O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Is gazidan ehtiyot boʻling!
2019-01-05 | Jamiyat
Statistik maʼlumotlarga koʻra, respublikada soʻnggi uch yil ichida kuzgi-qishki isitish mavsumida sodir boʻlayotgan favqulodda vaziyatlarning aksariyati is gazidan zaharlanish holatlari bilan bogʻliq. Maʼlumki is gazi (SO) rangsiz, hidsiz zaharli birikma boʻlib, tabiiy gaz, yoqilgʻi, koʻmir, oʻtin choʻgʻlari toʻliq yonmasligi oqibatida hosil boʻladi. Tutun tarkibida 3%, ishlangan gazda 13%, portlovchi gazlar tarkibida esa 50-60% gacha is gazi boʻladi.
Is gazidan shamollatish tizimi yaxshi ishlamaydigan organik moddalarni ishlab chiqaradigan korxonalarda, avtoulovlar turar parklarda, yangi boʻyalgan va shamollatilmagan xonalarda, shuningdek uy sharoitlarida tabiiy gaz chiqib turganda va pechka bilan isitiladigan uylar, hammomlarda, dam olish palatkalarida yonuvchi moddaning toʻliq yonmasligi natijasida zaharlanish mumkin.
Is gazi organizmga nafas aʼzolari orqali taʼsir etadi. Ushbu gaz gemoglobin bilan kislorodga nisbatan 300 marotaba kuchli birikma - karboksigemoglobin hosil qiladi. Oqibatda gemoglobinning toʻqimalarga kislorod tashish xususiyati keskin pasayib, gipoksiyaga, ogʻir holatlarda esa - anoksiyaga olib kelishi xamda shu tariqa inson hayotdan koʻz yumishi mumkin.
Tahlillarga koʻra, is gazidan zaharlanish holatlarining aksariyati quyidagi sabablarga koʻra yuzaga kelmoqda:
Fuqarolar tomonidan gaz va muqobil yoqilgʻi (koʻmir, oʻtin va boshqa) turlaridan foydalanishda xavfsizlik qoidalariga rioya etmaslik;
Nostandart (qoʻlbola yasalgan) yoki sertifikatga ega boʻlmagan isitish pechlari va anjomlaridan foydalanish;
Isitish pechlarining dudburonlarini notoʻgʻri oʻrnatish;
Gaz yoki boshqa muqobil yoqilgʻiga moslashtirilgan isitish pechlari hamda suyultirilgan uglevodorod gaz balonlarini (anjomlari)ni dam olish (uxlash) xonalariga olib kirish;
Havo almashmaydigan xonalarni isitishda ochiq olov (koʻmir va oʻtin choʻgʻlari)dan foydalanish;
Havoni almashtiruvchi shamollatish shaxtalari yoki tuynuklarni berkitib (toʻsib) qoʻyish.
Yuqorida koʻrsatib oʻtilgan sabablarga koʻra isitish uchun foydalanilayotgan yoqilgʻi (gaz, koʻmir, oʻtin va boshqa)ni chala yonishi natijasida is gazi hosil boʻladi.
Yuqoridagi sabablarni kelib chiqishiga yoʻl qoʻymang. Is gazidan zaharlanishdan ogoh boʻling.