O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Qoʻmita parlament nazoratidan unumli foydalandi
2019-01-09 | Jamiyat
2019-yil 9-yanvar kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida Sanoat, qurilish va savdo masalalari qoʻmitasi tomonidan 2018 yildagi faoliyat yakunlariga bagʻishlangan matbuot anjumani tashkil etildi.
Unda parlament quyi palatasi deputatlari, mazkur qoʻmita huzurida tuzilgan ekspertlar guruhi aʼzolari hamda jurnalistlar qatnashdi.
Matbuot anjumanida Harakatlar strategiyasini “Faol tadbirkorlik, innovatsion gʻoyalar va texnologiyalarni qoʻllab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturida hamda Prezidentimizning Oliy Majlisga Murojaatnomasida belgilangan ustuvor vazifalar doirasida parlament aʼzolari oʻz faoliyatini olib borgani qayd etildi. Bunda xalqimizning taklif va tavsiyalari, shuningdek, joylarda deputatlar tomonidan oʻtkazilgan oʻrganishlar natijalari muhim manba boʻlib xizmat qildi.
Binobarin, hisobot davrida qoʻmita tomonidan mazkur oʻrganishlar va tizimli faoliyat natijasida bir qator qonun hujjatlari ishlab chiqildi, tegishli hujjatlarga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritildi. Xususan, “Avtomobil yoʻllari toʻgʻrisida”gi hamda “Tashuvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritishni nazarda tutgan qonunning qabul qilinishi yoʻl xoʻjaligini boshqarishning samarali tizimini shakllantirish, ularni moliyalashtirish tizimini, tashuvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurtalash mexanizmini takomillashtirish, mazkur sohada tashuvchilarga yanada qulay shart-sharoitlar yaratish hamda yoʻlovchilarning qonuniy manfaatlarini muhofazalashni kuchaytirishga xizmat qiladi.
Qoʻmita 2018-yilda qonun ijodkorligi samaradorligini oshirish, tayyorlanayotgan qonun loyihalari sifatini yaxshilash, ularni tayyorlashda mutaxassislar, olimlar, amaliyotchilar va keng jamoatchilikni jalb etgan holda muhokama qilish, parlament nazoratining muhim shakllari – parlament soʻrovi, deputatlik soʻrovi, parlament eshituvlarini oʻtkazish, sohadagi qonun hujjatlari va Davlat dasturining ijrosini nazorat qilish kabi masalalarga ham alohida eʼtibor qaratdi.
Qoʻmita 15 ta qonun loyihasini va 1 ta palata qarorini Qonunchilik palatasi muhokamasiga kiritdi. Shulardan 4 tasi bevosita qoʻmita aʼzolarining qonunchilik tashabbusi huquqi asosida tayyorlangan.
Hisobot davrida qonun loyihalari muhokamasiga qaratilgan 54 ta ishchi guruh yigʻilishi oʻtkazildi. Ularda ekspertlarning ishtiroki taʼminlangani qonun loyihalarining pishiq-puxta tayyorlanishida muhim omil boʻldi.
“Parlament nazorati toʻgʻrisida”gi qonunga binoan, 2018-yil davomida davlat organi rahbarlarining 8 ta eshituvi hamda qonun talablari, qonunosti hujjatlarining ijrosi boʻyicha 6 ta nazorat-tahlil tadbiri tashkil etildi. Xususan, qoʻmitada “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlarining Navoiy viloyatida amalga oshirilishi, “Har bir oila – tadbirkor” davlat dasturining Xorazm viloyatidagi ijrosi yuzasidan hamda “Oʻzbekneftgaz” AJ raisi oʻrinbosarining “Tabiiy va suyultirilgan gazdan oqilona hamda samarali foydalanishning holati va istiqbollari toʻgʻrisida”gi axborotlar eshitilishi joylarda mavjud muammolarning yechimini taʼminlash maqsadida qonun hujjatlariga, qolaversa, Hukumat qarorlariga tegishli oʻzgartishlar kiritishga erishildi.
Xususan, qoʻmita tashabbusi bilan Bosh vazir oʻrinbosariga “Aholini gaz va elektr energiyasi bilan taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar va bu sohadagi mavjud muammolarni bartaraf etish boʻyicha koʻrilayotgan choralar toʻgʻrisida”gi yuborilgan parlament soʻroviga berilgan javobda koʻtarilgan muammolar Hukumat tomonidan bartaraf qilish choralari belgilangani eʼtirof etildi.
Bundan tashqari, oʻtgan davrda qoʻmita aʼzolari tomonidan davlat boshqaruvi organlari va xoʻjalik organlari mansabdor shaxslariga 45 ta deputat soʻrovi ham yuborildi. Ular orqali fuqarolarni oʻylantirib kelayotgan bir qator masalalarga yechim topildi.
Qoʻmita 2018-yilda sohaning huquqiy bazasini takomillashtirish, vakolatlari va samarali faoliyat yuritishi mexanizmlarini kengaytirishga qaratilgan ishlar taʼsirchanligini oshirish maqsadida markazda va joylarda turli tadbirlar, turkum konferensiyalar, davra suhbatlari va seminarlar oʻtkazishga alohida eʼtibor qaratdi. Shu maqsadda 45 ta davra suhbati, 17 ta seminar hamda 2 ta konferensiya tashkil etildi. Shuningdek, qoʻmitaning ish rejasiga kiritilmagan boshqa 48 ta tashkiliy-amaliy tadbirda ishtirok etildi.
Yil davomida qoʻmita aʼzolari tomonidan dolzarb ahamiyatga ega masalalar yuzasidan ommaviy axborot vositalarida 1713 marotaba chiqish qilindi.
Shuningdek, qoʻmita aʼzolari oʻz faoliyati davomida sanoat va ishlab chiqarish korxonalariga tashrif buyurib, ularning erishgan natijalari bilan birga, mavjud muammolarni aniqlash, ularning yechimi yuzasidan qonunchilikka tegishli oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish amaliyotini yoʻlga qoʻydilar. Hisobot davrida qoʻmita aʼzolarining 25 ta sanoat va ishlab chiqarish korxonalariga ana shunday tashrifi tashkil etildi.
Qoʻmita fuqarolar murojaatlarini koʻrib chiqish boʻyicha faoliyatga ham jiddiy eʼtibor qaratdi. Qoʻmitaga kelib tushgan 703 ta murojaat atroflicha koʻrib chiqilib, ularda koʻtarilgan muammolarni hal etish uchun tegishli davlat organlari, tashkilotlar, muassasalar va mansabdor shaxslarga yuborildi.
Joylarda qoʻmita aʼzolari ishtirokida 65 marotaba fuqarolar qabuli tashkil qilindi.
Matbuot anjumanida qoʻmita aʼzolari jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga batafsil va toʻliq javob qaytardilar.