O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasining rasmiy axboroti
2019-01-08 | Jamiyat
Respublikamiz ayrim hududlarida avtomobillarga xizmat koʻrsatuvchi siqilgan va suyultirilgan gaz bilan toʻldirish shoxobchalarida oʻtgan yilning dekabr oyiga nisbatan joriy yilning 4-yanvarida 1 m3 metan gaz narxi 1900 soʻmdan 2200 soʻmgacha, yaʼni 300 soʻmgacha hamda 1 litr propan gazning narxi 200 soʻmdan 500 soʻmgacha oshganligi kuzatildi. Ayniqsa, bunday holat Toshkent shahri, Fargʻona va Toshkent viloyatlarida kuzatilmoqda.
Davlat soliq qoʻmitasi tomonidan tanlov asosida bir qancha metan gaz quyish shoxobchalarining faoliyati tahlil qilinganda, 2018 yilning 9 oyida 1 m3 metan gazning oʻrtacha narxi 1650 soʻmdan sotilgan boʻlsa, 4 chorakka kelib 1950 soʻmgacha oshirilgan. Joriy yildan boshlab esa hech qanday asossiz ravishda 1900 soʻmdan oshirilib, 2200 soʻmgacha sotilmoqda.
Natijada gaz quyish shoxobchalarining rentabellik darajasi 2018-yilning 9 oyligidagi 20-29 foizdan 45-60 foizgacha oshgan. Agar ushbu shoxobchaning rentabellik darajasi 30-36 foiz miqdorida saqlangan holatda narx 1800-1900 soʻmdan oshmasligi kerak edi.
Davlat soliq qoʻmitasi hisobida, 2019-yilning 1-yanvaridan amaldagi soliq konsepsiyasi doirasida 1 m3 metan gazning narxi bor yoʻgʻi 210 soʻmgacha oshishi ham inobatga olingan.
Jumladan, gaz uchun aksiz soligʻi kiritilishi hisobiga 55 soʻm, yagona soliq toʻlov oʻrniga qoʻshilgan qiymat soligʻi, mol-mulk, yer soligʻi va foyda soligʻi kiritilishi natijasida 155 soʻm oshishi mumkin edi.
Bundan koʻrinib turibdiki, daromadlilik va rentabellik darajasini yuqori miqdorlarda saqlash maqsadida ayrim gaz toʻldirish shoxobchalari asossiz ravishda narxlarni oshirishga urinmoqda.
Xulosa qilib aytadigan boʻlsak, joriy yilning 1-yanvaridan soliq oʻzgarishlari natijasida narxlarni oʻzgartirmasdan faoliyat koʻrsatilganida ham gaz quyish shoxobchalarining rentabellik darajasi 25-30 foizni tashkil etadi. Bu oʻz navbatida, iqtisodiyot tarmogʻidagi rentabellik darajasi boʻyicha eng yuqori koʻrsatkichlardan birini tashkil etmoqda.
Davlat soliq xizmati organlari tomonidan asossiz ravishda narxlarni oshirishga urinadigan “tadbirkorlar” faoliyati nazorat qilib boriladi.