyev. — “Aʼlo taʼtil” loyihasi doirasida oʻtkazilgan uchrashuvlar, mahorat darslari, madaniy hordiq va turli sayohatlar bizni bir kuch boʻlishga, birgalikda katta marralarni egallashga ruhlantirdi. “Mening ijod mahsulim” media-festivali esa koʻplab ijodkor va yangi gʻoyalarga boy tengdoshlarimni kashf qilish va hududlarda maktab oʻquvchilari hayoti bilan tanishishga imkon yaratdi. Yurtimizning barcha oʻquvchilarini, tengdoshlarimni bu chorakda ham aʼlo baholarga oʻqib, Yoshlar ittifoqi hayotida faol ishtirok etib, bahorgi taʼtilda “Aʼlo taʼtil” loyihasida ishtirok etishga chorlab qolaman.
2019-yilning qishki taʼtiliga moʻljallangan “Aʼlo taʼtil” loyihasi oʻquvchi-yoshlarni barcha fanlardan aʼlo baholarga oʻqishga, faol va tashabbuskor boʻlishga undadi.