O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
“Innovatsion gʻoyalar yetakchisi” koʻkrak nishoni kimlarga beriladi?
2019-01-10 | Innovatsiya
Oʻtgan “Faol tadbirkorlik, innovatsion gʻoyalar va texnologiyalarni qoʻllab-quvvatlash” yilida "Innovatsion gʻoyalar yetakchisi" koʻkrak nishoni taʼsis etilgan boʻlib, u innovatsion gʻoya va texnologiyalarni rivojlantirish va ularni amaliyotga tatbiq etishga munosib hissa qoʻshgan yosh olimlar va talabalar hamda tashabbuskor fuqarolarning innovatsion faoliyatini ragʻbatlantirish va erishgan yutuqlarini munosib taqdirlash maqsadida beriladi.
Eslatib oʻtmoqchimiz, koʻkrak nishoni bilan taqdirlashga oid dastlabki takliflar davlat va nodavlat notijorat tashkilotlari, tadbirkorlik subyektlari tomonidan har yili 1 apreldan 30 aprelgacha tuman (shahar) hokimliklarida tuzilgan komissiyaga taqdim etiladi.
Ushbu komissiyalar takliflarni oʻrganib chiqib, koʻkrak nishoni bilan taqdirlashga nomzodlar boʻyicha tavsiyalarni har yili 1 iyungacha tegishlicha hokimliklarga taqdim etadi.
Taqdirlanishga tavsiya etilgan oliy taʼlim muassasalari talabalarining hujjatlari oliy taʼlim muassasasida tuzilgan komissiyalar tomonidan oʻrganib chiqilib, OTM ilmiy kengashining tegishli qarori bilan tasdiqlanadi va taqdirlash boʻyicha tavsiyalar har yili 1 iyungacha oliy taʼlim muassasasi rektorining yoʻllanma xati bilan toʻgʻridan-toʻgʻri tegishlicha hokimliklarga taqdim etiladi.
Har yili 1 iyulgacha Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi va Oʻzbekiston Yoshlar ittifoqi tomonidan qoʻshma komissiya tashkil etiladi. Unda koʻkrak nishoni bilan taqdirlashga tavsiya qilingan nomzodlar boʻyicha hujjatlar koʻrib chiqiladi va har yili 31 avgustgacha yakuniy xulosa qabul qilinadi.
Koʻkrak nishoni bilan mukofotlash toʻgʻrisida har yili 15 sentyabrgacha Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi va Oʻzbekiston yoshlar ittifoqining qoʻshma qarori qabul qilinadi.
Koʻkrak nishoni bilan taqdirlangan shaxslar eng kam oylik ish haqining yigirma baravari miqdorida bir yoʻla toʻlanadigan pul mukofoti bilan taqdirlanadilar. Koʻkrak nishoni va mukofot har yili oktyabr oyida oʻtkaziladigan Innovatsion gʻoyalar haftaligi — "InnoWeek" doirasida Oʻzbekiston Respublikasi innovatsion rivojlanish vaziri va Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy kengashi raisi tomonidan tantanali ravishda topshiriladi.