O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Direktor oʻrinbosarlari uchun oʻquv-seminari tashkil etildi
2019-01-09 | Ta’lim
Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan joriy yilning 8-yanvar kuni oʻquv ishlari boʻyicha direktor oʻrinbosarlarining masʼuliyatini kuchaytirish maqsadida Toshkent shahar xalq taʼlimi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazida amaliy seminar tashkil etildi.
Mazkur oʻquv-seminarni tashkil etishdan asosiy maqsad, taʼlim sifatini baholash sohasidagi xalqaro dasturlar va tadqiqotlar (PISA, TIMSS, PIRLS), taʼlim-tarbiya jarayoni bilan bogʻliq boʻlgan huquqiy-meʼyoriy oʻzgarishlar, oʻquv jarayonini boshqarish boʻyicha oʻquv ishlari boʻyicha direktor oʻrinbosarlarining malakasini oshirishdan iborat.
Seminarda Toshkent shahri va Toshkent viloyatidan 150 nafardan ortiq oʻquv ishlari boʻyicha direktor oʻrinbosarlari qatnashdi. Shuningdek, oʻquv-seminarda Xalq taʼlimi vazirligi rahbariyati, boshqarma va boʻlim boshliqlari hamda mutaxassis xodimlari tomonidan soʻnggi yillarda taʼlim sohasida amalga oshirilgan islohotlar, taʼlim-tarbiya jarayonini sifatli tashkil etish va huquqiy-meʼyoriy hujjatlarga kiritilgan oʻzgarishlar haqida mahorat darslari tashkil etildi.
Xususan, taʼlim jarayonini sifatli tashkil etishda oʻquv ishlari boʻyicha direktor oʻrinbosarlarining masʼuliyati, oʻquv-tarbiya jarayonini tashkil etish boʻyicha huquqiy-meʼyoriy hujjatlarga kiritilgan oʻzgarishlar, taʼlim sifati va samaradorligini taʼminlash hamda unga taʼsir etuvchi omillar, maktablarda byudjetdan tashqari mablagʻ topish va pullik taʼlim xizmatlarini tashkil etish, maktablarga oʻquvchilar qabuli kabi mavzularga alohida eʼtibor qaratildi.
Oʻquv-seminar doirasida har bir hududda iqtidorli oʻquvchilar uchun “Prezident maktablari”, jumladan, “Zamonaviy maktab” dasturi ishlab chiqilishi, tarmoq maktablari va davlat-xususiy sherikchilik asosida nodavlat taʼlim muassasalari tashkil etilishi toʻgʻrisida hamda oʻquvchilarni mustaqil fikrlashga undaydigan Davlat taʼlim standartlari oʻquv dasturlari hamda oʻquv rejalarini takomillashtirish boʻyicha takliflar berilib, muhokama qilindi.