O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Oʻzbekiston Respublikasi moliya vazirligi “Ishonch telefoni“ faoliyatini baholash statistikasi
2019-01-07 | Jamiyat
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi “Ishonch telefoni”ga 2018 yil davomida jami 690 ta murojaatlar kelib tushgan, shundan 2018 yilning 25 dekabr holatida 673 ta murojaatlar koʻrib chiqilgan, 17 ta murojaatning koʻrib chiqish muddatlari mavjud.
Mazkur murojaatlardan 275 tasi ijobiy hal etilgan (qanoatlantirilgan), 390 ta murojaatga qonunchilik doirasida tushuntirishlar berilgan hamda 8 ta murojaat koʻrmasdan qoldirilgan (ilgarigi murojaatini qaytarib olish yoki koʻrmasdan qoldirishni soʻrash haqidagi arizasiga koʻra va anonim murojaatlar).
Jumladan, ish haqi boʻyicha masalalar 355 ta, nazorat taftish masalasida 76 ta, ijtimoiy nafaqalar boʻyicha 52 ta, pensiyaga oid masalalarda 38 ta, soliq, sugʻurta va boshqa masalalarda 169 ta murojaatlar kelib tushgan.
Vazirlik “Ishonch telefoni”ga kelib tushgan murojaatlar maʼsul xodim tomonidan zudlik bilan “mf.ijro.uz” dasturiga kiritilib rahbariyat hamda tegishli mutaxassislarga etkazilmoqda. Murojaatda koʻtarilgan masalalar imkon qadar ijobiy hal etilib, bu haqda muallifga telefon orqali hamda oʻrnatilgan tartibda yozma maʼlum qilinmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining 2017 yil 18 avgustdagi 431-sonli “Davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlarida “Ishonch telefoni” faoliyati samaradorligini baholash metodikasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi buyrugʻiga asosan Moliya vazirligining “Ishonch telefoni”ga IVR-mijoz tizimi tomonidan telefon klaviaturasida tonal terish yordamida kiritilgan maʼlumotlarni ishlatib, “Ishonch telefoni”ga qoʻngʻiroqlarni marshrutlashtirish funksiyasini amalga oshiruvchi oldindan yozib olingan ovozli xabarlar tizimini oʻrnatish boʻyicha AK “Oʻzbektelekom” bilan shartnomalar tuzildi va “Ishonch telefoni”ga IVR-mijoz tizimi oʻrnatildi.
Shunga koʻra ushbu tizim imkoniyatlari doirasida “Ishonch telefoni” faoliyatini baholash imkoniyati mavjud. Operator bilan suhbatdan soʻng suhbat jarayonini 1 dan 5 gacha ballda baholanadi. “Ishonch telefoni”ga boʻlgan qoʻngʻiroqlarni baholash statistikasiga koʻra “Ishonch telefoni” faoliyati jami 73 kishi tomonidan baholangan. 55 kishi 5 ballga, 5 kishi 4 ballga, 5 kishi 3 ballga, 3 kishi 2 ballga, 5 kishi 1 ballga baholagan.
Bugungi kunda Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini koʻrib chiqishda asosiy etibor murojatlarni har tomonlama, sinchkovlik bilan oʻrganishga qaratilgan boʻlib, koʻp hollarda, rahbariyat topshirigʻiga asosan, qoʻyilgan muammo yoki shikoyatlarni joylarga chiqib oʻrganish amaliyoti joriy etildi.